Prezident topshirig‘iga ko‘ra, butun dunyoda “Toshkent Qur’oni” nomi bilan mashhur bo‘lgan Usmon mus’hafini konservatsiya va restavratsiya qilish rejalashtirilgan, deb xabar qildi O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi matbuot xizmati.

Ushbu kitob Toshkentdagi O‘zbekiston musulmonlari idorasining “Mo‘yi Muborak” madrasasidagi muzey-kutubxonasida saqlanmoqda. Qo‘lyozma uchinchi xalifa Usmon ibn Affon topshirig‘i bilan VII asrda hijoz yozuvida qayta yozilgan.

тошкент қуръони, Usmon mus’hafi

Loyihada xorijlik mutaxassislar, jumladan, Kembrij universitetidan Kristin Roz, fransiyalik restavratorlar Akselya Delo va Korali Barb, shuningdek, Istanbul qo‘lyozmalar ustaxonasi va arxiv bo‘limi mudiri Nil Baydar ishtirok etmoqda. Ular har bir sahifani ko‘zdan kechirib, bosqichma-bosqich ta’mirlash rejasini ishlab chiqadi hamda kelgusida muhofaza qilish bo‘yicha tavsiyalarni beradi.

тошкент қуръони, Usmon mus’hafi

Qur’onning jami olti nusxasi ko‘chirildi. Har birining o‘lchami 53×68 sm bo‘lgan 338 varaqdan iborat.

“Dunyodagi eng qadimiy qo‘lyozmalardan birini restavratsiya qilishda ishtirok etish men va hamkasblarim uchun beqiyos sharafdir. Usmon mus’hafini o‘rganib chiqib, uning qoniqarli holatda ekanini hisobga olib, qadimiy qo‘lyozmaning umumiy holatini saqlab qolgan O‘zbekiston musulmonlari idorasidagi hamkasblarimizga minnatdorlik bildiramiz. Restavratsiya ishlaridan tashqari qo‘lyozmani keyingi saqlash va o‘rganish bo‘yicha tavsiyalar ro‘yxatini tuzamiz”, — dedi Kembrij xalqaro universiteti restavratsiya va konservatsiya bo‘limi rahbari Kristin Roz.

тошкент қуръони, Usmon mus’hafi

Usmon mus’hafini Samarqandga 14-asrda sarkarda Amir Temur Iroqdan olib kelgan. U Samarqanddagi madrasada uzoq yillar davomida saqlangan. O‘rta Osiyo chor Rossiyasi tomonidan bosib olingandan so‘ng Turkiston general-gubernatori Kaufman 1869-yilda uni Peterburgga ko‘chirgan. 1905-yilda bu kitob 50 nusxada chop etilgan.

1917-yilda Rossiyadagi tartibsizliklardan so‘ng Toshkent va Sirdaryo ulamolarining iltimosiga ko‘ra 1923-yilda maxsus farmon qabul qilindi va unga ko‘ra 1924-yilda Muqaddas kitob O‘zbekistonga qaytarildi.

тошкент қуръони, Usmon mus’hafi

1989-yilda O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasining qabul qilingan qaroriga asosan Usmon mus’hafi O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufiga o‘tkazilgan.

1997-yilda YUNESKO mazkur Qur’onni “Jahon xotirasi” ro‘yxatiga kiritdi.

Ish O‘zbekiston madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi hamda Musulmonlar idorasi ko‘magi hamda nazorati ostida amalga oshirilmoqda.