24 sentabrdan boshlab juma namozlarini masjid ichkarisida o‘qish mumkin bo‘ladi. Bu haqda SSV matbuot xizmati xabar bermoqda.

Respublika maxsus komissiyasi qaroriga binoan, O‘zbekiston musulmonlari idorasi hamda Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning taklifiga binoan 24 sentabrdan e’tiboran juma namozi va boshqa namozlarni masjidlarning faqat ochiq sahnalarida ado etilishiga oid cheklov bekor qilindi.

Eslatib o‘tamiz, 13 avgustdan masjidlarning barcha ishchi va xodimlari (salomatligi bo‘yicha qarshi ko‘rsatma bo‘lgan xodimlari bundan mustasno) koronavirusga qarshi vaksinaning kamida 2 ta dozasi bilan emlanganligi to‘g‘risidagi sertifikatga ega bo‘lgan taqdirda ushbu masjidlarning ochiq sahnalarida juma namozini o‘tkazishga ruxsat berilgan edi. Boshqa diniy konfessiyalarga mansub diniy tashkilotlarga ham mazkur tartibni tatbiq etish tavsiya qilingan edi.

Oldinroq 20 sentabrdan ommaviy tadbirlarni o‘tkazishga ruxsat berilganligi, to‘ylardagi mehmonlar soni 100 kishidan ko‘p bo‘lmasligini ta’minlash kerakligi bo‘yicha talablar e’lon qilinganligi haqida ham xabar berilgan edi.