Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burxanov “Gazeta.uz”ning “Mifonomika” loyihasida manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risidagi qonun va daromadlar deklaratsiyasi to‘g‘risidagi qonun loyihasi hozir qaysi bosqichda ekani bo‘yicha savolga javob berdi.

““Manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish to‘g‘risida”gi qonun Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilinib, Senat tomonidan maqullangan. Prezident tomonidan imzolanishi kutilmoqda. Hozir Prezident administratsiyasida muhokamada”, — dedi Akmal Burxanov.

Ikkinchi hujjat esa jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilishi kutilmoqda.

“Davlat xizmatchilarining mol-mulki va daromadlarini deklaratsiya qilish to‘g‘risidagi qonun” loyihasini ishlab chiqqanmiz. Manfaatdor vazirlik va idoralar bilan kelishganmiz. Adliya vazirligidan ekspertizadan ham o‘tkazilgan. Qonunimiz deyarli tayyor, jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilishi rejalashtirilgan. Shu bilan birga, biz qonun bilan bir qatorda tizimni yaratish ustida ham ishlayapmiz", — dedi agentlik rahbari.

Akmal Burxanovning ta’kidlashicha, bitta platformada barcha ma’lumotlar aks etadigan deklaratsiyalash tizimini ishga tushirish maqsad qilingan.

“Deklaratsiyalash tizimi, yagona bazada ishlaydigan bo‘lishi ustida ishlayapmiz. Rossiya Federatsiyasida, masalan, har bir vazirlik, idoraning o‘zida deklaratsiya to‘ldiriladi, yoki Qirg‘izistonda ham. Ko‘p mamlakatlarda shunday. Biz shunday qilmoqchimizki, yagona baza orqali, bitta platformada hammasi ko‘rinadigan deklaratsiyalash tizimini ishlab chiqmoqchimiz. Buning ustida ham ishlayapmiz. Ancha ishlar qilingan”, — dedi u.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi rahbari, shuningdek, bu masala dolzarbligini yo‘qotmaganini qo‘shimcha qildi.

“Bojxona qo‘mitasi va Soliq qo‘mitasi tajriba tariqasida hamma xodimlarining deklaratsiyalarini kiritmoqda. Ya’ni qonun bilan bir vaqtning o‘zida mana shu platformani, tizimni ham ishga tushirib yuborish ustida ishlayapmiz. Bu savolni menga juda ko‘p berishadi, nega to‘xtab qoldi, avval aytilgandiku deyishadi. Umuman olganda, aytmoqchimanki, aytilgan, to‘xtab qolgani yo‘q, jarayon ketyapti, tizim ustida ham ishlayapmiz, qonun loyihasi ham takomillashtirilyapti. Dolzarbligini yo‘qotgani yo‘q”, — deya fikrini yakunladi Akmal Burxanov.

Suhbatni to‘liq mana bu havola orqali tomosha qilishingiz mumkin.

“Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida”gi qonun

2022-yil 10-may kuni Adliya vazirligi “Manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish to‘g‘risida”gi qonun loyihasini jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qilgandi. Qonun manfaatlar to‘qnashuvini tartibga solishni nazarda tutadi. Hujjatda manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni deklaratsiya qilish va oldindan xabar berish tartibini yo‘lga qo‘yish, bunga amal qilmaganlarni esa jarimaga tortish belgilangan. Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi ma’muriy bayonnoma tuzish bo‘yicha vakolatli organ bo‘lishi ko‘zda tutilgandi.

Shu yilning 25-oktabrida qonun loyihasi Qonunchilik palatasi deputatlari tomonidan ikkinchi va uchinchi o‘qishda qabul qilingan. Antikorrupsiya agentligi rahbari Akmal Burxonovning ta’kidlashicha, agentlik tomonidan o‘tkazilgan o‘rganishlarda davlat xizmatida minglab manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘yganlik holatlari aniqlangan, ammo huquqiy asos yoki javobgarlik belgilanmagani sababli ularni bartaraf etishda qiyinchiliklar mavjud bo‘lgan. Shu tariqa qonun loyihasi Senatga yuborilgan.

2023-yilning 1-iyunida senatorlar “Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida”gi qonunni ko‘rib chiqqan va ma’qullagan. Tanzila Narbayeva manfaatlar to‘qnashuvi davlat organlaridagi korrupsiyaviy holatlarning boshlang‘ich nuqtasi ekanini qayd etgandi.

“Qonun bilan korrupsiyaga qarshi kurash yo‘nalishidagi qonunchilikda manfaatlar to‘qnashuvi bilan bog‘liq bo‘shliqlar yopilmoqda, bu yo‘nalishni qonunan tartibga soluvchi aniq mexanizmlar belgilanmoqda. Manfaatlar to‘qnashuvining huquqiy oqibatlari belgilanmoqda, ya’ni bunday holatda qabul qilingan qarorlar va tuzilgan bitimlar sud hukmi orqali bekor qilinishi mustahkamlanmoqda”, — degandi Senat raisi o‘shanda.

2024-yil yanvar oyida Tanzila Narbayeva yana “Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida”gi qonunga izoh berib, hozirda hujjatni Prezident administratsiyasi ekspertlari o‘rganayotganini aytgandi.

Davlat xizmatchilarining daromadlari deklaratsiyasi to‘g‘risidagi qonun loyihasi

Prezident qarori bilan 2022-yil 1-yanvardan boshlab davlat xizmatchilari, davlat ulushi 50 foizdan ortiq bo‘lgan davlat korxonalari va muassasalari rahbarlari, ularning turmush o‘rtog‘i va voyaga yetmagan farzandlarining daromadlari hamda mol-mulkini deklaratsiyalash belgilangandi.

Biroq tegishli qonun shu kungacha qabul qilinmagan. 2021-yil oxirida Korrupsiyaga qarshi kurash agentligi direktori Akmal Burxonov “tizim hali ham 2022-yildan ishga tushirilishi, davlat xizmatchilariga deklaratsiyalar tayyorlash uchun aprel oyigacha muxlat berilishi rejalashtirilayotgani” haqida ma’lum qilgandi.

2022-yil aprel oyi boshida “Gazeta.uz” so‘roviga binoan agentlik qonun loyihasi xalqaro ekspertlar, jumladan, IHTT, BMTTD, Jahon banki va “Mintaqaviy muloqot” xalqaro nodavlat notijorat tashkiloti takliflarini inobatga olgan holda ishlab chiqilgani haqida xabar bergandi.

Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, qonun loyihasi qachon qabul qilinishidan qat’i nazar, 2022-yildan boshlab davlat xizmatchilarining mulki va daromadlari hisobga olinadi.

Bundan tashqari, prezident qarori bilan 2021-yil 1-dekabrga qadar daromadlar va mulk deklaratsiyalari to‘g‘risidagi ma’lumotlar bazasini shakllantirish, ularni qayta ishlash va tekshirish bo‘yicha elektron axborot tizimini yaratish, so‘ngra ushbu ma’lumotlar bazasini davlat kadastri, soliq, bojxona va boshqa organlarning ma’lumotlar bazalari bilan integratsiyalash chora-tadbirlarini ko‘rish topshirilgandi.

Agentlik tomonidan texnik pasport va “Davlat xizmatchilarining daromadlari va mol-mulkini deklaratsiyalashning elektron axborot tizimi” konsepsiyasi hamda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tomonidan tasdiqlangan texnik topshiriqlar ishlab chiqilgan. Texnik topshiriqlar loyihasi Kiberxavfsizlik markazi bilan kelishilgan va tizimni yaratish bo‘yicha ijobiy ekspert xulosasi berilgan.

Shuningdek, “Loyihalar va import kontraktlarini kompleks ekspertiza qilish markazi”dan axborot tizimini yaratish uchun zarur mablag‘lar bo‘yicha ekspert xulosasi olingan.

Eslatib o‘tamiz, daromadlar deklaratsiyasini nazarda tutuvchi davlat xizmati to‘g‘risidagi qonun 2017-yil sentabr oyida qabul qilinishi rejalashtirilgan edi, biroq bu muddat bir necha bor orqaga surildi. Muddatlari 2020-yil 1-yanvar va 2021-yil 1-yanvar etib belgilandi. 2021-yil may oyi oxirida Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burxonov prezident davlat xizmatchilarining daromadlari va mol-mulkini deklaratsiyalash tizimini joriy qilishni tezlashtirish bo‘yicha topshiriq berganini ma’lum qilgandi.