Jurnalist va «Xalq so‘zi» gazetasi muxbiri Said Maxsumov 36 yoshida yo‘l -transport hodisasida vafot etdi. Ushbu ma’lumotni nashr tahririyati «Gazeta.uz»ga tasdiqladi.

YTH Toshkentga qaytishda, Qoraqalpog‘istonning Tuproq-qal’a aholi punkti yaqinida sodir bo‘lgan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, to‘rt kishi — avtomobil haydovchisi va uch yo‘lovchisi vafot etgan.

Ma’lum qilinishicha, Said Maxsumov boshqa jurnalistlar bilan birgalikda Nukusda bo‘lib o‘tgan II Xalqaro baxshi festival-tanlovining yoritilishida qatnashgan.

YHXBB mazkur YTH tafsilotlarini e’lon qildi. Unga ko‘ra, 19 sentabr kuni soat 23:35 larda, Xorazm viloyati, Tuproqqal’a tumani, Sarimoy qishlog‘i hududidan o‘tgan A-380 «G‘uzor-Buxoro-Nukus-Beyneu» xalqaro ahamiyatdagi avtomobil yo‘lining 493-kilometrida, haydovchi, A.M. (1996 y.t.) boshqaruvidagi «Tacuma» rusumli hamda haydovchi, B.M. (1970 y.t) boshqaruvida bo‘lgan «Isuzu» rusumli avtomobillar ishtirokida to‘qnashuv sodir bo‘lgan.

Natijada, «Tacuma» rusumli avtomobil haydovchisi A.M. hodisa joyida, ushbu avtomobil yo‘lovchilari S.M. shifoxonaga olib ketilayotganda, R.J. va A.Q.lar shifoxonada vafot etgan.

YTH yuzasidan Tuproqqal’a tumani IIB huzuridagi TB tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 266-moddasi 3-qismi «a» (transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish odamlar o‘limiga sabab bo‘lsa) bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.