Avgust oyida AQSh Afg‘onistonda qariyb 20 yil mobaynida olib borgan harbiy harakatlariga yakun yasashi va o‘z qo‘shinlarini mamlakatdan olib chiqib ketishi, Afg‘onistonda Ashraf G‘ani hukumatining tanazzulga uchrab, «Tolibon» harakati hokimiyatni o‘z qo‘liga olishi bilan yakunlandi va bu voqealar butun jahon mediasining e’tiborini tortdi. «Tolibon» qo‘l ostidagi mamlakat va 35 millionlik afg‘on xalqining kelgusidagi taqdiri jahon hamjamiyati, siyosiy doiralar, shuningdek, keng jamoatchilik o‘rtasida qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘lmoqda.

Mamlakatda bo‘lib turgan turli tartibsizlik va noroziliklar, qarshilik harakatlari fonida «Tolibon» yangi muvaqqat hukumat tuzilganligini e’lon qildi. Hukumat tarkibidagi asosiy vazifalarning aksariyati pushtunlarga berilganligi «Tolibon» hokimiyati mamlakatda, o‘zi da’vo qilganidek, tenglik va adolat o‘rnatishi masalasiga nisbatan shubhalarni kuchaytirdi.

Anadolu nashri «Tolibon» muvaqqat hukumati tarkibi, etnik bo‘linishi va hukumat a’zolari to‘g‘risida mavjud ma’lumotlar yoritilgan maqolani e’lon qildi. «Gazeta.uz» mazkur maqolaning tarjimasini taqdim etadi.


Foto: Anadolu Agency

7 sentabr kuni Kobulda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida «Tolibon» matbuot kotibi, hozirda madaniyat va axborotlashtirish vaziri vazifasini bajaruvchi Zabihulloh Mujohid 33 kishilik vaqtinchalik hukumat tuzilganligini e’lon qildi.

Vaqtinchalik hukumat tarkibidagi o‘rinlarning aksariyat qismini pushtunlar egallagani holda, boshqa etnik guruhlarga bor-yo‘g‘i uch yoki to‘rtta o‘rin ajratilganligiga qaramay, Mujohid kelgusida hukumat tarkibidan ko‘proq odamlar joy egallashini ta’kidladi.

Hukumatdagi aksariyat lavozimlarni egallagan pushtunlar 35 millionlik Afg‘oniston aholisining qariyb yarmini tashkil etib, asosan mamlakatning janubiy viloyatlarida istiqomat qiladi.

Ikkinchi eng katta etnik guruh hisoblangan tojiklarning ko‘pchiligi Kobul shimolidagi viloyatlarda, jumladan, Panjsher va Tojikiston bilan chegara hududlarda yashaydi. Tojiklar jami aholining taxminan chorak qismini tashkil etadi.

Tojiklardan keying yirik etnik guruh — bu hazoralar bo‘lib, mamlakat aholisining 10% qismi ular hissasiga to‘g‘ri keladi. Afg‘onistonda istiqomat qiluvchi boshqa etnik guruhlarga o‘zbeklar, turkmanlar, gujarlar va nuristoniylar kiradi.

«Tolibon» vaqtinchalik hukumatida bosh vazir vazifasini bajaruvchi, vazir vazifasini bajaruvchilar va boshqaruv apparatining boshqa xodimlari quyidagilardan iborat:

Mulla Muhammad Hasan Ohund (bosh vazir vazifasini bajaruvchi)

«Tolibon» hukumatida vazirlar boshlig‘i vazifasini bajaruvchi yoki bosh vazir etib tayinlanishidan oldin Mulla Muhammad Hasan Ohund 20 yil davomida qudratli qaror qabul qiluvchi organ — Rahbari Sho‘ro yoki rahbariyat kengashi boshlig‘i edi. Asli «Tolibon»ning kelib chiqish joyi — Qandahordan bo‘lgan pushtun, harakatning asoschilaridan biri hisoblanadi.

U, shuningdek, Qandahor hokimi va 2001 yilgacha toliblar hukumati davrida Vazirlar Kengashi vitse-prezidenti vazifasini bajargan.

Mulla Abdul G‘ani Barodar (vazirlar boshlig‘i o‘rinbosari vazifasini bajaruvchi)

Barodar «Tolibon» harakati asoschi a’zolaridan biri, harakatning Dohadagi siyosiy idorasini boshqaradi. Pushtun etnik guruhi durroni urug‘ining 53 yoshli bu vakili «Tolibon» hokimiyati vaqtida viloyat hokimi va mudofaa vaziri o‘rinbosari lavozimlarida faoliyat yuritgan. U 2010 yilda Pokistonning port shahri Karachida hibsga olingan va 2018 yilning oktabrida AQSh so‘rovi bilan ozod qilingan.

Mulla Abdul Salom Hanafiy (vazirlar boshlig‘i o‘rinbosari vazifasini bajaruvchi)

Hanafiy «Tolibon»ning yuqori martabali yetakchisi va Qatardagi siyosiy idorada guruhning muzokara jamoasining asosiy a’zosi. U, shuningdek, 1996−2001 yillar oralig‘ida birinchi «Tolibon» rejimi vaqtida ta’lim vaziri o‘rinbosari edi.

Hanafiy Yozyovon viloyatidan, o‘zbek millatiga mansub, bir nechta madrasalarda, shu jumladan, Karachidagi madrasada tahsil olgan. Hanafi, shuningdek, biroz muddat Kobul universitetida dars bergan. U «Tolibon» harakati tashkil etilganidan buyon uning a’zosi bo‘lib kelgan.

Qori Din Muhammad Hanif (iqtisodiyot vaziri vazifasini bajaruvchi)

Shimoliy-sharqiy Badaxshon viloyatining Shakarlab qishlog‘idan bo‘lgan, tojik millatiga mansub Qori Din Muhammad Hanif hukumat tarkibidan o‘rin olgan etnik ozchilik guruhning kam sonli vakillaridan biri. U birinchi «Tolibon» rejimi vaqtida rejalashtirish vaziri bo‘lgan va keyinchalik «Tolibon» Oliy kengashida Badaxshon va Taxor viloyatlariga mas’ul sifatida faoliyat yuritgan. 2010 yilda akademik tadbirlarda Hanif «Tolibon» nomidan ko‘rinish bera boshladi.

Qori Fasihuddin (qurolli kuchlar shtabi boshlig‘i vazifasini bajaruvchi)

«Tolibon»ning badaxshonlik tojik qo‘mondoni Qori Fasihuddin Sho‘ro («Tolibon» kengashi) a’zosi bo‘lib, janglarga boshchilik qilgan va Afg‘onistonning shimoliy viloyatlari, shu jumladan, Panjsher ustidan nazoratni qo‘lga olgan.

Hoji Muhammad Idris (Afg‘on markaziy bankining boshlig‘i vazifasini bajaruvchi)

Idris aholisining aksariyat qismi turkman va o‘zbeklardan tashkil topgan shimoliy Yozyovon viloyatidan.

Mulla Muhammad Yoqub (mudofaa vaziri vazifasini bajaruvchi)

Yoqub «Tolibon»ning asoschisi, yetakchisi va birinchi oliy rahbari Mulla Muhammad Umar Ohundzodaning o‘g‘li. Yoqub pushtunlarning hotak urug‘idan bo‘lib, 2020 yildan beri «Tolibon»ning tashkiliy rahbari hisoblanadi.

Sirojiddin Haqqoniy (ichki ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi)

«Haqqoniy tarmog‘i» rahbari bo‘lgan Haqqoniy sharqiy hududlarda, jumladan, Paktiya, Xost, Nangarharda, shuningdek, Kobul ichida va atrofida AQSh kuchlari va Kobul hukumati kuchlariga qarshi operatsiyalarga jalb qilingan. Haqqoniy asli Paktiyadan bo‘lib, pushtunlarning zadran urug‘iga mansub.

Amir Xon Mottakiy (tashqi ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi)

Mottakiy «Tolibon»ning kelib chiqishi Paktiyadan bo‘lgan, Zabul, Qandahor va Helmand viloyatlarida istiqomat qilgan taniqli qo‘mondoni. Birinchi «Tolibon» rejimi vaqtida madaniyat, axborotlashtirish va ta’lim vaziri bo‘lgan. U, shuningdek, «Tolibon»ning hozirgi oliy rahbari Hibatulloh Oxundzoda bilan yaqin bo‘lib, Doha muzokara guruhiga qo‘shilishidan oldin uning shaxsiy kotibi vazifasini bajargan.

Xayrulloh Xayrxva (axborotlashtirish va madaniyat vaziri vazifasini bajaruvchi)

Qandahorlik asli pushtun bo‘lgan Xayrxva AQShga qarshi urushda qo‘mondon va «Tolibon»ning birinchi hokimiyati davrida ichki ishlar vaziri va Hirot viloyati hokimi vazifasini bajargan. U 2002 yilda Pokistondagi afg‘on chegarasi yaqinida qo‘lga olingan va qariyb 12 yil davomida Guantanamo qamoqxonasida saqlangan. U, shuningdek, «Tolibon»ning tinchlik muzakorasi a’zosi hisoblanadi.

Mavlavi Nur Muhammad Saqib (Haj va din ishlari vaziri vazifasini bajaruvchi)

Saqibning kelib chiqishi Kobul viloyatining Deh Sabz tumanidan bo‘lib, pushtunlarning ahmadzay urug‘iga mansub. U 11 sentabr voqealaridan oldin «Tolibon»ning sobiq bosh qozisi va harakatning diniy ishlar kengashi boshlig‘i bo‘lgan.

Mavlavi Abdul Hakim Shar’i (adliya vaziri vazifasini bajaruvchi)

55 yoshli Shar’i Oxundzodaning yaqin yordamchisi deb taxmin qilinadi. U Hamid Karzay va Ashraf G‘ani hokimiyatlari vaqtida Kobulda urushdan vayron bo‘lgan mamlakatda yashirin bosh sudya vazifasini o‘tagan. U ishaqzay urug‘idan bo‘lgan pushtun.

«Tolibon»ning yashirin bosh sudyasi sifatida Hakim harakat nazorati ostidagi hududlarda Islomiy shariat qonunlarini targ‘ib qilgan. Birinchi «Tolibon» hokimiyati vaqtida Qandahorda «Tolibon» sudlarida sudya sifatida faoliyat yuritgan va Pokistondagi Xayber-Paxtunxva viloyati Akora Xattakda joylashgan Dor-ul-Ulum madrasasida dars bergan.

Nurulloh Nuri (chegaralar va qabila ishlari bo‘yicha vazir vazifasini bajaruvchi)

Nuri pushtunlar yetakchilik qiluvchi janubiy Zabul viloyatidan. Birinchi «Tolibon» rejimi vaqtida Balx va Lagman hokimi, shuningdek, shimoliy hududlar qo‘mondoni edi. U 2001 yilda Afg‘oniston hukumati tomonidan qo‘lga olingan va AQShga topshirilgan. 2002 yilda Guantanamo qamoqxonasiga ko‘chirilib, u yerda 13 yil saqlangan. Nuri ham Dohadagi «Tolibon» muzokara guruhining a’zosi edi.

Muhammad Iso Oxund (konlar va yoqilg‘i bo‘yicha vazir vazifasini bajaruvchi)

Iso birinchi «Tolibon» rejimi vaqtida suv, kanalizatsiya va elektr ta’minoti vaziri edi. Millati pushtun va Qandahorning Spin Boldak tumanida tug‘ilgan. U ham «Tolibon» kengashida turli lavozimlarda ishlagan.

Mulla Abdul Latif Mansur (suv va energiya vaziri vazifasini bajaruvchi)

Mansur Paktiyadan bo‘lgan pushtun. U, shuningdek, qishloq xo‘jaligi vaziri sifatida faoliyat yuritgan va bir necha yil Pokistonda yashagan. Pokistondagi Xayber-Paxtunxvada Akora Xattakda joylashgan Haqqoniya madrasasida diniy ta’limni tamomlagan. U sobiq jihodchilar qo‘mondoni Mavlavi Nasrulloh Mansurning jiyani. Hozirda o‘z oilasi bilan Qatarda istiqomat qilish bilan birga Mansur «Tolibon»ning tinchlik muzokaralari guruhi a’zosi.

Abdul Boqi Haqqoniy (oliy ta’lim vaziri vazifasini bajaruvchi)

1960 yilda Nangarhar viloyati Jalolobod tumanida tug‘ilgan Haqqoniy pushtunlardan.

Birinchi «Tolibon» rejimi vaqtida Haqqoniy Xost va Paktika viloyatlari hokimi, axborotlashtirish va madaniyat ishlari vaziri o‘rinbosari va Tashqi ishlar vazirligi konsullik boshqarmasi a’zosi sifatida faoliyat yuritgan.

Najibulloh Haqqoniy (telekommunikatsiyalar vaziri vazifasini bajaruvchi)

Haqqoniy «Tolibon» rejimida, 2001 yilda unga barham berilmasidan avval, jamoat ishlari bo‘yicha vazir o‘rinbosari bo‘lgan. U pushtunlardan bo‘lib, shimoliy-sharqiy Kunar viloyatida «Tolibon» kengashiga xizmat qilgan.

Xalil-ur-Rahmon Haqqoniy (qochqinlar bo‘yicha vazir vazifasini bajaruvchi)

U zadran urug‘idan bo‘lgan pushtun, Sirojiddin Haqqoniyning amakisi va «Haqqoniy tarmog‘i» yetakchilaridan biri. Xalil Haqqoniyning akasi, Jaloliddin Haqqoniy tarmoqqa asos solgan. Ular Mulla Muhammad Umar boshchiligidagi «Tolibon» harakatiga 1990 yillarning o‘rtalarida qo‘shilgan.

Abdul Haq Vosiq (razvedka boshqarmasi boshlig‘i vazifasini bajaruvchi)

Abdul Haq Vosiq 1971 yilda janubiy-sharqiy G‘azna viloyatida tug‘ilgan. U 2002 yilda suddan tashqari tartibda Guantanamo qamoqxonasiga yuborilgan va 2014 yilning mayida ozod qilingan. Haqqoniy tarmog‘iga aloqador bo‘lgan Vosiq va boshqa to‘rt nafar «Tolibon» a’zolari asirga olingan AQSh harbiysi Bou Bergdalni qaytarish evaziga ozodlikka chiqarilgan.

Tojmir Javod (razvedka boshqarmasi boshlig‘i birinchi o‘rinbosari vazifasini bajaruvchi)

Haqqoniy tarmog‘i rahbari hisoblangan Javod sharqiy Xost viloyatidan bo‘lib, millati — pushtun.

Rahmatulloh Najib (razvedka boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari vazifasini bajaruvchi)

U pushtunlarning gilzay urug‘idan, kelib chiqishi sharqiy Logar viloyatidan.

Mulla Muhammad Fozil (mudofaa vaziri o‘rinbosari vazifasini bajaruvchi)

1967 yilda Uruzgan viloyati Jaher-Sine tumanining Sekzi qishlog‘ida tug‘ilgan Fozil «Tolibon»ning sobiq mudofaa vaziri bo‘lgan. 2002 yilda AQSh uni dushman jangchisi deb tasniflagach, Kubadagi Guantanamo qamoqxonasiga yuborilgan. Asirga olingan AQSh harbiysi Bou Bergdalni qaytarish evaziga Fozil va boshqa to‘rt nafar «Tolibon» a’zolari, jumladan, Xayrulloh Xayrxva, Abdul Haq Vosiq, Nurulloh Nuri va Muhammad Nabi Umari ozodlikka chiqarilgan.

Mulla Abdul Haq Vosiq (ichki ishlar vazirining giyohvandlikka qarshi kurash bo‘yicha o‘rinbosari vazifasini bajaruvchi)

Kelib chiqishi G‘aznadan, millati pushtun bo‘lgan Vosiq ma’lumotini Pokistonda tugatgan. Birinchi «Tolibon» rejimi vaqtida razvedkachi yordamchisi sifatida xizmat qilgan. AQSh harbiylari uni 2001 yil G‘aznada hibsga olgan va Guantanamo qamoqxonasiga yuborgan. 12 yil qamoqda saqlangan Vosiq mahbuslarni almashish tartibida ozod qilingan. Vosiq ham «Tolibon»ning muzokara guruhidan joy olgan.

Sher Muhammad Abbos Stanikzay (tashqi ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi)

Harbiy tayyorgarlikni 1970 yillarda Hindistonda o‘tagan Stanikzay «Tolibon»ning avvalgi rejimi vaqtida vazir o‘rinbosari vazifasigacha ko‘tarilgan va keyinroq Dohada tinchlik bo‘yicha bosh muzokarachi boshlig‘i vazifasida faoliyat olib borgan. 58 yoshli bu pushtunning kelib chiqishi Stanekzay urug‘idan.

Nur Jalol (ichki ishlar vaziri o‘rinbosari vazifasini bajaruvchi)

Pushtunlarning shinvari urug‘idan bo‘lgan Nur Jalol Nangarhar viloyatining Jalolobod tumanida yashaydi, asli 1969 yilda Kunar viloyatining Shegal tumanida tug‘ilgan.

Zabihulloh Mujohid (axborotlashtirish va madaniyat ishlari vaziri o‘rinbosari vazifasini bajaruvchi)

«Tolibon»ning matbuot kotibi bo‘lgan Mujohidning millati pushtun, Qandahordan.

Mulla Hidoyatulloh Badriy (moliya vaziri vazifasini bajaruvchi)

Badriyning millati pushtun, Janubiy Helmand viloyatining Sangin tumanida tug‘ilgan. U yerda o‘tgan 20 yil ichida «Tolibon» AQSh va Buyuk Britaniyaga qarshi og‘ir janglar o‘tkazgan.

Mavlavi Nurulloh Munir (ta’lim vaziri vazifasini bajaruvchi)

Munir ham Paktiyadan bo‘lgan pushtun.

Mulla Muhammad Yunus Oxundzoda (chekka hududlarni qayta tiklash va rivojlantirish vaziri vazifasini bajaruvchi)

Oxundzoda Qandahorning Shoh Vali Kot tumanidan, millati pishtun.

Mulla Abdul Mannon Umari (jamoat ishlari vaziri vazifasini bajaruvchi)

Umari Qandahorda tug‘ilgan, pushtunlardan. «Tolibon»ning birinchi oliy rahbari Mulla Muhammad Umar Oxundzodaning kuyovi. Umari harakatning Dohadagi tinchlik bo‘yicha muzokarachilaridan biri.

Mulla Hamidulloh Oxundzoda (aviatsiya va transport vaziri vazifasini bajaruvchi)

Oxundzoda, birinchi «Tolibon» hukmronligi davrida Ariana Afghan Airlines davlat aviakompaniyasining rahbari bo‘lgan, Helmandning Chor Chiney tumanidagi Sarpolad qishlog‘ida tug‘ilgan. Millati pushtun.

Ahmad Jon Ahmad (ma’muriyat ishlari rahbari vazifasini bajaruvchi)

Ahmad, aholining ko‘pchilik qismini pushtunlar tashkil etuvchi G‘azna viloyatidan.

Shayx Muhammad Xolid (rag‘batlantirish, axloqqa yo‘naltirish va jinoyatlarning oldini olish bo‘yicha vazir vazifasini bajaruvchi)

Shayx Muhammad Xolid haqida hozirgacha hech qanday ma’lumot topilmagan.

Oldinroq «Gazeta.uz» toliblarning asosiy yetakchilari va ular haqda nimalar ma’lumligi to‘g‘risida maqolani e’lon qilgan edi.