31 avgustdan 4 sentyabrgacha Toshkent Xalqaro kongress-markazida ITB guruhining 2021 yilgi Yillik anjumani o‘tkaziladi. Bu haqida ITB ma’lumotiga tayanib, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi xabar qildi.

ITB guruhining 2021 yilgi yillik anjumani «Chora ko‘rish, tiklash, qayta ishga tushirish» shiori ostida o‘tkaziladi. Anjumanda a’zo mamlakatlarga oid barqaror iqtisodiy tiklanish masalalari va institutsional muammolar muhokama qilinishi rejalashtirilgan.

Anjumanda 2000 dan ortiq ishtirokchi, jumladan, a’zo mamlakatlarning hukumat vakillari, moliya, iqtisodiyot, rejalashtirish va xalqaro hamkorlik vazirlari, markaziy banklar rahbarlari va boshqa rasmiylar, ko‘p tomonlama rivojlanish banklari, xalqaro rivojlanish hamjamiyati, OAV va boshqa manfaatdor tomonlar vakillari qatnashishi kutilmoqda.

Anjuman COVID-19 pandemiyasi fonida bo‘lib o‘tayotganligini hisobga olgan holda, tadbir doirasida a’zo mamlakatlarda va jahon miqyosida vaksinalar ommabopligini ta’minlash, pandemiyaning salbiy oqibatlariga qarshi kurashish va iqtisodiyotlarning kompleks tiklanishini rag‘batlantirish mexanizmlari shuningdek, barqaror qo‘shilgan qiymat zanjirlarini tiklash, yoshlarni har tomonlama rivojlantirish, ish o‘rinlarini yaratish va boshqa qator masalalar muhokama qilinishi rejalashtirilgan.

Islom taraqqiyot banki ko‘p tomonlama rivojlanish banki bo‘lib, 45 yil davomida a’zo mamlakatlarda hayot darajasini va sifatini yaxshilashga qaratilgan keng qo‘lamli institutsional yordam berib keladi. Bank to‘rt qit’a bo‘ylab 57 a’zo mamlakatlarni birlashtiradi.