19 avgustdan boshlab mahalliy aviaqatnovlar amalga oshiriluvchi Toshkent-3 aeroporti texnik sabablarga ko‘ra noma’lum muddatga yopiladi. Bu haqda Uzbekistan Airways AJ matbuot xizmati xabar berdi.

Barcha respublika bo‘ylab amalga oshiriluvchi aviaparvozlar Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportidan jadvalga muvofiq bajariladi.

Transport vazirligining xabar berishicha, O‘zbekiston poytaxtdagi aerportning mahalliy terminalini Kobuldan Toshkent orqali tranzit qiluvchi Germaniya, Yevropa ittifoqining boshqa mamlakatlari va Afg‘oniston fuqarolarining to‘xtovsiz evakuatsiyasini ta’minlash uchun ajratgan.

Evakuatsiya qilinganlarning barchasi Germaniyaga ketgunga qadar aeroport tranzit hududida bo‘lishadi, deya aniqlik kiritdi TIV rasmiy vakili.

Bu haqdagi kelishuvga O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyeyov va Germaniya prezidenti Frank-Valter Shtaynmayer o‘rtasidagi telefon muloqoti davomida erishilgan.

Ichki va xalqaro aviaqatnovlarning jadvaliga vaqtinchalik o‘zgartirishlar kiritilishi mumkin.