Surxondaryo viloyati Muzrabot tumanida svetoforning qizil chirog‘ida harakatlangan Sobalt urib yuborgan ikki boladan biri vafot etdi, deya xabar bermoqda viloyat Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi.

Holat 17-may kuni tumanning Darband mahallasi hududida sodir bo‘lgan. 24 yoshli haydovchi M.B. Cobalt avtomashinasida tezlikni oshirib, svetoforning ta’qiqlovchi ishorasida harakatlangan.

Shu paytda yo‘lning o‘ng tomonidan chap tomoniga yugurib o‘tayotgan uch nafar voyaga yetmagan boladan 2 nafarini urib yuborgan. Oqibatda 12 yoshli R.M. olgan tan jarohati bilan tuman tibbiyot birlashmasining jonlantirish bo‘limida vafot etgan.

Qolgan ikki nafar voyaga yetmagan bolalarning salomatligi yaxshi, hozirda yashash xonadonida, deyiladi xabarda.

Ushbu holat yuzasidan Muzrabot tumani IIB tergov guruhi tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.