Tashabbusli byudjet bo‘yicha ovoz berish bosqichi boshlandi

Moliya vazirligi tashabbusli byudjet bo‘yicha ovoz berish boshlanganini e’lon qildi. Endilikda fuqarolar mahalliy byudjetni taqsimlashda ishtirok etish, infratuzilmalarni yaxshilash, yo‘llar, maktablar, bolalar bog‘chalari va boshqalarni qurish hamda ta’mirlash bo‘yicha loyihalarga ovoz berishlari mumkin.

Toshkentda Islom taraqqiyot banki guruhining yillik anjumani o‘tkaziladi

O‘zbekiston Islom taraqqiyot banki (ITB) guruhining 2021 yilgi yillik anjumaniga mezbonlik qiladi. Anjuman 31 avgustdan 4 sentyabrgacha Toshkent Xalqaro kongress-markazida bo‘lib o‘tadi.

Xalqaro fan olimpiadalari g‘oliblariga 122,5 mln so‘mdan pul mukofoti topshirildi

Xalqaro nufuzli fan olimpiadalarida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan o‘quvchilarga oltin medal uchun 122,5 mln so‘m, kumush uchun 73,5 mln so‘m va bronza uchun 49 mln so‘mdan pul mukofotlari topshirildi. Shunindek ularning o‘qituvchilariga ham pul mukofotlari taqdim etildi.

“20 yil oldingidek Afg‘onistonni qandaydir ekstremistik kuchlarning qo‘liga bermaslik kerak” — Sodiq Safoyev

Senat raisining o‘rinbosari Sodiq Safoyev mintaqaviy loyihalar orqali Afg‘onistonni mintaqa va jahon bozoriga bog‘lash, u yerdagi iqtisodiyotni rivojlantirish urush ehtimolini kamaytirishini qayd etdi. “Biz ko‘p yillar tayyorlagan Afg‘oniston bilan bog‘liq yirik iqtisodiy loyihalar kechiktirilmasligi kerak”, — dedi u. Shuningdek, Safoyev xalqaro hamjamiyat 20 yil oldingi xatoni takrorlamasligi, Afg‘onistonni ekstremistik kuchlar qo‘liga berib qo‘ymaslik kerakligini ta’kidladi.

DXX tomonidan hududlarda qariyb 4 kg opiy va 10 kg gashish aylanmasi to‘xtatib qolindi

DXX tomonidan Surxondaryo viloyati va Farg‘ona vodiysidan o‘tkazilgan tezkor tadbirlar natijasida 3,8 kg opiy va 9,7 kg gashish giyohvandlik moddalarining aylanmasiga chek qo‘yildi.

IIBB Toshkentdagi tungi “otishma” tovushlarini tug‘ilgan kunlarni nishonlash bilan bog‘ladi

Toshkent shahar IIBB matbuot xizmati poytaxtning turli tumanlarida aholiga eshitilayotgan otishmaga o‘xshash tovushlarni tug‘ilgan kunni nishonlash bilan izohladi.

Toshkentdagi mahalliy reyslar aeroporti vaqtincha yopiladi

19 avgustdan boshlab Toshkent-3 aeroporti noma’lum muddatga yopiladi. Bu xorij fuqarolarining Afg‘onistondan evakuatsiya qilinishi bilan bog‘liq. Mahalliy aviareyslar Toshkent xalqaro aerportidan amalga oshiriladi.

Farg‘onada o‘tgan 7 oyda velosipedchilar ishtirokidagi YTHlar oqibatida 29 kishi vafot etgan

O‘tgan 7 oy davomida Farg‘ona viloyatida velosipedchilar ishtirokida 168 ta YTH sodir bo‘lgan. Oqibatida 29 nafar fuqaro vafot etgan, 142 nafar fuqaro turli darajadagi tan jarohatlarini olgan.

O‘zbekiston afg‘on qochqinlarini qabul qilib, ularni chodirlar shaharchasiga joylashtirdi

O‘zbekiston hukumati Surxondaryoda chodirlar shaharchasini tashkil etdi, u yerda Afg‘onistondan kelgan 100 dan ortiq qochqinlar joylashtirildi. Sputnik Uzbekistan 650 nafar afg‘on askari chegaradagi harbiy poligon yaqinidagi kovid-markaziga joylashtirilgani haqida xabar bermoqda

Terrorchi tashkilotlar bilan aloqada bo‘lgan 7 nafar shaxs qidirilmoqda

Terrorchilik tashkilotlari bilan aloqada bo‘lgan 7 nafar shaxsni qidirish jarayonida ular bilan aloqada bo‘lgan 100 nafarga yaqin kishi so‘roq qilingan. Ulardan bir nechtasida taqiqlangan materiallar aniqlangan. Ulardan biriga nisbatan jinoiy ish ochilib, yana 10 nafariga ma’muriy jazo chorasi tayinlangan.

1 sentyabrdan yo‘l harakati qoidalarini buzganlik uchun jarimalar miqdori oshadi

O‘zbekistonda 1 sentyabrdan boshlab yo‘l harakati qoidalarini buzganlik uchun jarimalar miqdori oshadi. Jumladan, hujjatsiz yurish 270 ming so‘m, “qizil"dan o‘tish 540 ming so‘m, telefonda gaplashish 810 ming so‘m hamda mast holda haydash 6 mln 750 ming so‘m etib belgilanadi.

“Gazeta.uz"da chiqqan maqolalar:

Pedagogik faoliyat huquqi: nima uchun ko‘zi ojiz pedagoglar hali hamon kamsitilmoqda?

O‘zbekistonda inklyuziv ta’limni rivojlantirish uchun ko‘zi ojiz o‘qituvchilarni ta’lim tizimiga jalb etish muhim ahamiyatga ega. Ammo pedagogik faoliyatni amalga oshirishlari uchun ularga teng sharoit va imkoniyatlar yaratilganmi? Abdullo Abduxalilov va Dilmurod Yusupov o‘z tajribalari va pedagogik faoliyatdagi inklyuziyaning muvaffaqiyatli misollari asosida ushbu muammoni o‘rganishdi.

“Ayol sifatida, o‘zimni erkaklar boshlagan siyosiy urushning qurbonidek his qilyapman” — Kobuldagi afg‘on ayoli

“Tolibon” Afg‘oniston poytaxti Kobulni egallaganidan so‘ng, aholi orasida juda katta vahima boshlangan. Mamlakat fuqarolaridan biri, Kobulda istiqomat qiluvchi 24 yoshli universitet talabasi, bolalarga ingliz tilidan dars berib kelgan qiz, “afg‘on ayollarining qo‘zidagi qo‘rquv” va endilikda ularning hayoti qanday o‘zgarishi mumkinligi haqida hikoya qiladi.