2050 yilga kelib, iqlim o‘zgarishi dunyoning olti mintaqasidagi 216 ml kishini o‘z mamlakatlarining boshqa qismlariga ko‘chishga majbur qilishi mumkin. Bu haqda Jahon bankining o‘tgan hafta chop etilgan Groundswell («To‘qqizinchi to‘lqin») yangi hisobotida aytilgan.

«Iqlim o‘zgarishi ichki migratsiyani harakatga keltiruvchi qudratli kuch bo‘lib, u aholinig daromad mabalariga chambarchas bog‘liq va uning ta’siri eng ko‘p seziladigan hududlarda aholining hayot sifatiga keskin ta’sir ko‘rsatadi», — deyiladi hisobotda.

Hisobot uchta mintaqa uchun prognozlar va tahlillarni o‘z ichiga oladi: Sharqiy Osiyo va Tinch okeani, Shimoliy Afrika, Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo. Unda davlat organlariga uzoq istiqboldagi rejalarni ishlab chiqishga yordamlashish uchun kelajakda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan hodisalaring ehtimoliy rivojini taxmin qilishga imkon beruvchi ssenariylar asosidagi yondashuvlardan foydalanilgan.

Mazkur yondashuv mamlakat ichidagi iqlim migrantlarining chiqib ketish va borib joylashish «o‘choqlari», ya’ni suv tanqisligi, ekinlar hosildorligi pasayishi va dengiz sathi ko‘tarilishi tufayli odamlar chiqib ketishi kutilayotgan joylar, shuningdek hayotni yangidan boshlash uchun qulayroq bo‘lgan shahar va qishloq tumanlarini aniqlaydi.

Mutaxassislarning ogohlantirishicha, bu mintaqalarda ichki iqlim migratsiyasi «o‘choqlari» 2030 yilgacha shakllanishi mumkin va 2050 yilga borib bu jarayonning ko‘lami va intensivligi oshadi. Afrika davlatlarining Sahroi Kabirdan janubga ko‘chadigan ichki iqlim migrantlari ichki bu yilda 86 mln, Sharqiy Osiyo va Tinch okeani mintaqasida 49 mln, Janubiy Osiyoda 40 mln, Shimoliy Afrikada 19 mln, Lotin Amerikasida 17 mln, Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyoda 5 mlnga yetishi mumkin.

Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasi uchun xulosalar

2050 yilga kelib Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyoda 5,1 mln nafargacha iqlim muhojirlari paydo bo‘lishi mumkin. Bu umumiy prognoz qilinayotgan aholining 2,3 foizini tashkil qiladi. Ulardan 2,4 mln nafargachasi Markaziy Osiyoda yashaydi (o‘rtacha tayanch pessimistik ssenariy bo‘yicha).

Mutaxassislarning taxmin qilishicha, Farg‘ona vodiysi (Qirg‘iziston, Tojikiston va O‘zbekiston hududida), Toshkent atrofida va Tojikiston janubidagi pasttekisliklar (shu jumladan Dushanbeda), shuningdek, Qozog‘iston shimolidagi aholi zich joylashgan shaharlar (Qarag‘anda, Nur-Sulton va Kostanay) iqlim muhojirlari oqimi zonasiga aylanadi. Bu Markaziy Osiyoning ushbu hududlarida suv ta’minoti va ekinlar hosildorligi ortishi kutilayotgani bilan bog‘liq, deyiladi hisobotda.

Ekspertlar Qozog‘iston janubi, O‘zbekiston va Tojikistonning Farg‘ona vodiysiga tutash hududlari, shuningdek, Bishkek atrofidagi yerlar iqlim migrantlarining chiqib ketish zonasiga aylanishini kutishmoqda. Bu mintaqaning ushbu qismlarida suv ta’minoti va ekinlar hosildorligining pasayishi bilan bog‘liq, deyiladi hisobotda.

Xuddi shu sabablarga ko‘ra, Amudaryo bo‘yida joylashgan Sharqiy Turkmaniston va O‘zbekiston janubining ayrim hududlari ham iqlim muhojirlari uchun potensial chiqib ketish joylari sifatida qaraladi, deb hisoblamoqda ekspertlar.

Ekspertlar tavsiyalari

Hisobotda aytilishicha, global chiqindilarni kamaytirish hamda yashil, inklyuziv va barqaror rivojlanishni qo‘llab-quvvatlash uchun zudlik bilan birgalikda choralar ko‘rish iqlim migratsiyasini 80 foizga kamaytirishi mumkin.

Mutaxassislar iqlim migratsiyasi ta’sirini kamaytiradigan va kutilayotgan migratsiya oqimiga tayyorgarlik ko‘radigan bir qator siyosiy tavsiyalarini berdilar, jumladan:

  • global miqyosda chiqindilarni kamaytirish va haroratga nisbatan Parij shartnomasi (atmosferada karbonat angidrid gazini kamaytirish bo‘yicha chora-tadbirlarni tartibga soluvchi BMTning iqlim o‘zgarishi to‘g‘risidagi konvensiyasi bo‘yicha kelishuv — tahr.) maqsadlariga erishish uchun barcha choralarni ko‘rish;
  • ekologik toza, barqaror va inklyuziv rivojlanishni uzoq muddatli rejalashtirishda ichki iqlim migratsiyasi omili hisobga olinishini to‘liq ta’minlash;
  • ichki iqlim migratsiyasi moslashish strategiyalaridan biriga aylanishi va rivojlanishning ijobiy natijalarini berishi uchun migratsiyaning har bir bosqichiga tayyorgarlik ko‘rish;
  • maqsadli siyosatni oqilona ishlab chiqish uchun ichki iqlim migratsiyasi sabablarini chuqur o‘rganishga sarmoya kiritish.

Jahon bankining 2018 yilda chop etilgan oldingi «To‘qqizinchi to‘lqin» hisoboti Sahro Afrikasi, Janubiy Osiyo va Lotin Amerikasiga bag‘ishlangan edi. Unda mutaxassislar 2050 yilga kelib dunyoning ushbu uch mintaqasida ichki iqlim muhojirlari soni 143 nafarga yetishini bashorat qilishgan.