UBS banki o‘zi egalik qiluvchi Credit Suisse banki xodimlariga pul yuvish, poraxo‘rlik va korrupsiya xavfini cheklash uchun xavf darajasi yuqori mamlakatlardan, shu jumladan, O‘zbekistondan yangi mijozlarni jalb qilishni taqiqladi, deb xabar berdi Financial Times.

Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, Shveysariyaning UBS banki jiddiy muammolarga uchragan raqibini qo‘lga kiritganidan keyin Credit Suisse bankirlariga qattiq cheklovlar qo‘ygan. Shu jumladan, yuqori xavf toifasiga kiruvchi mamlakatlardan yangi mijozlar jalb qilish taqiqlangan.

Pul yuvish, poraxo‘rlik va korrupsiya xavfini cheklash uchun yangi mijozlarni jalb qilish taqiqlangan mamlakatlar ro‘yxatida Afg‘oniston, Albaniya, Belarus, Burkina-Faso, Kongo, Salvador, Eritreya, Efiopiya, Gvineya, Gaiti, Iroq, Kosovo, Qirg‘iziston, Liviya, Moldova, Myanma, Nikaragua, Falastin, Rossiya, Shri-Lanka, Sudan, Tojikiston, Turkmaniston, O‘zbekiston, Venesuela, Yaman va Zimbabve borligi aytilgan.

UBS va Credit Suisse banklarining o‘zi bu qoidalar yuzasidan izoh berishdan bosh tortdi.

Qayd etilishicha, ikki bank birlashtirilgan birinchi kundan boshlab Credit Suisse xodimlariga bir qator faoliyatni taqiqlovchi yigirmaga yaqin “qizil chiziqlar” ro‘yxati tuzilgan. Potensial pul yuvishning oldini olish uchun ukrainalik siyosatchilar va davlat korxonalari ham bloklanishi aytilgan.

Credit Suisse xodimlari, shuningdek, UBS rahbarlaridan yaxtalar, kemalar va 60 million dollardan ortiq ko‘chmas mulk kabi aktivlar bilan ta’minlangan kreditlar muddatlarini uzaytirish uchun ruxsat so‘rashlari kerak bo‘ladi.

Eslatib o‘tamiz, Mustaqil media markazlar va jurnalistlar xalqaro tarmog‘i platformasi OCCRP Shveysariyaning Credit Suisse bankining sizdirilgan 18 mingdan ortiq hisob raqamlarini o‘rganib, bank xizmat ko‘rsatgan muammoli mijozlar bo‘lganligini aniqlagandi. Bank tomonidan xizmat ko‘rsatilgan mijozlar orasida yuqori lavozimli siyosatchilar va ularning yaqinlari bor. Ular orasida 4 nafar o‘zbekistonliklar ham mavjud ekani xabar qilingandi.

Keyinchalik Alisher Usmonov matbuot xizmati uning singlisi Saodat Narziyevaning Shveysariyaning Credit Suisse bankidagi hisobraqamlarida 2004-yildan beri 5,8 mlrd dollardan ko‘proq mablag‘lar bo‘lganligi to‘g‘risida tarqatilgan xabarlarni rad etgandi.