18-may soat 10:00 holati bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm, Samarqand, Qashqadaryo, Buxoro va Toshkent viloyatlaridagi 66 ming 750 ta iste’molchi hamda kichik ishlab chiqarish sanoat korxonalari elektr ta’minotidan vaqtinchalik uzildi. Bu haqda Energetika vazirligi xabar qildi.

Bunga mamlakat bo‘ylab yuz bergan kuchli yomg‘ir va shamol natijasida 6−10 kVli 190 ta fider 274 MVt quvvat bilan avariyaviy o‘chishi sabab bo‘lgan.

“Hozirgi vaqtda murakkab ob-havo sharoitiga qaramasdan, maxsus brigadalar tomonidan barcha nosozliklar bartaraf etilmoqda. Keltirilgan noqulayliklar uchun iste’molchilardan uzr so‘raymiz”, — deyiladi vazirlik xabarida.