Shavkat Mirziyoyev mamlakatlar rahbarlarini “umumiy manfaatlar yo‘lida jipslashish"ga chaqirdi

O‘zbekiston prezidenti BMT Bosh assambleyasida so‘zlagan nutqida “ishonch inqirozi” va “xalqaro huquq me’yorlaridan chekinish” tufayli dunyoda keskinlik ortib borayotganini ta’kidladi. U mamlakatlarni “umumiy manfaatlarni mavjud ziddiyatlardan yuqori qo‘ygan holda” jipslashishga chaqirdi.

“JSTga to‘laqonli a’zo bo‘lish — O‘zbekistonning ustuvor yo‘nalishlaridan biri” — prezident

“Yaqin orada JSTga to‘laqonli a’zo bo‘lish O‘zbekiston iqtisodiyotini liberallashtirish yo‘lidagi ustuvor yo‘nalishlardan biridir”, — dedi Shavkat Mirziyoyev BMT Bosh assambleyasidagi nutqida.

Shavkat Mirziyoyev JST bosh direktori bilan tashkilotga a’zolik masalasini muhokama qildi

O‘zbekiston prezidenti Nyu-Yorkda Jahon savdo tashkiloti bosh direktori bilan uchrashib, tashkilotga a’zo bo‘lish bo‘yicha ishlarni muhokama qildi. Unda ishchi guruh yig‘ilishiga tayyorgarlikni tezlashtirish, mutaxassislar malakasini oshirish va qonunchilikni JST talablariga uyg‘unlashtirish yuzasidan kelishuvga erishildi.

Buxoroda o‘zgalarning nomiga kredit rasmiylashtirib, uni o‘zlashtirgan hokim yordamchisi aniqlandi

Buxoroda hokim yordamchisi mahallada yashamaydigan shaxslar nomiga 163 mln so‘m kredit rasmiylashtirib, ularni o‘zlashtirgani aytilmoqda. Unga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atildi.

“Markaziy Osiyoda hamkorlikni kengaytirishdan boshqa yo‘l yo‘q” — O‘zbekiston prezidenti

Shavkat Mirziyoyev BMT Bosh assambleyasi minbarida so‘zlarkan, Markaziy Osiyo mintaqasida “mintaqaviy o‘ziga xoslikni anglash” tuyg‘usi kuchayib borayotganini ta’kidladi. “Bizning tarix va kelajagimiz ham, hayotiy muhim manfaatlarimiz ham umumiydir. Mintaqaviy hamkorligimizni kengaytirishdan boshqa yo‘limiz yo‘q!”

“Yakkalab qo‘yish va sanksiyalar afg‘on xalqi ahvolini yanada og‘irlashtirmoqda” — Shavkat Mirziyoyev

Xalqaro xavfsizlik Afg‘onistondagi jarayonlar bilan bevosita bog‘liq. Uni o‘z muammolari bilan yana yolg‘iz qoldirish katta xato bo‘ladi, dedi Mirziyoyev BMT Bosh assambleyasida. U insonparvarlik yordamini davom ettirish, Afg‘onistonning muzlatilgan aktivlarini ijtimoiy muammolarni hal etishga yo‘naltirishga chaqirdi.

“Biz birgalikda kuchliroqmiz”. Markaziy Osiyo davlatlari va AQSh prezidentlari birinchi sammitda nimalarni muhokama qildi?

Nyu-Yorkda Markaziy Osiyo davlatlari va AQSh rahbarlarining “C5+1” formatidagi 1-sammiti bo‘lib o‘tdi. Muzokaralarda terrorizmga qarshi kurash, mintaqaviy iqtisodiy aloqalar va energiya xavfsizligi masalalariga e’tibor qaratildi. AQSh “C5+1” doirasida yangi platformalar yaratishni taklif qildi. Tafsilotlar.

Ozarbayjonning hududiy yaxlitligini tiklash borasidagi qat’iyatini olqishlaymiz — Codiq Safoyev

Senat raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev O‘zbekiston Ozarbayjonning hududiy yaxlitligini tiklash borasidagi qat’iyatini olqishlashini ta’kidladi. “Ishonchim komilki, Ozarbayjon yaqinda Qorabog‘ni dunyoning eng jannatmakon hududlaridan biriga aylantiradi”, — dedi u.

O‘zbekistondagi Turon cho‘llari transchegaraviy tabiat obyekti YUNESKO Butunjahon tabiiy merosi ro‘yxatiga kiritildi

O‘zbekiston hududlaridan o‘tuvchi “Mo‘'tadil mintaqadagi Turon cho‘llari” transchegaraviy tabiat obyekti YUNESKO Butunjahon tabiiy merosi ro‘yxatiga kiritildi. U Orolbo‘yi mintaqasi va Ustyurt platosi hududlarida joylashgan 2 mln gektardan ortiq hududni egallaydi.

BMT “O‘zbekiston-2030” strategiyasini qo‘llab-quvvatlashga tayyor — Antoniu Guterrish

BMT va uning institutlari “O‘zbekiston-2030” islohotlar strategiyasini amalga oshirishda yordam ko‘rsatishga tayyor, dedi tashkilot rahbari Antoniu Guterrish Shavkat Mirziyoyev bilan uchrashuvda.

Toshkent shahri kengashi gul ekish uchun 12 mlrd so‘m ajratishni ma’qulladi

Toshkent shahri kengashi deputatlari poytaxtda mavsumiy gul ekish uchun 12 milliard so‘m ajratish to‘g‘risidagi qarorni ma’qulladi.

OTB va FTA O‘zbekistonda elektr energiyasini taqsimlash tizimini raqamlashtirish uchun 275 mln dollar ajratdi

Osiyo taraqqiyot banki O‘zbekistondagi 26 ta elektr taqsimlash podstansiyasini raqamlashtirish uchun 200 million dollar, Fransiya taraqqiyot agentligi esa 70 million yevro ajratdi. Bu ekstremal ob-havo hodisalari paytida mintaqaviy elektr energiyasi uzilishlarining oldini olishga yordam berishi kutilmoqda.

Koreyada o‘zbekistonlik erkak yong‘in ichida qolgan ayolni qutqardi

Janubiy Koreyaning Yangsan shahrida 40 yoshli o‘zbekistonlik erkak kuchli yong‘in ichida qolgan koreyalik ayolni qutqarib qoldi. Ayol 2-darajali kuyish jarohati bilan shifoxonaga yotqizilgan, erkakka voqea joyida birinchi tez tibbiy yordam ko‘rsatilgan.

2024-yil yakunigacha my.gov.uz`dagi xizmatlarning 75 foizdan ortig‘i mobil ilova orqali ko‘rsatiladi

Keyingi yil oxirigacha my.gov.uz portalidagi raqamli xizmatlar soni 700 taga oshadi, ularning kamida 75 foizi mobil ilova orqali ko‘rsatiladi. Shuningdek, yashil hududlar, poytaxtdagi jamoat transporti harakati kabilar haqida ma’lumot beruvchi portallar ishga tushadi.

IHRT 2023-yilda global iqtisodiy o‘sish sekinlashishini kutmoqda

Iqtisodiy hamkorlik va rivojlanish tashkiloti prognoziga ko‘ra, 2023-yilda global iqtisodiy o‘sish o‘rtachadan past darajada — 3 foiz bo‘lib qoladi. Ekspertlar aksariyat mamlakatlarda inflyatsiya markaziy banklar maqsadli ko‘rsatkichlaridan yuqori bo‘lishda davom etishini kutmoqda.

“Lukoyl” yil boshidan buyon O‘zbekistonga MTB bo‘yicha 103,1 million dollar to‘lagan

Yilning birinchi yarmida Rossiyaning “Lukoyl” kompaniyasi gaz qazib olish bo‘yicha mahsulot taqsimlash bitimiga binoan O‘zbekistonga 103,1 million dollar to‘ladi, deb xabar qildi Iqtisodiyot va moliya vazirligi. Boshqa MTB loyihalari uchun ma’lumotlar berilmagan.

O‘zbekistonda bolalarni yod bilan ta’minlash dasturi boshlandi

20-sentabrdan barcha maktab va bolalar bog‘chalarida yod bilan ta’minlash dasturi boshlandi. Endi chorshanba kunlari bolalarni yod yetishmovchiligidan himoya qilish uchun ularga profilaktik dozada yod tabletkalari ichiriladi. Homilador va emizikli ayollarga yod preparatlari oilaviy shifokorlar tomonidan beriladi.

O‘zbekiston futzal milliy terma jamoasini endi ispaniyalik mutaxassis boshqaradi

Ispaniyalik Xose Venansio Lopes O‘zbekiston futzal milliy terma jamoasi bosh murabbiyi bo‘ldi. U jamoani 2024-yil O‘zbekistonda o‘tadigan Jahon chempionatiga tayyorlaydi. Mutaxassis jamoa bilan mashg‘ulotlarni Osiyo kubogi saralash bosqichidan so‘ng boshlaydi.