Shavkat Mirziyoyev Sankt-Peterburg shahriga yetib keldi

Shavkat Mirziyoyev amaliy tashrif bilan Rossiyaning Sankt-Peterburg shahriga yetib keldi. O‘zbekiston prezidenti mazkur tashrif davomida MDHga a’zo davlatlar rahbarlarining norasmiy sammitida ishtirok etadi.

Shaxmat: Nodirbek Abdusattorov jahon chempionini mag‘lub etdi

O‘zbekistonlik shaxmatchi Nodirbek Abdusattorov rapid bo‘yicha jahon chempionatining 10-turida jahon chempioni Magnus Karlsenni mag‘lub etdi. Rossiyalik Vladimir Fedoseyev va hindistonlik Gukesh Dommaradjuga qarshi kechgan o‘yinlarda esa durang qayd etdi. Shunga qaramasdan u turnir yetakchiligini saqlab turibdi. Bungacha u reytingning yuqori o‘ntaligidagi ikki nafar shaxmatchidan ustun kelgandi.

Ko‘chmas mulk bozorida shartnomalar soni oshdi

Noyabrda O‘zbekistonda ko‘chmas mulk oldi-sotdisi bo‘yicha 22,5 mingta shartnoma tuzildi, bu bir oy oldingiga nisbatan 4 foizga, o‘tgan yilning noyabriga nisbatan esa 14,4 foizga ko‘pdir. Shu bilan birga, ITIM hisob-kitoblariga ko‘ra, ipoteka asosida uy-joy sotib olish imkoniyatiga ega bo‘lgan aholi ulushi 26 foizni tashkil etadi.

Prezidentning tibbiyot xodimlari bilan ochiq muloqotiga 4500 dan ortiq murojaat kelib tushdi

SSV O‘zbekiston prezidentining yaqin kunlarda o‘tkazilishi rejalashtirilgan olimlar, shifokorlar, farmatsevtlar, hamshiralar va tizim xodimlari bilan ochiq muloqoti uchun 4500 dan ziyod murojaat kelib tushganini ma’lum qildi. Savol va takliflarning eng ko‘pi sog‘liqni saqlash tizimining birlamchi bo‘g‘iniga taalluqli.

100 kishida koronavirus aniqlandi — bu 15 martdan beri kuzatilgan eng past ko‘rsatkich

Dushanba kuni 100 kishida koronavirus infeksiyasi aniqlandi, deya xabar qildi SSV. Bu so‘nggi 9 oydagi eng past ko‘rsatkich. Eng ko‘p holat avgust oyida qayd etilgan edi — 974 kishi.

O‘zbekistonliklar to‘la avtobus Qozog‘istonda YTHga uchradi

Ichida O‘zbekiston fuqarolari bo‘lgan avtobus Qozog‘iston trassasida Mercedes-Benz yengil avtomashinasi ustiga ag‘darildi. Yengil avtomashinadagi 3 nafar yo‘lovchi halok bo‘lgan, avtobus yo‘lovchilariga jiddiy shikast yetmagan.

Xorijiy valyutalarni ayirboshlovchi bankomatlar yanvar oxirigacha ish boshlaydi

Uzcard bankomatlarning sentabrdan beri ishlamayotgan dollar ayirboshlash funksiyasini yanvar oyi oxirigacha tiklashni rejalashtirmoqda.

Janubiy Koreya O‘zbekiston FVVga avtomobil va maxsus texnika jo‘natdi

Koreya Respublikasi O‘zbekiston Favqulodda vaziyatlar vazirligi ehtiyojlari uchun sakkizta o‘t o‘chirish avtomobili, shuningdek, himoya vositalari va jihozlarini yubordi. Bundan tashqari, Janubiy Koreya tomoni bilan Toshkent viloyatida yong‘in xavfsizligi bo‘yicha o‘quv majmuasini qurish bo‘yicha investitsiya loyihasi ishlab chiqilmoqda.

Uzcard va Humo kartalaridan pul yechib oluvchi terminal namoyish etildi

Bitta terminalda ham Uzcard, ham Humo kartalariga xizmat ko‘rsatish imkoniyati paydo bo‘ldi. Uzcard va Humo to‘lov tizimlari o‘zaro integratsiyalashuvning birinchi bosqichini tamomladi. Ikkinchi bosqichda kassa terminallari ham umumiy bo‘ladi.

Yakkasaroyda 81 tup noqonuniy kesilgan daraxt uchun to‘langan jarima Ekoqo‘mitaga o‘tkazib berildi

Yakkasaroy tumanida 81 tup daraxt kesilgani uchun quruvchidan 1 mlrd 890 mln so‘m undirilgan edi. Deputat Rasul Kusherbayev departament bu pullarni Ekoqo‘mitaga o‘tkazmayotgani haqida post qoldirib, biroz vaqtdan so‘ng uni o‘chirib tashlagandi. 28 dekabr kuni Toshkent shahar ekologiya va atrof — muhitni muhofaza qilish boshqarmasi jarima puli Ekoqo‘mitaga o‘tkazilganini ma’lum qildi.

Tadbirkorlikni ro‘yxatdan o‘tkazish to‘lovi 5 barobarga kamaytiriladi

Tadbirkorlik subyektini ro‘yxatdan o‘tkazish to‘lovi miqdori BHMning 20 foizi (54 ming so‘m) etib belgilandi. Ilgari buning uchun BHMning 1 baravarini (270 ming so‘m) to‘lash kerak edi. Shuningdek, tadbirkorlikni qayta ro‘yxatdan o‘tkazish rad etilgan kundan 5 ish kuni ichida boj to‘lamasdan qayta murojaat qilinishi mumkin. Boshqa litsenziyalarni olish ham soddalashtirildi.

O‘zbekiston terma jamoasi sobiq futbolchisi Nikolay Shirshov vafot etdi

O‘zbekiston terma jamoa va Toshkentning «Paxtakor» klubi sobiq a’zosi Nikolay Shirshov 47 yoshida vafot etdi. U terma jamoa safida 63 ta o‘yin o‘tkazib, 13 ta golga mualliflik qilgan.

O‘zbekistonliklarni AQShga noqonuniy jo‘natishga va’da qilgan shaxslar ushlandi

Davlat xavfsizlik xizmati va huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari ikki samarqandlikka AQShga yuborishga va’da berib, har biridan 30 ming dollardan talab qilgan shaxslarni qo‘lga oldi.

O‘zbekistonga olib kirilgan 3,7 kg giyohvand moddalari musodara qilindi

DXX hududiy boshqarmalari Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Sirdaryo va Namangan viloyatlarida 3 kg 757 grammlik giyohvand moddalarini musodara qildi. Giyohvand moddalari Tojikiston va Qirg‘izistondan olib kirilgan.

Chust hokimligining xizmat mashinalari jarima maydonchasiga qo‘yildi

Chust tuman hokimligining uchta avtomobili OAVdagi maqolalardan so‘ng yo‘l harakati qoidalarini buzganlik uchun jarimalar to‘planib qolgani sababli jarima maydonchasiga qo‘yildi. Jami 42 ta bayonnoma tuzilgan bo‘lib, jarimalarning umumiy qiymati 20,7 mln so‘mni tashkil etadi. Ayrim qoidabuzarliklar 2018 yilda sodir etilgan.

«Gazeta.uz»da chiqqan fotomateriallar:

Amirsoy tog‘-chang‘i kurortida Express yangi dor yo‘li ishga tushirildi

Amirsoy tog‘-chang‘i kurortiga eltuvchi Amirsoy Express yangi dor yo‘li foydalanishga topshirildi. 10 kishilik 74 ta gondola taxminan 10 daqiqa ichida avtomobil yo‘lidan dam olish maskaniga olib chiqadi. Foto, video va narxlar.