Payshanba kuni Farg‘ona viloyati Qo‘qon shahrida fuqaro uyining devorlari va oynasini tosh otib sindirgan qo‘shni bolani “qo‘rqitib qo‘yish maqsadida” mashinasi yukxonasiga solib qo‘ygan holda harakatlangani haqida xabar berilgandi. Bosh prokuratura matbuot xizmati holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilganini ma’lum qildi.

Voyaga yetmagan bolaning onasi murojaatiga asosan Jinoyat kodeksining 138-moddasi (Zo‘rlik ishlatib, g‘ayriqonuniy ravishda ozodlikdan mahrum qilish / BHMning 50 baravarigacha miqdorda jarima yoki 360 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki 1 yildan 3 yilgacha ozodlikni cheklash yoxud 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi) bilan jinoyat ishi ochilgan.

Gumonlanuvchi shaxs protsessual tartibda ushlangan. Qo‘qon shahri IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan tergov haraktlari olib borilmoqda.