Toshkent viloyati Toshkent tumanida 5 yoshli bola suv krani uchun o‘rnatilgan kichik o‘raga tushib qoldi, deya xabar bermoqda Favqulodda vaziyatlar vazirligi matbuot xizmati.

Tumanning Mehnat Fozilov mahallasida joylashgan uylarning birida uy egasining 5 yoshli nabirasi ehtiyotsizlik va nazoratdan chetda qolgani sababli hovlisidagi suv krani uchun o‘rnatilgan kichik o‘raga tushib ketgan.

Uy egalarining o‘zlari bolani o‘radan chiqarib olishga harakat qilishgan, ammo barcha ishlar samarasiz bo‘lgan. Bolaning tizza bo‘g‘imlari bukilgan xolda siqilib qolgani to‘g‘risida FVBga xabar kelib tushgan.

Shundan so‘ng aytilgan manzilga yetib borgan qutqaruvchilar maxsus qutqaruv asbob-anjomlari yordamida o‘radan bolani hech qanday talofatlarsiz, sog‘-salomat chiqarib, yaqinlariga topshirgan.

Bolaning ahvoli yaxshi bo‘lganligi sababli tibbiyot xodimlariga murojaat qilinmagan, deyiladi xabarda.

Avvalroq Zangiota tumanidagi xonadonlarning birida 2 yoshli bola 5 metr chuqurlikdagi hojatxonaga tushib ketgandi. Favqulodda vaziyatlar bo‘limi xodimlari uni pastdan sog‘ holatda olib chiqqan.