Ijtimoiy tarmoqlarda bugun, 20 sentabr kuni ertalab poytaxt metrosidagi bekatlardan birida, bo‘sh vagon eshigi oldida yo‘lovchilarning yig‘ilib turgani aks etgan video tarqaldi. Toshkent metropoliteni ma’muriyati ushbu holat yuzasidan rasmiy izoh berdi.

«09:10 da G‘ofur G‘ulom bekatidan Chorsu bekatiga harakatlanishi lozim bo‘lgan 41-yo‘nalishdagi harakat tarkibida havo taqsimlash tizimida texnik nosozlik yuzaga kelgan», deyiladi xabarda.

Harakat xavfsizligini ta’minlash maqsadida yo‘lovchilar bekatda tushurilgan va ortda harakatlanib kelgan 43-yo‘nalishdagi harakat tarkibi yordam sifatida kelib, nosoz harakat tarkibini texnik ko‘rik punktiga olib ketgan. Texnik nosozlik 09:25 da bartaraf etilgan.

Metropoliten ma’muriyati yo‘lovchilardan keltirilgan noqulayliklar uchun uzr so‘radi.