DXXning Surxondaryo viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan giyohvand moddalarning noqonuniy aylanmasiga qarshi kurashish doirasida o‘tkazilgan tezkor-qidiruv tadbirida Denov tumani tibbiyot birlashmasida haydovchi bo‘lib ishlovchi, 1984 y.t. shaxs 3 kg. 857 gr. «opiy» moddasi bilan qo‘lga olindi. Bu haqda O‘zA DXX matbuot xizmatiga tayanib xabar berdi.

Tergovga qadar tekshiruv harakatlari davomida giyohvand moddani mazkur shaxsning Tojikistondagi jinoiy aloqalari kontrabanda yo‘li bilan O‘zbekiston hududiga o‘tkazib berganliklari ma’lum bo‘ldi.

Namangan viloyatida o‘tkazilgan tezkor tadbirda Uychi tumanida yashovchi, 1987 y.t. shaxs va uning jinoiy sherigi Farg‘ona viloyati Bag‘dod tumanida istiqomat qiluvchi, 1978 y.t., muqaddam sudlangan fuqaro tomonidan Qirg‘izistondan olib kelingan 6 kg 813 gr «gashish» moddasi protsessual tarzda rasmiylashtirib olindi.

Andijon shahrida o‘tkazilgan tezkor tadbirda esa Qirg‘izistonning O‘sh viloyati Qorasuu tumanida yashovchi, 1983 y.t. Qirg‘iziston fuqarosi va uning jinoiy sherigi bo‘lgan 1959 yilda Qirg‘izistonda tug‘ilgan, Rossiya fuqarosi ushlanib, ulardan 1 kg 413 gr «gashish» moddasi tegishli tartibda rasmiylashtirib olindi. Keyinroq aniqlanishicha, narkotik moddalar kelgusida sotish maqsadida qo‘shni Qirg‘izistondan O‘zbekiston hududiga olib o‘tilgan.

Qo‘qon shahrida yashovchi 1981 y.t. fuqaro noqonuniy yo‘llar bilan boylik orttirish maqsadida Qirg‘izistonning Botken viloyati Qizilqiya shahriga borib, Azamat ismli shaxs bilan uchrashadi va unga 1 kg «gashish» moddasini Farg‘ona shahriga yetkazib berish sharti bilan 2000 AQSh dollari berib, yashash manziliga qaytib keladi.

Oradan ma’lum muddat o‘tib, u «Farg‘ona — Qo‘qon» avtobekatida giyohvand moddani qabul qilib olib, Qo‘qon shahriga ketayotganida DXX xodimlari tomonidan qo‘lga olingan. Ekspertiza xulosasiga ko‘ra, undan protsessual tartibda olingan «gashish» moddasining sof og‘irligi 911 grammni tashkil etdi.

Yana bir holatda, Farg‘ona viloyati Quva tumani hududida to‘xtatilib, tekshirilgan «Gentra» rusumli avtomashina yo‘lovchisi Oltiariq tumanida yashovchi 1974 y.t., muqaddam sudlangan fuqaroning yonida 599 gr. «gashish» moddasi borligi aniqlanib, protsessual tarzda rasmiylashtirib olingan.

O‘tkazilgan tezkor tadbirlar natijasida jami 3 kg 857 gr «opiy» va 9 kg 736 gr «gashish» giyohvand moddalari musodara qilindi.

Hozirda ushbu shaxslarga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishlari doirasida ularning jinoiy aloqalarini aniqlash bo‘yicha zarur chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.