10-iyul kuni soat taxminan 06:50 da Toshkent halqa yo‘lining “Abu Saxiy” bozori yonidagi qismida 147-yo‘nalishda harakatlanayotgan Mercedes-Benz rusumli avtobusning motor qismida yong‘in kelib chiqdi.

O‘zbekiston Favqulodda vaziyatlar vazirligi matbuot xizmatining xabar berishicha, soat 7:00 da voqea joyiga yong‘in-qutqaruv guruhi yetib kelgan. U yetib kelguniga qadar bozorda bo‘lgan o‘t o‘chirish brigadasi mavjud yong‘in o‘chirish vositalari yordamida yong‘inni o‘chirgan.

Yong‘inga qisqa tutashuv sabab bo‘lgani taxmin qilinmoqda. FVV xabariga ko‘ra, hodisa oqibatida hech kim jabrlanmagan.

Poytaxtda avtobus yong‘inlari asosan Mercedes-Benz avtomobillarida sodir bo‘ladi. 2014-yilda “Toshshahartransxizmat” kompaniyasi yong‘inlarning kelib chiqish sabablarini tushuntirib bergandi, ular orasida konstruktiv kamchiliklar ham qayd etilgan.

2018-yilda shaharda sodir bo‘lgan navbatdagi yong‘indan keyin 2008−2009-yillardagi ushbu rusumdagi avtomobillarning ishlashi to‘xtatilgan. Tekshiruvdan so‘ng avtobuslar yo‘nalishlarga qaytarilgan. Ushbu rusumdagi avtobusning yonishi bilan bog‘liq avvalgi voqea may oyida sodir bo‘lgan — o‘shanda 96-yo‘nalish avtobusi butunlay yonib ketgandi.