O‘zbekiston mamlakatda Eron dronlari ishlab chiqarilishi haqidagi bayonotlarni qat’iyan rad etdi

Mudofaa sanoati davlat qo‘mitasi ukrainalik jurnalist Dmitriy Gordon va uning mehmoni Leonid Nevzlin O‘zbekistonda Eron dronlari yig‘ilishi haqida aytgan fikrlarini rad etdi. Bu kabi xabarlar O‘zbekistonning boshqa davlatlar bilan munosabatlariga salbiy ta’sir qilishi mumkin, dedi qo‘mita.

TIV Ukraina hukumatidan OAVlarda O‘zbekistonga nisbatan asossiz ayblovlar tarqatilishiga yo‘l qo‘ymaslikni so‘radi

O‘zbekiston TIV mamlakat Eron bilan harbiy-texnik sohada hamkorlik qilmasligi va harbiy dronlar ishlab chiqarmayotganini qayd etdi. Vazirlik Ukraina rasmiylariga murojaat qilib, O‘zbekiston to‘g‘risida OAVlarda asossiz ayblovlar tarqatilishiga yo‘l qo‘ymaslikni so‘radi.

Ikkichi do‘koni «xatolar» uchun ogohlantirildi

Yakkasaroy hokimligi peshlavhasidagi matn ataylab xatolar bilan yozilgan Ikkichi do‘konini «Davlat tili to‘g‘risida»gi qonunni buzgani uchun ogohlantirdi. Brend asoschisi Pahlavon Turdiyev «Gazeta.uz»ga bergan intervyusida Ikkichi nomidan: «Bugn oqutuv4m kankretniy ikki q6ydi dnevnigimga» deya izoh berdi.

O‘zbekiston fuqarolari texnik xatolar tufayli chaqiruv qog‘ozlarini olmoqda — Moskvadagi elchixona

O‘zbekistonning Moskvadagi elchixonasi 26 nafar o‘zbekistonlik chaqiruv qog‘ozini olganini tasdiqladi. Dipmissiya o‘zbekistonliklar chaqiruv qog‘ozi olayotgan shu va boshqa holatlarni «texnik xatolik» deb atadi va hujjatlar tekshiruvidan so‘ng safarbarlik uchun chaqiruv bekor qilinayotganini qayd etdi.

Samarqandda IIO xodimlari mahbusni kaltaklagani aytilgan xabarlar rad etildi

Viloyat boshqarmasi mahbus qo‘lga olingan vaqtda jarohati bo‘lganini ma’lum qildi. IIV matbuot kotibi Shohruh G‘iyosov Ombudsman axborot xizmatini huquqiy baho berilmagan murojaatni bir tomonlama yoritganini ta’kidladi.

Namangan viloyati hokimligiga tegishli mashina 5 yoshli bolani urib ketgani aytilmoqda

Ijtimoiy tarmoqda Namangan viloyati hokimligi tasarrufidagi Land Cruiser mashinasi 5 yoshli bolani urib yuborgani haqida xabar tarqaldi. Hokimlik bayonotiga ko‘ra, voqea 7 oktabrda sodir bo‘lgan. Shuningdek, hozirda piyodaning ahvoli yaxshi ekani va holat IIB tomonidan rasmiylashtirilgani qayd etildi.

Shavkat Mirziyoyev Yevropa Ittifoqini «aqlli» qishloq xo‘jaligini rivojlantirishga chaqirdi

Shavkat Mirziyoyev «Markaziy Osiyo — Yevropa Ittifoqi» sammitida davlatlarni «yashil» taraqqiyot sohasidagi hamkorlikni faollashtirishga, «aqlli» qishloq xo‘jaligini rivojlantirishga chaqirdi. Prezident mamlakatlarning barqaror taraqqiyoti yo‘lida sammit formatidagi ochiq muloqot tarafdori ekanini ta’kidladi.

I va II guruh nogironlik pensiyasi tayinlanganidan keyingi ishlangan vaqt ish stajiga qo‘shiladi

Prezident imzolagan yangi qonun bilan endi I va II guruh nogironlik pensiyasi tayinlanganidan keyingi ishlangan vaqt ish stajiga qo‘shib hisoblanadi. Maxsus ish staji kamida 25 yil bo‘lgan tibbiy xodimlari belgilangan yoshni 5 yilga qisqartirilgan holda pensiya olish huquqiga ega bo‘ladi.

Yil yakuni bo‘yicha inflyatsiya darajasi 12−12,5% atrofida bo‘lishi prognoz qilinmoqda

Markaziy bank tomonidan o‘tkazilgan matbuot anjumanida 2022 yil yakuniga ko‘ra inflyatsiya darajasi 12−12,5% atrofida bo‘lishi, 2023 yilda esa 8,5−9,5% gacha pasayishi prognoz qilindi. Mos ravishda YAIM 5,2−5,8%, 2023 yilda 4,5−5% bo‘lishi kutilmoqda.

«Abu Saxiy Center»dagi avtoturargohda Orlando mashinasida yong‘in chiqdi

Chilonzor tumanidagi «Toshkent savdo markazi»ning ko‘p qavatli avtoturargohida Orlando mashinasining dvigatelida nosozlik sabab yong‘in kelib chiqdi. Tuman FVB xodimlari kelib, yong‘inni o‘chirdi. Hodisadan bino va atrofdagi boshqa avto ulovlar zarar ko‘rmadi.

Surxondaryoda 11 kg «gashish»ni O‘zbekistonga olib kirishga uringanlar ushlandi

Surxondaryo viloyatida 11 kg «gashish» giyohvandlik moddasini mamlakatga olib o‘tishga uringanlikda gumonlangan 11 nafar shaxs qo‘lga olindi. Ularga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Retseptsiz beriladigan dorilar ro‘yxatini SSV tomonidan tasdiqlash bekor qilinadi

Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan retseptsiz beriladigan dorilar ro‘yxatini tasdiqlash va dori moddalarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish bekor qilinadi. Farmatsevtika mahsulotlari hisobi va nazorati axborot tizimi joriy etiladi.

Yil oxirigacha 572 ta mahallada tibbiyot punkti tashkil etiladi

Prezident 2 oyda 300 ta mahallada tibbiyot punkti ochish bo‘yicha topshiriq berdi. Martgacha punktlar oilaviy poliklinikalardan 10 km uzoqlikdagi 272 ta mahallada ham paydo bo‘ladi. Yana 640 ta tez yordam mashinasi xarid qilinadi. Qolaversa, shifokorlarning maoshini oshirish bo‘yicha qaror loyihasi tayyorlanadi.

Toshkentdagi atrof-muhitga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi 15 ta korxona faoliyati to‘xtatildi — Ekoqo‘mita

Ekologiya qo‘mitasi 9 oyda 648 ta subyektda, poytaxtning o‘zida esa 60 ta korxonada ekologik nazorat tadbirlari o‘tkazdi. Natijada atrof-muhitni ifloslantirgan korxonalardan 49,5 mlrd (Toshkentda — 15,5 mlrd) so‘mdan ortiq kompensatsiya undirildi. Sud qarori bilan 15 ta korxona faoliyati to‘xtatildi.

MB asosiy stavkani 15% darajasida o‘zgarishsiz qoldirdi

Markaziy bank asosiy stavkani yillik 15 foiz darajasida o‘zgarishsiz qoldirishga qaror qildi.

«Gazeta.uz»da e’lon qilingan maqola:

«Davlat tili: 33 yillik javobsiz savol». Faqat 21 oktabrdagina eslanadigan muammolar

Davlat tili haqidagi qonun qabul qilinganiga 33 yil bo‘ldi. Avvaliga qadamlar dadil tashlandi, keyinchalik esa qonun qayta-qayta tahrilanadigan, vazifalar ortga suriladigan, sal o‘tib amalga oshmaydigan bo‘lib qoldi. «Gazeta.uz» 21 oktabrdagina eslanadigan o‘zbek tili haqida ziyolilar fikrini so‘radi.