Respublikachilar Kobuldagi AQSh harbiylari o‘limi sababli Baydenning iste’fosini talab qilishmoqda

AQSh Respublikachilar partiyasi vakillari — qonunchilar Kobuldagi aeroportda sodir bo‘lgan terakt natijasida amerikalik harbiylarning o‘limi sababli AQSh prezidenti Jo Bayden va Pentagon rahbariyatini tanqid qilib, iste’foga qadar javobgarlikka tortishni talab qilishdi. Bu haqda Interfaks xabar bermoqda.

«Noto‘g‘ri rejalashtirish oqibatida hujumlar sodir etilishiga yo‘l qo‘yganlardan boshlab, javobgarlikka tortish vaqti keldi. Jo Bayden, Kamala Xarris, Entoni Blinken, Lloyd Ostin va Mark Milli iste’foga chiqishi yoki impichment qilinishi va lavozimidan chetlatilishi kerak», deb aytilmoqda senator Marsha Blekbern bayonotida. Respublikachi Elis Stefanik «Jo Baydenning qo‘llari qonga belangan» deb Twitter’da yozdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Kobul aeroportidagi terakt va u yerdagi amerikaliklarning o‘limi oliy bosh qo‘mondon bo‘lib qola olmaydigan «Baydenning qobiliyatsiz va zaif rahbarligi» natijasida mumkin bo‘lgan.

Respublikachi-senator Todd Yang o‘z bayonotida shunday yozgan: «Bu jasur harbiy xizmatchilar amerikaliklar va begunoh afg‘on ittifoqchilarini evakuatsiya qilish uchun qo‘lidan kelganini qildilar. Afsuski, ularning qahramonona harakatlariga prezident Jo Bayden va uning ma’muriyati putup yetkazdi». Uning qo‘shimcha qilishicha, «Amerika xalqi o‘z qo‘mondoni hukmlarida bu xatolarga dosh berolmaydi va dosh berolmasligi kerak».

Biroq ba’zi respublikachilar siyosiy dividendlarni qo‘lga kiritish emas, balki ayni damda birlashish zarur deb o‘ylashmoqda. «Ba’zilar bu lahzani siyosiy ochko olish uchun ishlatishi mumkin bo‘lsa-da, hozir buni qilish vaqti emas. Men amerikaliklarni birlashishga chaqiraman. Prezident Bayden ham harakat qilishi, bizga kerak bo‘lgan bosh qo‘mondon bo‘la olishi va dunyoga bunday yovuz hujumlarga toqat qilmasligimizni ko‘rsatishi kerak», deyiladi senator Kevin Kramer bayonotida.

Jo Bayden 13 nafar amerikalik harbiy halok bo‘lgan Kobuldagi portlashlar uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga olgan ISHID rahbarlari va obyektlariga zarba berishni buyurdi. «Biz kechirmaymiz. Biz unutmaymiz. Biz sizni qidirib topamiz va javob berishga majbur qilamiz», — dedi u.


Efiopiyada separatistlar 210 nafar tinch aholini o‘ldirdi

O‘tgan hafta Efiopiya g‘arbida «Oromo ozodlik armiyasi» separatistlar guruhi jangarilari tomonidan tinch aholi obyektalariga uyushtirilgan hujumlar natijasida kamida 210 kishi halok bo‘ldi. Ma’lumotlarga ko‘ra, qurolli separatistlar guruhi 18 avgust kuni g‘arbiy Oromiya shtatidagi Jida Kiremu tumani aholisiga hujum qilib, 150 kishini o‘ldirgan. Ertasi kuni jangarilar bu hududga yangi hujum uyushtirdilar, natijada yana 60 kishi halok bo‘ldi. Ta’kidlanishicha, jangarilar tomonidan uyushtirilgan hujumlar «etnik xarakterga» ega bo‘lgan.

Ta’kidlanishicha, Oromo ozodlik frontining harbiy qanoti bo‘lgan «Oromo ozodlik armiyasi» ko‘pincha mustaqil ishlaydi. Ular Efiopiyaning Oromiya shtati tomonidan mustaqillikka erishishni o‘z maqsadi deb ma’lum qilgan. Federal hukumat «Oromo ozodlik armiyasi»ni terrorchi tashkilot deb e’lon qildi. — TASS (AFP).


Iroq chet elga noqonuniy olib chiqilgan 200 mlrd dollarni qaytarishni rejalashtirmoqda

Iroq hukumati chet elga noqonuniy olib chiqilgan 200 mlrd dollarni, shu jumladan sobiq prezident Saddam Husaynning mulklarini mamlakatga qaytarishga harakat qilmoqda. Bu haqda mamlakat moliya vaziri Ali Alaviy ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, «bir vaqtlar Iroqdan 150 dan 200 mlrd dollargacha kontrabanda orqali olib chiqilgan, shundan atigi 5 foizi sobiq rejim puli».

«Biz ularni qaytarish uchun boshqa davlatlar va xalqaro sudlar bilan hamkorlik qilishimiz kerak, bu esa juda qiyin vazifa», deb aytdi u. Vazirlar Mahkamasi yig‘ilishidan keyin so‘zga chiqqan moliya vaziri, bu mablag‘lar mamlakatning moliyaviy ahvolini yaxshilashda jiddiy yordamchi bo‘lishi mumkinligini, xususan, byudjet taqchilligini qoplash va iqtisodiy islohotlarni amalga oshirish uchun ishlatilishi mumkinligini aniq ko‘rsatdi. Iroqning 2021 yilgi byudjeti parlament tomonidan 90 mlrd dollarga ma’qullandi, byudjet taqchilligi 20 mlrd dollarga baholandi. — TASS (SHAFAQ News).

Avvalroq, chet eldan Iroqqa 17 mingdan ortiq artefakt qaytarilgani haqida yozgan edik.


Afg‘oniston mojarosi bo‘yicha so‘nggi xabarlar:

Mamlakatdagi vaziyat:

  • «Tolibon» harakatining Qatardagi siyosiy idorasi vakili Muhammad Sohail Shohinning ma’lum qilishicha, «qo‘lida tegishli hujjatlari bor afg‘on fuqarolari Kobul aeroportining fuqarolik qismi ochilgandan so‘ng mamlakatdan erkin chiqib ketishlari mumkin bo‘ladi». Shu bilan birga, Shohin aeroport qachon ochilishi haqida ma’lumot bermadi.
  • «Tolibon» omma oldida musiqa ijro etishni taqiqlamoqchi, deya xabar bermoqda Meduza harakat matbuot kotibi Zabihulloh Mujohidga tayanib. «Musiqa Islomda taqiqlangan. Lekin biz umid qilamizki, biz odamlarni ularga bosim o‘tkazishning o‘rniga, bunday ishlarni qilmaslikka ishontira olamiz», — dedi Mujohid. Harakat vakili, shuningdek, 90 yillarda kabi, ayollar uyda qolishga majbur qilinmasligini va’da berdi. Mujohid, shuningdek, uydan chiqayotganda ayollarga erkak-vasiy hamroh bo‘lishi kerakligi haqidagi da’volarni asossiz deb atadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu talab faqat uch kundan ortiq bo‘lgan sayohatlar uchun amal qiladi. «Agar ular maktabga, idoraga, universitetga yoki shifoxonaga borsalar, ularga mahram kerak emas», — harakat kotibi. Aytilishicha, Zabihulloh Mujohid Afg‘oniston madaniyat vaziri lavozimiga da’vo qilmoqda.
  • So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, payshanba kuni Kobulda sodir etilgan portlashlarda 170 kishi, jumladan 13 nafar amerikalik harbiy halok bo‘ldi. Qurbonlar orasida «Tolibon»ning 28 nafar vakili bo‘lganligi aytilmoqda. 1000 dan ortiq odam jarohatlangan. «ISHID» Afg‘oniston poytaxtida sodir etilgan terakt uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga oldi.
  • Panjsher viloyatidagi toliblarga qarshilik kuchlarining yetakchisi Ahmad Mas’ud Rossiyaning RBK nashriga intervyu berdi. U o‘zi bilan birga qancha jangchilar borligi, uning tarafdorlari kimlar ekanligi, qo‘shni va boshqa xorij davlatlaridan harbiy ko‘mak olayotgani yoki yo‘qligi hamda G‘ani rejimi nima sababdan bunchalik tez qulagani haqida fikr bildirdi. Qolaversa, Rossiya o‘z manfaatini ko‘zlagan holda toliblarga bosim o‘tkazishi lozimligini ta’kidladi.

Afg‘oniston va dunyo hamjamiyati:

  • AQSh [NATO] sheriklari bilan birgalikda 14 avgustdan buyon Kobul aeroportidan 105 mingga yaqin odamni havo orqali olib chiqishga muvaffaq bo‘ldi. Shuningdek, Italiya tashqi ishlar vaziri Luidji Di Mayo Rim 4,9 ming afg‘onlarni evakuatsiya qilganini aytdi.
  • Germaniya Mudofaa vazirligi Afg‘onistondan evakuatsiya jarayonlarini yakunladi. Hammasi bo‘lib, Germaniya qurolli kuchlari Afg‘onistondan 5,3 mingdan ortiq odamni, shu jumladan kamida 45 mamlakat fuqarolarini evakuatsiya qilib, 37 ta reysni amalga oshirdi. Ispaniya ham Afg‘onistondan evakuatsiya operatsiyasini yakunladi. Ispaniya jami 1,9 ming kishini olib chiqishga muvaffaq bo‘ldi.
  • Norvegiya bundan buyon Kobul aeroporti orqali odamlarni evakuatsiya qila olmasligini ma’lum qildi. Mamlakat Kobuldan jai o‘ndan ortiq reyslarni amalga oshirdi, mingga yaqin odamni olib chiqdi.
  • «Tolibon» Turkiyaga Kobul aeroportining fuqarolik boshqaruvini o‘z qo‘liga olishni taklif qildi, xavfsizlik masalasini esa o‘z zimmasiga oldi. Bu haqda Turkiya prezidenti Toyyip Erdog‘an ma’lum qildi. «Tolibon Kobul aeroportini boshqarishni taklif qildi. Kimga taklif qildi? Bizga. Ular xavfsizlikni ta’minlaymiz deyishdi, lekin bizga ishni boshqarishni taklif qilishdi. Biz hali javob bermadik, qaror qabul qilmadik», — dedi u. Turkiya rahbarining ta’kidlashicha, bunday qaror havo portining xavfsizligini ta’minlash masalasida noaniqlik tufayli qabul qilinmagan.
  • Qozog‘iston hukumati Yevropa Ittifoqi fuqarolarini Afg‘onistondan evakuatsiya qilish uchun respublika ayeroportlarida transport samolyotlariga yonilg‘i quyish imkoniyatini taqdim etdi.
  • Yuzlab britaniyaliklar Afg‘onistondan evakuatsiya qilingan afg‘on qochqinlarini qabul qilishni taklif qilishdi. Qochqinlar uchun maxsus «Rooms for Refugees» onlayn-maydonchasida 998 kishi avgust oyida evakuatsiya qilingan afg‘onlarga yordam berish uchun uy-joy bilan ta’minlashga tayyor ekanliklarini bildirgan. Yana 824 kishi qochqinlarga boshqa maydoncha — «Refugees at Home» orqali xona taklif qilmoqda.
  • Pokiston chegarachilari «Torkham» nazorat-o‘tkazish punkti yaqinida chegarani noqonuniy kesib o‘tayotgan uch nafar afg‘onni otib o‘ldirishdi. Yana besh nafari yaralangan. Aytilishicha, chegarani jami 10 kishi noqonuniy kesib o‘tmoqchi bo‘lgan. «Torkham» chegara punkti Pokiston va Afg‘oniston o‘rtasidagi eng katta chegara punkti hisoblanadi. Ikki mamlakat o‘rtasidagi chegaralararo savdoning asosiy qismi aynan shu joy orqali amalga oshiriladi.

Shuningdek:

  • Qozog‘istonning Jambil viloyati, Qaynar qishlog‘idagi muhandislik o‘q-dorilari saqlanadigan omborlardan birining yonida yong‘in yuzaga kelib, portlashlar ro‘y berdi. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, 9 nafar harbiy xizmatchi halok bo‘lgan, 88 kishi jabrlangan. Taxminan 1200 kishi evakuatsiya qilindi.

Qozog‘iston mudofaa vaziri Nurlan Yermekbayev iste’foga chiqishni rejalashtirmoqda, deya xabar bermoqda Interfaks. «Men o‘zim uchun qaror qabul qildim, men iste’foga ketaman, iste’foni so‘rayman. Va qarorni davlat rahbari qabul qiladi», — dedi vazir. Uning so‘zlariga ko‘ra, u bunday qarorni Jambil viloyatida sodir bo‘lgan voqea to‘g‘risida «eshitgan zahoti» qabul qilgan.

  • May oxirida Nigeriya g‘arbida o‘g‘irlab ketilgan islomiy maktab-internatning o‘nlab o‘quvchilari qo‘yib yuborildi. «O‘quvchilar ozodlikda», — deydi maktab direktori Alhaji Abubakar Alhasan. U aynan qancha odam qutqarilganini aytmadi. Maktab ma’muriyatiga ko‘ra, olti nafar o‘quvchi asirlikda halok bo‘lgan, yana 15 nafari iyun oyida qochishga muvaffaq bo‘lgan. Avvalroq, Nigeriyada qaroqchilar 80 nafar maktab o‘quvchisi evaziga 194 ming dollar talab qilishgani haqida xabar bergan edik. 30 may kuni Nigeriyaning Niger shtatida qurolli shaxslar 200 ga yaqin maktab o‘quvchilarini o‘g‘irlab ketishgan edi. Unda bir kishi halok bo‘lgan.
  • Daniya COVID-19 tufayli joriy qilingan barcha cheklovlarni 10 sentyabrdan boshlab bekor qiladi. «Epidemiya nazorat ostida. Bizda emlash bo‘yicha rekord ko‘rsatkichga erishdik. Shu sababli, 10 sentyabrda biz COVID-19 qarshi kurashish uchun joriy etilgan barcha cheklovlarni olib tashlay olamiz», — dedi mamlakat sog‘liqni saqlash vaziri Magnus Xeunike. Ma’lumotlarga ko‘ra, Daniya aholisining 70 foizidan ortig‘i koronavirusga qarshi to‘liq emlangan.
  • Belarusda Telegram’dagi o‘ndan ortiq kanallar va chatlar ekstremistik deb topildi. Avvalroq xabar berganimizdek, bunday «maqom»dagi kanallar soni 60 tani tashkil etgan edi. O‘tgan yil davomida mamlakatda 200 ga yaqin Telegram kanallari va chatlari ekstremistik deb topilgan edi.