Yakshanba kuni yomg‘ir yog‘ishi kutilmoqda

Shanba kuni Rossiyadan nam va salqin havo massalari kirib kela boshlaydi. Yakshanba kuni barcha hududlarda bulutlilik kuchayib, yomg‘ir yog‘ishi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin. Kechasi va ertalab havo biroz salqinlashadi.

Prezident administratsiyasi tarkibi tasdiqlandi

Shavkat Mirziyoyev Prezident administratsiyasining yangilangan tarkibini tasdiqladi. Saida Mirziyoyeva prezident yordamchisi, sobiq energetika vaziri Alisher Sultanov energetika xavfsizligi bo‘yicha maslahatchi, Komil Allamjonov axborot siyosati departamenti boshlig‘i etib tayinlandi.

“Samarqandda odamlar xonadoniga islohot qachon kelishini kutib o‘tiribdi” — prezident

Prezident Samarqanddagi o‘zgarishlar haqida gapirib, lekin bu uni hali qanoatlantirmayotganini aytdi: “Odamlar islohotlar ularning uyiga qachon kelishini kutib o‘tiribdi”. Davlat rahbari xorijdagilar tezroq qaytishini istashini, shuning uchun sharoit va ish o‘rinlari yaratish zarurligini bildirdi.

Turkmaniston O‘zbekistonga 2 mlrd kub metrgacha gaz yetkazib beradi

O‘zbekiston Turkmaniston bilan yiliga 2 mlrd kub metrgacha turkman gazini yetkazib berish bo‘yicha shartnoma imzoladi. Tomonlar, shuningdek, uzoq muddatli shartnomalar ustida ishlamoqda, — dedi O‘zbekiston Energetika vazirligi rahbari Jo‘rabek Mirzamahmudov.

Toshkent shahri kengashi 360 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘ni taqsimlash bo‘yicha qaror qabul qildi. Pullar nimaga sarflanadi?

Poytaxt kengashi mahalliy budjetdan 360 mlrd so‘mdan ortiq pulni taqsimlash qarorini qabul qildi. Mablag‘ kam ta’minlangan oilalarga ipotekalarni moliyalashtirish, Nukusda avariyaviy uylarni ta’mirlash, idora va mansabdorlarning noqonuniy harakatlari ortidan yetgan zararni qoplash kabi maqsadlarga sarflanadi.

Toshkentda Gosling, Steytem, Lamar va Navalniy nomidagi maktablar “paydo bo‘ldi”

Google xaritada Toshkentdagi qator maktablarning nomi mashhur shaxslar va internet-memlar: Gosling, Pitt, Steytem, Lamar, Jostar, Navalniy, ulug‘bekozavr va boshqalar sharafiga qayta nomlandi. Ta’lim boshqarmasi bunga raddiya berishiga to‘g‘ri keldi.

“Keshbekni o‘ylab topganlar tadbirkorlarga zulm qilayotganini” aytgan imom-xatib ishdan olindi

Toshkentdagi “Imom Termiziy” masjidi imom-xatibi Isoqjon Begmatovning “keshbekni o‘ylab topganlar xalq va tadbirkorlarga zulm qilmoqda”, degan fikri e’tirozlarga sabab bo‘ldi. Musulmonlar idorasi bu fikr orqali jiddiy xatoga yo‘l qo‘yilgani, imom oldin ham ogohlantirishlar olgani uchun uni ishdan bo‘shatdi.

O‘zbekiston elchixonasi Ukrainani Mustaqillik kuni bilan tabrikladi

O‘zbekistonning Kiyevdagi elchixonasi “ukrain do‘stlar"ni Mustaqillik kuni bilan tabriklab, “osmoni tinch bo‘lishi, abadiy gullab-yashnashi va farovonlikni” tiladi.

O‘zbekistonda elektron tijorat bozori 2027-yilga borib 6−7 baravar kengayishi kutilmoqda — KPMG

KPMG xalqaro auditorlik kompaniyasi O‘zbekistondagi elektron tijorat bo‘yicha hisobotida bu bozor hajmi 2027-yilga borib 6−7 baravarga kengayishini va 1,8−2,2 mlrd dollarga yetishi mumkinligini prognoz qildi. Shuningdek, kompaniya bozor kengayishiga yordam beruvchi va to‘sqinlik qiluvchi omillarni sanab o‘tdi.

Ayrim yonilg‘i shoxobchalari yopilgani ortidan avtobuslar boshqa shoxobchalarda navbatlar hosil qildi

Toshkent shahrida ayrim yonilg‘i quyish shoxobchalari yopilgani sababli avtobuslar boshqa shoxobchalarga borishiga to‘g‘ri kelmoqda. Ular joylarda katta navbatlarni yuzaga keltirgan. Bu masalani hal etish uchun “Toshshahartransxizmat” “Hududgazta'minot” bilan poytaxt hokimligida tezkor ishchi guruh tuzdi.

Toshkentda yugurish musobaqasi sababli ayrim ko‘chalar vaqtincha yopiladi

Poytaxtda Mustaqillik bayrami munosabati bilan xalqaro ommaviy yugurish musobaqasi o‘tkaziladi. Shu sababli ayrim ko‘chalarda avtotransport vositalarining harakati vaqtincha cheklanadi.

O‘zbekiston va AQSh Afg‘onistonga yordam ko‘rsatishni yanada muvofiqlashtirmoqchi

Prezidentning Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Ismatulla Irgashev va AQSh Kongressi Senatining Tashqi aloqalar qo‘mitasi vakili Sharlott Oldhem-Mur Afg‘onistonga gumanitar va boshqa yordam ko‘rsatishda O‘zbekiston va AQShning harakatlarini muvofiqlashtirish muhimligini ta’kidladi.

USAIDning Osiyo bo‘yicha byuro ma’muriyati yordamchisi o‘rinbosari O‘zbekistonga keladi

AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID)ning Osiyo bo‘yicha byuro ma’muriyati yordamchisi o‘rinbosari Anjali Kaur 26−30-avgust kunlari O‘zbekistonda bo‘ladi. Tashrif doirasida hamkorlar va hukumat rasmiylari bilan uchrashuvlar rejalashtirilgan.

O‘zbekiston va Qirg‘iziston fuqarolari sentabrdan chegaradan ID karta orqali o‘tishi mumkin

O‘zbekiston va Qirg‘iziston fuqarolari 1-sentabrdan boshlab ikki mamlakat chegarasini ID karta orqali kesib o‘tishlari mumkin bo‘ladi.

Samarqandda Malibu urib yuborgan piyoda vafot etdi

Urgut tumanida katta tezlikda harakatlangan Malibu-2 yo‘lni kesib o‘tayotgan piyodani urib yubordi. Jabrlanuvchi shifoxonada vafot etdi.

Yangi ko‘p qavatli binolar boshqaruvchi tashkilotsiz foydalanishga qabul qilinmaydi

Prezident qaroriga ko‘ra, quruvchi tashkilotlar qurilishi tugallangan uyni boshqarish uchun boshqaruvchi tashkilotni jalb qilishlari shart. Busiz uy foydalanishga qabul qilinmaydi.