O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov 30-iyun kuni gazlangan va gazsiz suv hamda ichimliklarni majburiy markirovkalashni boshlash muddatini uzaytirish to‘g‘risidagi qarorni imzoladi.

Dastlab markirovkalash 2022-yil oktabr oyida boshlanishi rejalashtirilgandi, keyin 2023-yil 1-iyulga qoldirilgan, endi esa muddat 2024-yil 1-martga surildi.

Asl Belgisi tizimida markirovkalash va u bo‘yicha nazorat choralari 2023−2024-yillarda bosqichma-bosqich joriy etiladi. Loyihani amalga oshirish jarayonida o‘tgan yilgi pilot loyiha tajribasi hisobga olinadi.

Markirovkalash talabi ham mahalliy ishlab chiqaruvchilar, ham import qiluvchilar uchun amal qiladi:

  • birinchi guruh uchun (gazlangan va gazsiz suv, ichimliklar, shuningdek, fermentlanmagan shirin meva va sabzavot sharbatlari (uzumdan tashqari)) — 2024-yil 1-martdan;
  • ikkinchi guruh uchun (metall idishlardagi suv va ichimliklar) — 2024-yil 1-avgustdan (o‘zgarmagan).

Tovarlarni raqamli markirovkalash joriy etilishi 2018-yilning dekabr oyida e’lon qilingandi. 2019-yilda tizim operatori Alisher Usmonovning USM xoldingi va “Rostex”ga tegishli CRPT Turon (ilgari unga Rossiyada ham xuddi shunday funksiya ishonib topshirilgan) bo‘lishi ma’lum qilingan. Hozirda uning ta’sischisi Digital Holding (100%) hisoblanib, bu korxona Davlat aktivlarini boshqarish agentligi (49%), Digital Invest (46,1%) va Vadim Kimga (4,9%) tegishli.

2021-yilning yozida suv va ichimliklar ishlab chiqaruvchilari markirovkalash bo‘yicha pilot loyiha iqtisodiy jihatdan maqsadga muvofiq emasligini aytib, uni to‘xtatishga chaqirishgandi. Markirovkalash bilan shug‘ullanayotgan CRPT Turon kompaniyasi esa ularning xavotirlarini “mif” deb atagan.

2022-yil 15-apreldan maishiy texnika vositalarini majburiy markirovkalash boshlandi. Bitta kodning narxi 68 so‘m (QQSsiz) turadi, deb xabar bergan Spot.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSh Digital Invest`ga qarshi sanksiyalar kiritgandi. Shu bilan birga, AQSh G‘aznachiligi istisno qilib, agar operatsiyalar Tojikiston yoki O‘zbekistonda telekommunikatsiya xizmatlarini ko‘rsatishga qaratilgan bo‘lsa, “MegaFon” yoki Digital Invest foydasiga har qanday bitimlar, jumladan, Amerika tovarlari va texnologiyalarini sotish uchun muddatsiz litsenziya bergan.