Markaziy Osiyoda qariyb 2,5 mln kishi iqlim migrantlariga aylanishi mumkin — JB

Iqlim o‘zgarishlari 250 mln kishini o‘z mamlakatlari ichida ko‘chishga majbur qilishi mumkinligini ko‘rsatmoqda Jahon banki hisob-kitoblari. Markaziy Osiyoda yashayotgan qariyb 2,5 mln kishi iqlim migrantlariga aylanadi. Farg‘ona vodiysi, Toshkent atrofi, Tojikiston janubi va Qozog‘iston shimoli — oqim manzillari.

“Prezidentlikka Alisher Qodir…” — Alisher Qodirov saylov kampaniyasini boshladi

Dushanba kuni prezidentlikka nomzodlarning saylovoldi kampaniyasi boshlandi. “Milliy tiklanish” partiyasi tashviqot ishlariga start berib, banner va viderolikni e’lon qildi. Alisher Qodirovning familiyasi to‘liq ko‘rinmaganligi sababli, bannerda jumlani quyidagicha o‘qish mumkin: “Alisher Qodir”.

Ommaviy tadbirlar va yig‘ilishlarni o‘tkazishga ruxsat berildi

20 sentabrdan boshlab O‘zbekistonda tomosha, madaniy-ko‘ngilochar, ommaviy tadbirlar va yig‘ilishlarni ochiq maydonlar hamda yopiq majmualarda o‘tkazishga ruxsat berildi. Madaniy-ko‘ngilochar obyektlar xodimlari va ommaviy tadbirlari tashkilotchilari koronavirusga qarshi vaksinaning kamida 2 ta dozasi bilan emlanishi shart. Tashrif buyuruvchilarda emlanganlik to‘g‘risidagi QR-kodli sertifikati bo‘lishi tavsiya etildi.

Juma namozini faqat ochiq sahnalarda ado etish bo‘yicha cheklov bekor qilindi

Respublika maxsus komissiyasi qarori bilan 24 sentabrdan boshlab juma va boshqa namozlarni masjidning faqat ochiq sahnalarida ado etish bo‘yicha cheklov bekor qilindi.

To‘y va oilaviy marosimlarni 100 kishidan ko‘p bo‘lmagan holda o‘tkazishga ruxsat berildi

20 sentabrdan to‘yxonalarda oilaviy tantana, to‘y, ma’raka va marosimlarni o‘tkazish 100 kishidan ko‘p bo‘lmagan hamda sanitariya va gigiyena talablariga qatiy rioya etgan holda o‘tkazilishiga ruxsat berildi.

Muhtoj bo‘lgan 100 nafar xotin-qizning to‘lov-kontrakti hokimliklar tomonidan to‘lab beriladi

Hukumat qarori bilan har bir hududdan ota-onasi yoki ularning biridan ayrilgan muhtoj qizlar, boquvchisi yo‘q yolg‘iz 100 nafar ayollarning to‘lov-kontrakti hokimliklar tomonidan har yili to‘lab beriladi. 50 nafargacha xotin-qizlar birinchi o‘quv yilida bepul o‘qitilishi ham ko‘zda tutimoqda.

Metro poyezdlaridan birida texnik nosozlik yuzaga keldi

Toshkent metropoliteni bo‘sh vagonning yopiq eshiklari oldida ko‘plab yo‘lovchilar yig‘ilgan videoga izoh berdi. Poyezdlardan biridagi havo taqsimlash tizimida texnik nosozlik yuzaga kelgan, yo‘lovchilar bekatda tushurilgan va poyezd texnik ko‘rik punktiga olib ketgan.

“Xalq so‘zi” muxbiri Said Maxsumov avtohalokatda vafot etdi

Qoraqalpog‘istondagi YTHda to‘rt kishi, jumladan “Xalq so‘zi” gazetasi muxbiri 36 yoshli Said Maxsumov vafot etdi.

Shavkat Mirziyoyev BMT sessiyasida nutq so‘zlaydi

Bugun prezident huzurida qator obyektlar qurilishiga bag‘ishlangan taqdimot bo‘lib o‘tadi. Ertaga Shavkat Mirziyoyev videoaloqa orqali BMT Bosh Assambleyasining 76-sessiyasi tantanali ochilishida ishtirok etadi va nutq so‘zlaydi.

Prezident Toshkentdagi yangi qurilish loyihalari bilan tanishdi

Prezident Shavkat Mirziyoyev poytaxtda amalga oshirilayotgan qurilish loyihalari bilan tanishdi. Respublika onkologiya va radiologiya tibbiyot markazining 10 qavatli, 650 statsionar va 100 ambulator o‘ringa ega bino loyihasi taqdim etildi. Shuningdek, “Yangi O‘zbekiston” universitetining o‘quv kampusi va Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy bog‘i hududidagi yangi kutubxona loyihasi ko‘rib chiqildi.

“Surxon” futbolchisi klub rahbariyati uni kaltaklaganini aytdi. Klub futbolchi jamoa rahbarini haqorat qilganini ma’lum qildi

Termizning “Surxon” klubi futbolchisi Javohir Esonqulov jamoa sardori, klub sport direktori va birinchi vitse-prezidenti tomonidan do‘pposlanganini ta’kidladi. Klub esa Esonqulov jamoa rahbarining kabinetiga kiraverishdagi devorga uni haqorat qiluvchi so‘z yozib qoldirganligini ma’lum qilib, faqat ikkita futbolchi o‘rtasida mushtlashuv bo‘lganini aytdi. Futbolchining rafiqasi uni dubinkalar bilan kaltaklaganini ta’kidlamoqda.

“Trest-12” davlat ulushini sotib olish uchun arizalar qabuli boshlandi

“Trest-12” qurilish kompaniyasini xususiylashtirishga tayyorgarlik ko‘rilmoqda. UzAssets investitsiya kompaniyasi “raqobatga asoslangan sotuv jarayoni orqali” “Trest-12” ustav kapitalidagi 51,12 foizlik aksiyalar paketi sotilishi haqida e’lon berdi.

Fuqarolik sudlarida ishlar soddalashtirilgan tartibda ko‘rib chiqiladi

Qonunchilikka fuqarolik protsessida soddalashtirilgan tartibda ish yuritish instituti kiritildi. Da’voning bahosi yuridik shaxslarga nisbatan BHMning 20 baravaridan, YATTga nisbatan 10 baravaridan, jismoniy shaxslarga nisbatan esa 5 baravaridan oshmasa, ishlar soddalashtirilgan tartibida ko‘rib chiqiladi.

“Gazeta.uz"da chiqqan maqolalar:

Guantanamo mahbuslari, sobiq vazir va qo‘mondonlar — Afg‘oniston muvaqqat hukumati kimlardan tuzilgan?

“Tolibon” tomonidan tuzilgan Afg‘onistonning vaqtinchalik hukumat tarkibi 33 kishidan iborat bo‘ldi. Ular orasida Lavozimlarning aksariyat qismini pushtunlar egallagani holda, boshqa etnik guruhlarga bor-yo‘g‘i uch yoki to‘rtta o‘rin ajratildi. Afg‘onistondagi muvaqqat hukumat tarkibi kimlardan iborat va ular haqida nimalar ma’lum?