Prezidentning 31-maydagi farmoni bilan tashkil etilgan Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim o‘zgarishini o‘rganish universiteti (Green University)ga Jasur Salixov rektor etib tayinlandi. Bu haqda Ekologiya vazirligi axborot xizmati ma’lum qildi.

1976-yil Toshkent shahrida tug‘ilgan Jasur Salixov Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida bakalavriat, Buyuk Britaniyaning York universiteti hamda Yaponiyaning Vaseda universitetlarida magistrlik darajalarini olgan. Oksford universiteti Oriel kollejida tadqiqotchilik qilgan.

Jasur Salixov 2014-yildan 2023-yil boshigacha Toshkent shahridagi Singapur menejmentni rivojlantirish institutiga rektorlik qilgan. Bugunga qadar Toshkentdagi Xalqaro Vestminster universiteti ijtimoiy rivojlanish departamenti direktori hamda moliya va boshqaruv prorektori lavozimlarida ishlagan.

Yangi universitet haqida

Green University`da ta’lim davlat granti va to‘lov-kontrakt asosida tashkil etiladi. Yetakchi, e’tirof etilgan xalqaro imtihon tizimlari (TOEFL, IELTS, CEFR, SAT General, SAT Subject va boshqa) sertifikatlariga ega abituriyentlar tegishli fanlardan eng yuqori ball oladi va ushbu fanlardan imtihondan ozod qilinadi.

Markaziy Osiyo davlatlari fuqarolari uchun bakalavr ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha kamida 25 ta hamda magistratura va doktorantura (PhD) mutaxassisliklari bo‘yicha kamida 20 ta grant o‘rinlari ajratiladi.

Universitetni tamomlagan O‘zbekiston fuqarolari Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi tomonidan Milliy kadrlar zaxirasiga, 5 yillik ish stajiga ega bo‘lgandan keyin mutaxassisligi bo‘yicha rahbar lavozimlarga tayinlanadigan istiqbolli nomzodlar ro‘yxatiga kiritiladi.

Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri Green University`ning vasiylik kengashi raisi hisoblanadi. Kengash hamraislari esa Markaziy Osiyo mamlakatlarining tegishli vazirliklari tomonidan tavsiya qilinadi.

Shuningdek, kengash tarkibidan Prezident administratsiyasi, Oliy Majlis Senati va Qonunchilik palatasining mas’ul xodimlari, Tabiatni muhofaza qilish xalqaro ittifoqi bosh direktori, BMT rivojlanish dasturi doimiy vakili va boshqa ekologiya sohasidagi nufuzli xalqaro tashkilotlar vakillari o‘rin olgan.

Universitet davlat OTM hisoblanib, faoliyati Hub and Spoke tamoyili asosida yo‘lga qo‘yiladi. O‘zbekiston va Markaziy Osiyo mintaqasining muhim ekologik, ijtimoiy-iqtisodiy va ilmiy-texnikaviy muammolarini hal etishga qodir mutaxassislar, olim, tadqiqotchi, rahbar va tadbirkorlarni tayyorlash universitetning asosiy vazifalaridan hisoblanadi.