17-may kuni Shavkat Mirziyoyev va rasmiy tashrif bilan O‘zbekistonga kelgan Malayziya bosh vaziri Anvar Ibrohim ikki mamlakat delegatsiyalari ishtirokida muzokara o‘tkazdi, deb xabar bermoqda Prezident matbuot xizmati.

Tomonlar ikki davlat o‘rtasidagi do‘stlik va ko‘p qirrali sheriklik munosabatlarini kengaytirish masalalarini ko‘rib chiqdi. O‘zbekiston rahbari so‘nggi 16 yilda ilk bor o‘tkazilayotgan ushbu oliy darajadagi tashrif ikki tomonlama munosabatlar tarixida yangi davr ochayotganini ta’kidladi.

“Malayziya nafaqat Janubi-Sharqiy Osiyo mintaqasida, balki jahon miqyosida katta salohiyatga ega bo‘lgan, jadal o‘sib borayotgan davlatdir. Mamlakatingiz bilan aloqalarni sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish asosiy maqsadimiz hisoblanadi”, — deb ta’kidladi u.

Muzokaralarda siyosiy muloqot va parlamentlararo aloqalarni mustahkamlash, xalqaro tashkilotlar doirasida o‘zaro qo‘llab-quvvatlashni davom ettirish, gumanitar va ta’lim dasturlarini amalga oshirish, turizm va madaniy almashinuvni faollashtirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Savdo-iqtisodiy va investitsiya sohalarida amaliy hamkorlik masalalari yuzasidan fikr almashildi.

Xabarda ta’kidlanishicha, o‘tgan yil yakuni bo‘yicha tovar ayirboshlash hajmi ikki baravardan ziyodga o‘sgan, qo‘shma korxonalar soni ortib bormoqda, Toshkent va Kuala-Lumpur o‘rtasidagi aviareyslar ko‘paymoqda.

Davlatlar o‘zaro savdo hajmining kelgusida ham o‘sishini ta’minlash va ko‘rsatkichlarini muvozanatlashtirish, yirik qo‘shma loyihalarni amalga oshirishni rejalashtirmoqda.

Tashrif doirasida o‘tkaziladigan O‘zbekiston-Malayziya biznes forumi yakunlari investitsiyaviy sheriklikni kengaytirishga, innovatsiyalar, sanoat, “yashil” energetika, neft-kimyo, elektr texnikasi va elektronika, farmatsevtika va boshqa sohalarda yetakchi kompaniyalar kooperatsiyasiga xizmat qilishiga ishonch bildirildi.

Shavkat Mirziyoyev mamlakat O‘zbekiston-Malayziya sanoat zonasini tashkil etishga tayyor ekanini bildirdi.

Qishloq xo‘jaligida, jumladan, suvni tejash texnologiyalarini joriy etish, meva-sabzavot mahsulotlarini yetishtirish va qayta ishlash, “Halol” standartlari bo‘yicha sertifikatlashtirish masalalari bo‘yicha hamkorlik istiqbollari ko‘rib chiqildi.

Axborot texnologiyalari, kambag‘allikni qisqartirish va transport bog‘liqligini kengaytirish sohasidagi sheriklik masalalari muhokama qilindi.

Savdo-iqtisodiy hamkorlik kun tartibini tizimli kengaytirish maqsadida amaldagi Savdo bo‘yicha qo‘shma qo‘mitani Hukumatlararo komissiyaga aylantirish va uning birinchi yig‘ilishini joriy yilda o‘tkazish zarurligi ta’kidlandi.

Madaniy-gumanitar almashinuvni faollashtirishga qat’iy intilish bildirildi.

Kadrlarni tayyorlash va malakasini oshirish, energetika, islom moliyasi, ekologiya, sun’iy intellekt, turizm sohalarida hamkorlikni kengaytirish, sog‘liqni saqlash sohasida ilmiy-amaliy aloqalarni mustahkamlash muhimligi ta’kidlandi.

Malayziyalik sayyohlarning O‘zbekistonga oqimi tez sur’atlarda o‘sib borayotgani qayd etildi. “Ziyorat turizmi bo‘yicha qo‘shma dasturlarni amalga oshirish, shu jumladan, „Umra plyus“ loyihasini ilgari surish hamda yoshlarimiz o‘rtasida muloqotni mustahkamlash choralari muhokama qilindi”, — deyiladi xabarda.

Yetakchilar Markaziy va Janubi-Sharqiy Osiyodagi mintaqaviy hamkorlikning dolzarb jihatlari hamda Afg‘oniston masalasi yuzasidan ham fikr almashdi. BMT, Islom hamkorlik tashkiloti va Qo‘shilmaslik harakati doirasida o‘zaro qo‘llab-quvvatlashni davom ettirish muhimligi ta’kidlandi.

“Markaziy Osiyo + ASEAN” formatida tashqi ishlar vazirlari muloqotini tuzish taklifini ko‘rib chiqish tashabbusi bildirildi.

Muzokaralar yakunlari bo‘yicha O‘zbekiston prezidenti va Malayziya bosh vaziri Ko‘p qirrali hamkorlikni chuqurlashtirish to‘g‘risidagi qo‘shma bayonotni imzoladi.