Kadastr agentligi Farg‘ona viloyati hududiy boshqarmasi boshlig‘i Zoom orqali o‘tkazgan yig‘ilishida haqorat qilgani videosi tarqaldi. Holat yuzasidan Kadastr agentligi izoh berdi.

Qayd etilishicha, holat 2024-yilning 3-may kuni Kadastr agentligi Farg‘ona viloyati boshqarmasi hamda bo‘lim boshliqlari ishtirokida hududda yer uchastkalarini o‘zboshimchalik bilan egallash va ulardan noqonuniy foydalanish holatlarini aniqlash, bartaraf etish bo‘yicha belgilangan vazifalarni ijrosini bajarilishi hamda yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan yuborilgan murojaatlarni o‘z vaqtida sifatli ko‘rib chiqish bo‘yicha o‘tkazilgan tahliliy, tanqidiy yig‘ilish jarayonida sodir bo‘lgan.

Ta’kidlanishicha, boshqarma boshlig‘i yig‘ilish davomida xodimlar tomonidan yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarni tahlil qilish vaqtida asablarini jilovlay olmagan. Agentlik tomonidan boshqarma boshlig‘iga nojo‘ya so‘zlarni ishlatgani uchun “hayfsan” intizomiy jazo chorasi qo‘llanildi hamda tushuntirish ishlari olib borildi

“Kadastr agentligi bu kabi holatlarni o‘z holiga tashlab qo‘ymaydi. Xodimlarning ishchanlik kayfiyatiga hamda mehnat samaradorligiga ta’sir qilishi mumkin bo‘lgan holatlar jiddiy nazoratga olinadi hamda qonunchilikda belgilangan tartibda jazo choralari qo‘llaniladi”, — deyiladi xabarda.