20 sentabrdan prezidentlikka nomzodlarning saylovoldi tashviqotiga start berildi.

Saylov kodeksining 45 moddasiga tashviqot omma oldida ochiq munozaralar, bahslar, matbuot konferensiyalari, fuqarolarning yig‘ilishlari, intervyular, ommaviy axborot vositalarida chiqishlar, roliklarni joylashtirish shaklida olib borilishi mumkin. Bundan tashqari, bosma, ko‘rgazmali, audiovizual va boshqa tashviqot materiallarini (plakatlar, varaqalar va boshqa materiallarni) chiqarish hamda tarqatish orqali amalga oshiriladi.

Saylovoldi tashviqoti nomzodlarni ro‘yxatga olish uchun belgilangan oxirgi kunning ertasidan e’tiboran boshlanadi. Bu kun 19 sentabrga to‘g‘ri kelgan.

Shu munosabat bilan, «Milliy tiklanish» partiyasidan prezidentlikka nomzod bo‘lgan Alisher Qodirov o‘z saylov kampaniyasini boshladi. Nomzodning «Alisher Qodir…» shiori ostidagi bannerlari va e’lon qilingan videorolikni ko‘rish mumkin.

«Oqni oq, qorani qora deymiz. Haqiqatga tik boqamiz. Muammolarni tan olamiz va barchasini bugun o‘zgartiramiz. O‘zbekistonni o‘zgartirishga qodir — Alisher Qodirovga ovoz bering», — deyiladi rolikda.


Foto: t.me/muxbir1.

Ijtimoiy tarmoqlarda erta tongdan Alisher Qodirov tasvirlangan banner muhokama qilinmoqda va birinchi qarashda «Prezidentlikka Alisher Qodir» — «Alisher prezidentlikka qodir» kabi o‘qiladigan so‘zlar tasvirlangan. Yaxshilab e’tibor berilsa, to‘liq matn paydo bo‘ladi: «Prezidentlikka nomzod Alisher Qodirov» degan so‘zlarni ko‘rish mumkin.

Shuningdek, bugun, 20 sentabr kuni soat 17:00 da Samarqand shahridagi «Registon» maydonida Alisher Qodirovning ilk mitingi bo‘lib o‘tadi.

Iyun oyida bergan intervyusida Alisher Qodirov bo‘lajak saylovlarda partiyaning «muqobil g‘oyasi bo‘lishi»ni aytgan edi. Unda u hamma narsada ham hamfikr emasligini ta’kidlagan.

11 sentabr kuni MSK Milliy tiklanish partiyasidan Alisher Qodirovni hamda Ekologik partiyadan Narzulla Oblomuradovni prezidentlikka nomzod sifatida ro‘yxatga olgan. 14 sentabrda esa XDPdan Maqsuda Vorisova, «Adolat»dan Bahrom Abduhalimov va O‘zLiDePdan Shavkat Mirziyoyevni prezidentlikka nomzodlar sifatida ro‘yxatga olindi.

Saylov kuni va boshlanishidan bir kun oldin saylovoldi tashviqotini o‘tkazish taqiqlanadi.