Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi Toshkent shahrida atmosfera havosi ifloslanishi yuzasidan ma’lumot berdi. Unda aytilishicha, shaharda PM2,5-mayda zarrachalarining oshishiga asosiy sabab tabiiy chang hisoblanadi.

Respublikada havoning chang bilan ifloslanishi tabiiy (quruq iqlim, qumli va qumloq tuproqlar) va antropogen (transport, sanoat, qurilish tashlamalari) omillarga bog‘liq. Kuchsiz shamollar, harorat inversiyasi, atmosfera havosining turg‘unligi havoning tabiiy ifloslanishi uchun sharoit yaratadi, deyiladi xabarda.

Vazirlik O‘zbekistonning tabiiy xususiyatlari sabab atmosfera havosida chang miqdori (muallaq zarrachalar) yuqori ekanini ma’lum qildi. Jahon banki bilan shahar havosi sifatini baholash loyihasi doirasidagi o‘rganishlar PM2,5-mayda dispers zarrachalarining shakllanishida tabiiy changni asosiy sabab sifatida ko‘rsatgan — 36 foiz. Undan tashqari, issiqlik ta’minoti (24 foiz), transport vositalari (16 foiz) va sanoat korxonalari (13 foiz) ham havodagi changni ko‘paytirmoqda.

“So‘nggi yillarda Toshkent shahridagi atmosfera havosining pastki qatlamida (100−150 metrgacha) harorat inversiyasi (havo haroratining balandlikka qarab ortib borishi) vujudga kelishi kuzatilmoqda”, — deya tushuntirdi vazirlik. Bu esa havoning vertikal harakatiga to‘sqinlik qiladi va mayda chang zarralari konsentratsiyasi oshishiga olib keladi.

Tashkilot isitish mavsumida PM2,5 zarralari ko‘payishiga yoqilg‘i sifatida ko‘mir va mazut ishlatilganini sabab qilib ko‘rsatdi, bahor va yoz oylarida esa bunga mintaqaga cho‘llanish va qurg‘oqchilik ta’sirida tabiiy chang kirib kelayotgani sabab bo‘lmoqda.

Eslatib o‘tamiz, yanvar oyida Ekologiya vazirligi Toshkent shahridagi havoni ifloslantiruvchi asosiy manbalar haqida ma’lumot berib, vaziyatni yaxshilash bo‘yicha qator chora-tadbirlarni sanab o‘tgan edi.

Vazirlik asosiy sabablar qatorida iqtisodiyot tarmoqlarining ko‘mirga bo‘lgan talabi ortib borayotgani, xususan, issiqxona xo‘jaliklarining ko‘mir yoqilg‘isidan foydalanishga o‘tkazilishini qayd etgan. Shu bilan birga, issiqlik stansiyalari tomonidan mazut yoqilishi, sanoatning o‘sishi, avtomobillar soni, Ai-80 benzinidan foydalanish, daraxtlarning kesilishi, qurilish ishlari va boshqa omillar ham ko‘rsatilgan.

O‘shanda Energetika vazirligi issiqlik stansiyalari va issiqlik markazlari mazutdan foydalanishining Toshkentdagi havo ifloslanishi bilan bog‘liqligini rad etgandi. Vazirlik Toshkent IESda (ToshGRES) belgilangan texnik ko‘rsatkichlarga mos keladigan filtrlar o‘rnatilganini ta’kidlagan.