Ijtimoiy tarmoqlarda «Surxon» klubi futbolchisi Javohir Esonqulov 3 kishi tomonidan do‘pposlangani haqida aytib bergan videolavha tarqaldi. Unda futbolchi klub direktorining o‘g‘li, jamoa sardori Asror G‘ofurov va klubning sport direktori Abdumajid Toirov tomonidan do‘pposlanganini ta’kidlagan.

«Surxon» klubi matbuot xizmati mazkur holat yuzasidan izoh berdi.

Ma’lum qilinishicha, «Surxon» klubi va jamoaning sobiq futbolchisi Javohir Esonqulov o‘rtasida tuzilgan mehnat shartnomasi 21 iyul kuni har ikkala tomonning o‘zaro kelishuviga ko‘ra bekor qilingan. Futbolchi klubdan hech qanday moliyaviy e’tirozi yo‘qligi haqidagi rasmiy xujjatga qo‘l qo‘yib, tasdiqlab bergan. Shundan so‘ng, futbolchi O‘zPFL ro‘yxatidan chiqarilgan.

Qayd etilishicha, sobiq futbolchi shartnoma bekor qilingan bo‘lsada, klub ofisiga doimiy tashrif buyurib, yana qo‘shimcha pullar talab qila boshlagan. Qo‘shimcha qilinishicha, sobiq futbolchilar Javohir Esonqulov va Akrom Xo‘jayevlar o‘zaro til biriktirib, klub ofisi eshigi yonida klub rahbari nomiga nisbatan qo‘pol so‘zlar ishlatib yozuv qoldirishgan va uning shaxsini kamsitgan.

«Klubdagi bu vaziyatlardan xabar topgan jamoa sardori Asror G‘ofurov vaziyatga oydinlik kiritish maqsadida har ikkala futbolchini klub ofisiga olib kelgan va ushbu so‘zlarni nega yozganligi bo‘yicha izoh so‘ragan. Dastlab, futbolchilar ushbu so‘zlarni ular yozmaganliklarini aytishgan, lekin ularning har bir harakati klub ofisida o‘rnatilgan kuzatuv kameralarida yozib olingan», — deyiladi xabarda.

Ta’kidlanishicha, jamoa sardori Asror G‘ofurov futbolchilarga «shu jamoada o‘ynab, shu jamoani nonini yeb, tuzligiga tupurmaslik kerakligini tushuntirgan». O‘rtada ziddiyat paydo bo‘lgan va ikkala futbolchi bir-birlari bilan mushtlashib ketishgan.

Klubning ta’kidlashicha, klub sport direktori A.Tairov va klub 1-vitse prezidenti A.Abduraxmonov har ikkala futbolchini ajratishgan va ularni yarashtirib qo‘yishgan.

Jamoa matbuot xizmati «Javohir Esonqulov tomonidan klub rahbari shaxsini kamsitgan yozuv», deya yozuv o‘chirilgan fotoni e’lon qildi. Suratning asl ko‘rinishi tegishli organlarga taqdim etilishi aytildi.

Foto: «Surxon» klubi matbuot xizmati

Keyinroq futbolchilarning yozma ravishda o‘z aybini tan olgani aks etgan surat taqdim etildi.

Foto: «Surxon» klubi matbuot xizmati

Mazkur voqealardan so‘ng Javohir Esonqulovning rafiqasi Rushana Mirsodiqova videomurojaat bilan chiqdi. U futbolchilarga nisbatan qilingan xatti-harakatlar va voqea xususida batafsil to‘xtaldi.

«Men yakunda adolat qaror topishi uchun qo‘llab-quvvatlashingizni so‘rayman. Ular prezident apparatida o‘z odamlari borligini va hech kim hech nima qila olmasligini iddao qilishmoqda. Kecha „Surxon“ klubi vitse-prezidenti Azamat Abdurahmonov turmush o‘rtog‘im (Javohir Esonqulov)ni aldov yo‘li bilan, go‘yo eski qarzlarni to‘lash maqsadida oldiga chaqirdi. Avval Akrom Xo‘jayevni, keyin esa xo‘jayinimni „dubinkalar“ bilan kaltaklay boshlashgan. Jamoa sardori Asror G‘ofurov ularni ushlab turgan», — deydi u.

«Xo‘jayinim 31 avgust kuni „Azamat …“ deb yozgan. Shundan so‘ng bu odamlar futbolchilar (Akrom Xo‘jayev va Javohir Esonqulov)ni alohida, bitta-bitta xonalariga chaqirishgan. Ular oldindan bunga tayyorgarlik ko‘rishgan. Videotasvirlar o‘chirib yuborilgan. Voqea joyida spirt, otvyortka, arqon bo‘lgan. Keyin futbolchilar qo‘rqitilgan va bosim ostida ariza yozib berishgan», — deya qo‘shimcha qiladi Rushana Mirsodiqova.

Uning ta’kidlashicha, Asror G‘ofurov Esonqulovga qo‘ng‘iroq qilib, «Javohir, do‘stona hal qilaylik, meni ham oilam, bola-chaqam bor» deb aytgan. «U kecha urayotganda shuni o‘ylamaganmidi? Javohir va Akromni ham oilasi bor. U o‘zini „erkak“ deb hisoblaydimi? Shunchaki hayratdaman», — deydi Javohir Esonqulovning rafiqasi.