Senatning ellik ikkinchi yalpi majlisida “Sport sohasida korrupsiyaning oldini olish maqsadida O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun muhokama qilindi.

Qonun bilan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga sport musobaqalari ishtirokchilari va tashkilotchilarining qonunga xilof ravishda moddiy qimmatliklar olgani yoki mulkiy manfaatdor bo‘lgani, shuningdek, sport musobaqalari ishtirokchilari va tashkilotchilarini pora evaziga og‘dirib olganlik uchun javobgarlikni belgilovchi qo‘shimchalar kiritilmoqda.

Birinchidan, sport musobaqalari ishtirokchilari va tashkilotchilarining qonunga xilof ravishda moddiy qimmatliklar olishi yoki mulkiy manfaatdor bo‘lishi bilan bog‘liq qilmish uchun javobgarlik belgilanib, yangi prim-modda (214−1-modda) kiritilmoqda.

Ikkinchidan, sport musobaqalari ishtirokchilari va tashkilotchilarini pora evaziga og‘dirib olganlik uchun yangi kiritilgan 214−2-moddaga asosan javobgarlik nazarda tutilmoqda.

Muhokama yakunida qonun senatorlar tomonidan bir ovozdan ma’qullandi.