Tarmoqlarda Surxondaryo viloyatida aholi turar joyiga ayiq kelib qolgani haqida xabarlar tarqaldi. Holat yuzasidan Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi munosabat bildirdi.

Qayd etilishicha, 15-may kuni Sariosiyo tumanidagi “Jannatmakon” MFY hududiga ayiq kelib qolgan.

“Yirtqich hayvon aholi turar joylariga kirib, insonlar hayotiga xavf tug‘dirgan. Ayiqni zararsizlantirishga harakat qilishgan, ammo yirtqich tajovuzkorlikni oshirib, IIB xodimlaridan biriga tashlangan va jarohat yetkazgan. Eng yomoni, 74-sonli maktabga kirib, o‘quvchilar hayotiga xavf solgan”, — deyiladi xabarda.

ayiq, сурхондарё viloyati

Vazirlikning ta’kidlashicha, “holat kutilmaganda yuz bergani, ayiq juda tajovuzkor harakat qilgani va maktab o‘quvchilari hayotiga xavf tug‘dirgani” sababli tezkor chora ko‘rish talab qilingan va yirtqich otib o‘ldirilgan.

Ayiq jarohat yetkazgan IIB xodimi esa tibbiy tekshiruvdan o‘tkazilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yilning aprel oyida Qashqadaryo viloyati prokuraturasi Chiroqchi tumanida Tyan-Shan qo‘ng‘ir ayig‘ining o‘ldirilishi holati bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atgandi.

O‘sha paytdagi tabiat resurslari vaziri Aziz Abduhakimov noyob ayiq otib o‘ldirilganiga munosabat bildirar ekan, ayiq aslida aholiga xavf tug‘dirmagani, hokimiyatga esa uni o‘ldirmaslik haqida tavsiya berilganini ta’kidlagan. Vazirning fikricha, tabiatga bunday munosabat “vahshiylik” va juda katta jinoyat hisoblanadi.