Yanvar-iyul oylari davomida Farg‘ona viloyatida velosipedchilar ishtirokida 168 ta YTH sodir bo‘lgan. Bu haqda IIV YHXBB axborot xizmati xabar berdi.

Mazkur yo‘l-transport hodisalari oqibatida 29 nafar fuqaro vafot etgan bo‘lsa, 142 nafar fuqaro turli darajadagi tan jarohatlarini olgan.

Ta’kidlanishicha, velosipedchilar bog‘liq YTHlarning asosiy qismi tungi vaqtlarda sodir bo‘lgan.

“Chunki tungi vaqtlarda kerakli nur qaytaruvchi jihozlari mavjud bo‘lmagan velosipedlarni haydovchilar ko‘rmasligi natijasida urib yuborish holatlari kuzatilmoqda”, — deyiladi xabarda.

Amaldagi yo‘l harakati qoidalariga ko‘ra, yo‘lda velosiped, aravani boshqarish, miniladigan yoki yuk ortiladigan hayvonlarni haydab o‘tish 14 yoshdan katta bo‘lgan shaxslarga ruxsat etiladi.

Velosiped tovushli ishora moslamasi bilan jihozlangan va tormoz tizimi soz bo‘lishi zarur. Qorong‘i vaqtda va yetarlicha ko‘rinmaslik sharoitida harakatlanish uchun velosipedning old tomoniga oq rangli nur qaytargich va chiroq, orqa tomoniga qizil rangli nur qaytargich va chiroq, yon tomonlariga esa, zarg‘aldoq yoki qizil rangli nur qaytargich o‘rnatilishi kerak.

Velosipedlar yo‘lning chetki o‘ng bo‘lagida imkoni boricha o‘ng tomonidan bir qator bo‘lib harakatlanishiga yo‘l qo‘yiladi. Agar piyodalarga xalaqit bermasa, yo‘l yoqasidan harakatlanishga ham ruxsat etiladi.