Senatning ellik ikkinchi yalpi majlisida senatorlar tomonidan Umra ziyoratiga oid “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun ko‘rib chiqildi.

Majlisda so‘zga chiqqan senatorning ta’kidlashicha, turizm faoliyati bilan shug‘ullanayotgan ayrim tadbirkorlar Umra safariga ketish haqidagi reklamalarda berilayotgan va’dalarini bajarmayapti, manzilga yetib borganda mehmonxonalar bilan bog‘liq muammolar uchramoqda, ko‘p hollarda esa ziyoratchilar borish-kelishda samolyot reyslarining belgilangan sanadan kechikishidan shikoyat qilishmoqda. Bir so‘z bilan aytganda ularning huquqlari poymol etilmoqda.

Foto: SenatFoto: Senat

Bundan tashqari ayrim tadbirkorlar tomonidan Umra ziyoratini amalga oshirishda diniy amallarni o‘rgatish hamda ziyoratchilarga hamrohlik qilish uchun diniy sohada yetarli malaka va tajribaga ega bo‘lmagan ellikboshini yollash holatlari ham uchramoqda.

Misol uchun, arzon ishchi kuchini mo‘ljallab, Saudiya Arabistonida tahsil olayotgan o‘zbekistonlik talabalar yoki Madina va Makka shaharlarida yashayotgan fuqarolarni ellikboshi sifatida yollashmoqda.

“Bu esa o‘z navbatida bizning azaliy qadriyatlarimiz va e’tiqodlarimizga zid bo‘lgan turli adabiyotlar bilan ziyoratchilarimizni tanishtirish, an’anaviy ziyoratlardan chetga chiqqan holda, vatandoshlarimizga yod bo‘lgan turli ziyorat amallarini bajarishga undashga olib kelmoqda”, — dedi senator.

Ma’lum qilinishicha, yuqorida qayd etilgan muammolarni bartaraf etish hamda ziyoratchilar Umra amallarini munosib va xavfsiz bajarishlari uchun munosib shart-sharoitlar yaratish, xorijda ularning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish va kafolatlangan xizmatlardan foydalanishini ta’minlash maqsadida ushbu qonun ishlab chiqildi. Qonun 5 ta moddadan iborat bo‘lib, uning tashabbuskori Vazirlar Mahkamasi hisoblanadi.

Muhokama etilayotgan qonun bilan “Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari to‘g‘risida”gi va “Davlat boji to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunlariga bir qator o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda. Jumladan, “Davlat boji to‘g‘risida”gi Qonun bilan tasdiqlangan ilovaning 28-bandiga tegishli o‘zgartirish kiritilib, Umra tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazish bo‘yicha yangi litsenziyalanadigan faoliyat turi joriy etilmoqda. Bunda ushbu litsenziya O‘zbekiston Respublikasi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasi tomonidan berilishi belgilanmoqda. Ya’ni mazkur sohada Qo‘mita vakolatli organ hisoblanadi. Ushbu litsenziyani olish uchun bazaviy hisoblash miqdorining 10 baravarida davlat boji ham belgilanmoqda.

сенат, умра

Shuningdek, senator amaldagi normativ-huquqiy hujjatlarda davlat xaridlari elektron tizimi operatorlar faoliyatini tartibga solish jarayonlarining yetarlicha qamrab olinmagani, soha rivojiga salbiy ta’sir ko‘rsatib kelayotganini ta’kidladi.

Mazkur qonun bilan amalga oshirilishi uchun ruxsat va tegishli hujjatlarni talab etadigan faoliyat turlari qatoriga Davlat xaridlari elektron tizimi operatori faoliyatini amalga oshirganlik uchun ham ruxsatnoma olish qo‘shimcha sifatida kiritilmoqda.

Shuningdek, litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari sohasidagi huquqbuzarliklar uchun yuridik shaxslarga solinadigan jarimalar qatoriga qo‘shimchalar kiritilmoqda.

Xususan, Umra tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazishning qonuniyligini ta’minlash maqsadida bu faoliyatni litsenziyasiz amalga oshirganlik yoki litsenziyalarni qalbaki hujjatlardan foydalangan holda olganlik uchun bazaviy hisoblash miqdorining 200 baravari miqdorida jarima belgilanmoqda.

Bundan tashqari, davlat xaridlari elektron tizimi operatori faoliyatida ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatsiz faoliyatni amalga oshirganlik yoki ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlarni qalbaki hujjatlardan foydalangan holda olganlik uchun ham xuddi shu miqdorda jarima kiritilmoqda.