Davlat aktivlarini boshqarish agentligi huzuridagi UzAssets investitsiya kompaniyasi «Trest-12» ustav kapitalidagi davlat ulushini «raqobatga asoslangan sotuv jarayoni orqali» sotish rejasini e’lon qildi.

Ayni vaqtda Toshkent hokimligiga tegishli bo‘lgan 51,12 foiz aksiyalar paketi Deloitte xalqaro konsalting kompaniyasi maslahatchiligida sotiladi.

UzAssets ma’lumotlariga ko‘ra, sotuv jarayoni barcha manfaatdor tomonlar uchun ochiq bo‘lgan takliflarni taqdim etishning raqobatga asoslangan jarayoni sifatida tashkil etilgan. Jarayon manfaatdor xaridorlardan takliflarni qabul qilish va bir yoki bir nechta manfaatdor ishtirokchilar bilan keyingi muzokaralardan iborat bo‘ladi.

Ariza va boshqa zarur hujjatlarni topshirgan nomzodlar kompaniya haqidagi batafsil ma’lumotlarni olishlari mumkin, biroq buning uchun dastlab konfediallik to‘g‘risidagi bitimni (NDA) imzolashlari kerak bo‘ladi.

Arizalarni topshirishning oxirgi muddati 2021 yil 17 oktabr kuni Toshkent vaqti bilan soat 18:00gacha, majburiy takliflarni qabul qilish muddati keyingi bosqichga o‘tkazilgan ishtirokchilarga Konsultant tomonidan xabar qilinadi.

Muzokaralar davomida narx taklifi va shartnoma bandlari bo‘yicha kelishilgan shartlarining eng yaxshi kombinatsiyasini taklif qilgan ishtirokchi g‘olib deb e’lon qilinadi.

Qayd etilishicha, UzAssets sotish jarayonining ketma-ketligini o‘zgartirish yoki potentsial xaridorga (xaridorlarga) sotishni yoki sabablarini tushuntirmasdan istalgan vaqtda ular bilan muzokara olib borishni rad etish huquqini o‘zida saqlab qoladi.

«Trest-12» haqida

Investitsiya kompaniyasi ma’lumotlariga ko‘ra, «Trest-12» O‘zbekistondagi eng nomdor qurilish kompaniyalaridan biri bo‘lib, 1979 yildan buyon faoliyat olib bormoqda. Kompaniyaning Toshkentda o‘z ishlab chiqarish-texnik bazasi, shuningdek, murakkab texnik vazifalarni bajarishga qodir bo‘lgan ko‘p yillik tajribaga ega, yuqori malakali professional muhandis xodimlari mavjud. Kompaniya katta qurilish loyihalarini mustaqil ravishda amalga oshirish imkoniyatiga ega bo‘lgan texnikalar parkiga ega.

Trest bir necha o‘nlab muhim obektlar qurilishlarini amalga oshirgan, ular orasida jamoat binolari (O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi va vazirliklar binolari, Milliy kutubxona, Minor masjidi va boshqalar), sanoat obyektlari (shu jumladan GM Powertrain zavodi), Hyatt Regency mehmonxona majmuasi, universiteti va boshqalar bor. Hozirgi vaqtda Trest 2021 va 2022-yillarga mo‘ljallangan katta qurilish ishlari buyurtmalariga ega, Xalqaro Islom markazi, Jizzax EIZda avtomobil yig‘ish zavodi, Toshkent shahridagi qator turar joy majmualari, O‘zbekistonning Qozog‘istondagi elchixonasi qurilishi va boshqalar shular jumlasiga kiradi.

Kompaniyaning qarz majburiyatlari yo‘q va O‘zbekistondagi qurilish pudratchilari elektron reytingida «BB» reytingiga ega.