O‘zbekistonda iyun oyi me’yordan 2−3 daraja issiqroq bo‘ladi

2015-yildan buyon O‘zbekistonda yozgi havo harorati me’yordan yuqori bo‘lib kelmoqda. O‘zgidromet prognoziga ko‘ra, bu yilgi iyun oyida harorat me’yordan 2−3 daraja issiq bo‘ladi. Ayrim kunlarda hududlarda qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi mumkin, lekin yog‘ingarchilik miqdori me’yordan kam bo‘lishi kutilmoqda.

Toshkentda jamoat transportida yo‘lkira narxi avgust oyigacha oshmaydigan bo‘ldi

May oyi oxirida Toshkent jamoat transporti uchun moslashuvchan tariflar joriy etilishi kerak edi. Biroq, shahar kengashi “tariflarning oshishiga qat’iyan qarshi” chiqdi. Deputatlar o‘zgarishlarni 1-avgustga qoldirdi. “Gazeta.uz” yangi tizimga o‘tish nega zarurligini tushuntiradi.

Jazirama kunlarda Toshkent metrosining yerusti uchastkalarida harakat tezligi pasayadi

Havo isishi sababli yerusti temiryo‘llarining rels va po‘lat qismlarida harorat yuqorilashi mumkin. Bunday kunlarda Toshkent metropolitenining yerusti yo‘nalishlarida harakat tezligi pasaytiriladi. Relslar harorati +60 daraja bo‘lganda, tezlik 40 km/soatdan, +65 darajada 25 km/soatdan oshmaydi.

Shavkat Mirziyoyev “Yevropa Ittifoqi — Markaziy Osiyo” ikkinchi sammitida ishtirok etadi

O‘zbekiston prezidenti Markaziy Osiyo va Yevropa Ittifoqi yetakchilarining ikkinchi sammitida ishtirok etadi. Sammit 2-iyun kuni Qirg‘izistonning Cho‘lponota shahrida bo‘ladi.

Vohid Hamidov Ta’limni rivojlantirish respublika markazi direktori bo‘ldi

Vohid Hamidov yaqinda tashkil etilgan Ta’limni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi direktori bo‘ldi. Ilgari u AOKAning Kitob savdosi va axborot-kutubxona resurslari bo‘limi va Avtotest Mirobod kompaniyasiga rahbarlik qilgan. U Novda Edutainment rahbari sifatida ham qayd etilgan.

May oyida inflyatsiya 0,5 foizni tashkil etdi

O‘zbekistonda may oyida inflyatsiya 0,5 foizni tashkil etib, yillik inflyatsiya 10,4 foizgacha pasaydi. Oziq-ovqatlar, nooziq-ovqatlar va xizmatlar bir xilda — 0,5 foizga qimmatlashdi.

Tomorqasida band bo‘lganlarga ham mehnat staji hisoblanishi mumkin

Senat tomonidan ma’qullangan qonunga ko‘ra, endi shaxsiy tomorqa yer uchastkasida band bo‘lgan yer uchastka egasi yoki uning oila a’zolariga mehnat staji hisoblanadi. Buning uchun ular tomonidan yiliga BHMning kamida 1 baravari miqdorida soliq to‘lab boriladi.

Senat “Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida”gi qonunni ma’qulladi

Senatda “Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida”gi qonun ma’qullandi. Endilikda ushbu munosabatlarni tartibga solish uchun Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi vakolatli organ bo‘lib, sohadagi faoliyatni muvofiqlashtiradi hamda manfaatlar to‘qnashuvi bilan bog‘liq holatlar aniqlanganda sudga da’vo kiritadi.

Nodirbek Abdusattorov Norway Chess`ning ikkinchi turida g‘olib bo‘ldi

O‘zbekistonlik grossmeyster Nodirbek Abdusattorov shaxmat bo‘yicha Norvegiya turnirining ikkinchi turida Aryan Tarini mag‘lub etib, turnir jadvalida uchinchi o‘ringa ko‘tarildi.

O‘zbekistonda 17 oy davomida 429,3 mlrd so‘mlik davlat xaridlarida manfaatlar to‘qnashuvi aniqlangan

Antikorrupsiya agentligi tomonidan 2021-yil va 2022-yilning 5 oyi davomida 429,3 mlrd so‘mlik 5805 ta davlat xaridlarida manfaatlar to‘qnashuvi holatlariga yo‘l qo‘yilgani aniqlandi.

Metro vagonida qizga shahvoniy shilqimlik qilgan ikki bloger 5 sutkaga qamaldi

Metro vagonida tutqichni ushlab turgan qizga shilqimlik qilib, “prank” video olgan ikki blogerning har biriga 5 sutkadan ma’muriy qamoq jazosi tayinlandi.

Uyda kir yuvish mashinalarining bo‘lishi iqtisodiy faol ayollar sonini oshiradi — MHTI tahlili

MHTI tadqiqotiga ko‘ra, uyda kir yuvish mashinalarining bo‘lishi iqtisodiy faol ayollar sonini oshiradi. Ekspertlar qurilma suv va energiya sarfini kamaytirish bilan birga, ayollarga haftasiga 4 soat vaqtini tejash imkonini berishini, bu vaqtni ular farzandlari uchun sarflashi mumkinligini bildirdi.

O‘zbekistonda qancha nogironligi bo‘lgan shaxslar yashaydi?

Jahon bankiga ko‘ra, 2022-yilda aholining 2,3 foizi yoki 845,3 ming kishi nogironligi bo‘lgan shaxslar deb topilgan. 60 yoshdan kattalarning 54 foizi nogironlikning ma’lum shakliga ega. Bunday shaxslar turli sohalarda qiyinchiliklarga uchramoqda, hukumat esa vaziyatni yaxshilashga urinyapti, deyiladi tadqiqotda.

“UNG Petro” “zapravka”lar tarmog‘ini xususiylashtirish boshlandi

“O‘zbekneftgaz”ga qarashli “UNG Petro” MJCHning 100 foizlik davlat ulushini xususiylashtirish jarayonlari boshlandi. Davaktiv agentligi mamlakatdagi eng yirik “zapravka”lar tarmog‘ini xususiylashtirishga konsultant jalb etish yuzasidan tanlov e’lon qildi.

“Gazeta.uz”da e’lon qilingan maqolalar:

Chegaradagi dengiz

Beruniy yashagan davrlarda uning nomi “Qiz dengizi” edi. Dengizdan kam joyi yo‘q — uzunligi 100−120 (taxminan Toshkentdan Gulistongacha bo‘lgan masofa), eni 30−40 km atrofida, bu qirg‘og‘idan narigisi ko‘rinmaydi. Asrlar bo‘yi necha bor qurib, so‘ng yana suvga to‘lgan bu joy hozir shunday ataladi — Sariqamish.