2024-yilning yanvar-mart oylarida O‘zbekiston tovar-xomashyo birjasida avtomobillarning davlat raqamlarini sotish hajmi 3 barobardan ko‘proqqa oshib, 212,2 milliard so‘mni tashkil etdi. Bu haqda birja matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, bu davrda 52,6 ming dona avtoraqam sotilgan bo‘lib, u o‘tgan yilning birinchi choragiga nisbatan 3,2 barobarga o‘sgan.

Spot`ning yozishicha, eng qimmat “chiroyli” avtoraqam toshkentlik yuridik shaxsga 517,14 mln so‘mga sotilgan. Boshlang‘ich bahoga nisbatan uning narxi 66,6 foizga oshgan.

Ikkinchi o‘rinni esa yuridik shaxs tomonidan 337 mln 620 ming so‘mga sotib olingan davlat raqami egallagan. Eng qimmat beshtalikka jismoniy shaxslar tomonidan sotib olingan 334,9 va 315,8 mln so‘mlik avtoraqamlar ham kirgan.

Eslatib o‘tamiz, 2023-yilda tovar-xomashyo birjasida 87 ming dona avtomobil raqamlari 396,1 mlrd so‘mga sotilgan. Eng qimmat “chiroyli” davlat raqami esa yuridik shaxsga 450 mln so‘mga sotilgan, o‘shanda bu narx 2021-yilda o‘rnatilgan rekorddan biroz oshgandi.