Prezident topshirig‘i bilan Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi Muhiddin Do‘sanboyevning nabirasi Toshkent davlat iqtisodiyot universitetiga grant asosida qabul qilindi, deb xabar bermoqda Daryo.

Toshkent viloyati hokimi Zoir Mirzayev 8-may kuni oliy ta’lim vaziri Kongratbay Sharipov bilan birga Mudofaa vazirligining Markaziy harbiy klinik gospitalida bo‘ldi. Mas’ullar u yerda davolanayotgan Muhiddin Do‘sanboyev holidan xabar olib, nabirasi Imona o‘qishga qabul qilinganini aytdi.

“Biz sizga muhtaram prezidentimizning sovg‘asini olib keldik. Nevarangizni Toshkent davlat iqtisodiyot universitetiga qabul qildik grant asosida”, — dedi vazir.

Zoir Mirzayev qiz bilan suhbatda uning bank sohasiga qiziqishi borligini sezganini, bu “juda zamonaviy, eng rivojlanib borayotgan, kelajagi bor soha” ekanini aytdi.

“Siz ham lekin yaxshi yo‘nalishga o‘qishga kiritgan ekansiz-a, bankirlik sohasiga? Yaxshi o‘ylab qilgan ekansiz”, — dedi u urush qatnashchisiga.

Bundan tashqari, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti rektori To‘lqin Teshabayev qiz universitetning “bu yilgi birinchi talabasi bo‘lganini” qayd etdi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Qurolli kuchlari harbiylari va xodimlari farzandlarining kvota asosida respublika OTMga o‘qishga kirishida tavsiyanoma berish tartibi to‘g‘risidagi nizomda harbiy xizmatchilarning nabiralariga imtiyoz taqdim etilishi ko‘zda tutilmagan.