Senatning ellik ikkinchi yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 2271-moddasiga o‘zgartirish kiritish to‘g‘risida”gi qonun ko‘rib chiqildi. Qonun quyi palata tomonidan 2-aprel kuni qabul qilingandi.

Qonun bilan Soliq kodeksiga fiskal huquqbuzarliklar sodir etganlik uchun qo‘llaniladigan moliyaviy sanksiyalar kamaytirilishini nazarda tutuvchi qo‘shimchalar kiritilmoqda.

Jumladan, fiskal belgilarni aks ettirish yoxud avtomatlashtirilgan hisobga olish o‘lchov vositalari bilan jihozlash yoki soliq organlarining axborot tizimlari bilan integratsiya qilinishini ta’minlash bo‘yicha qonunchilikda belgilangan talablarni yoki tartibni buzish, shuningdek, tovarlarni (mahsulotlarni) ishlab chiqaruvchilar, import qiluvchilar va sotuvchilar tomonidan identifikatsiya vositalari orqali majburiy raqamli markirovkalash tartib-qoidalariga oid huquqbuzarliklar birinchi marta sodir etilganda jarima miqdori oxirgi hisobot choragida olingan sof tushumning ikki foizini tashkil etadi.

Mazkur huquqbuzarlik moliyaviy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takroran sodir etilsa, jarima miqdori yigirma foizni tashkil etishi belgilanmoqda.

Avval tadbirkorlar ushbu qonun buzilish holati uchun oxirgi hisobot choragida ega bo‘lgan sof tushumni jarima shaklida to‘lashga majbur bo‘layotgan edi. Endilikda fiskal tartib-qoidalarga oid huquqbuzarliklar uchun qo‘llaniladigan moliyaviy jarima miqdori qariyb 98 foizga qisqartirilmoqda.

Tahlillarga ko‘ra, 2022−2023-yillarda amaldagi Soliq kodeksining 2271-moddasi asosan huquqbuzarlik sodir etgan 1519 ta tadbirkorlarga nisbatan 735 mlrd so‘m moliyaviy jarimalar qo‘llanilgan.

Muhokama yakunida qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Soliq maslahatchilari va tadbirkorlarning ta’kidlashicha, soliq organlari savdo va ovqatlanish korxonalarini R-Keeper, Jowi, iiko va boshqa tizimlarning ichki hisobga olish dasturlaridan foydalanganliklari uchun kassa apparatlari, ya’ni soliq organlari tizimi bilan integratsiyalashmagani uchun jarimaga tortishgan.

Fevral oyi o‘rtalarida umumiy ovqatlanish va savdo sohalaridagi biznes vakillari bilan uchrashuvda Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vahobov tadbirkorlarga qo‘llangan jarimalar miqdorini kamaytirish rejalashtirilganini ma’lum qilgandi. Shuningdek, u jarimani to‘liq to‘laganlar summaning 98 foizi qaytarilishiga ishontirgandi. Xabar qilinishicha, jami 400 mlrd so‘mlik jarimalarni hisobdan chiqarish rejalashtirilgan.

Fevral oxirida Shavkat Mirziyoyev fiskal belgilar va tovarlarni markalash bilan bog‘liq huquqbuzarliklar uchun biznes uchun moliyaviy sanksiyalarni yumshatish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Farmonda bir oy ichida tuzatishlar loyihasini ishlab chiqish topshirilgandi.