15 avgust kuni «Tolibon» harakati Afg‘oniston hududlari va chegaralarida o‘z nazoratini o‘rnatganligini e’lon qildi. Ashraf G‘ani qon to‘kilishining oldini olish maqsadida Afg‘onistonni tark etdi. Prezident saroyini qo‘lga kiritgan «Tolibon» harakati a’zolari esa Afg‘oniston Islom amirligi tuzilganini e’lon qilishini ta’kidlagan.

The Guardian nashri Kobuldagi vakiliga tayanib, mazkur voqealar fonida Kobuldagi afg‘on ayoli — talaba qizning kechinmalari yoritilgan maqolani e’lon qildi. «Gazeta.uz» mazkur maqolaning tarjimasini taqdim etadi.

Kobuldagi afg‘on ayoli

Yakshanba kuni erta tongda universitetga dars mashg‘ulotiga ketar ekanman, bir guruh qizlar qizlar yotoqxonasidan tashqariga chopib chiqib kelishdi. Nima gapligini so‘radim. Qizlardan biri «Tolibon Kobulga kirib kelganligi, ular paranjisiz ayollarni kaltaklashlari sabab politsiya ularni evakuatsiya qilayotganligini aytdi.

Hammamiz uy-uyimizga ketishni istardik, biroq jamoat transportidan foydalana olmadik. Haydovchilar bizni mashinalarga olishmasdi, chunki ayollarni tashiganlik uchun javobgarlikni zimmalariga olishni xohlamasdilar. Kobul tashqarisidan bo‘lgan, qayerga borishni bilmay boshi qotgan va ichida qo‘rquv bo‘lgan yotoqxonadagi qizlar uchun ahvol yanada yomonroq edi.

Bu paytda atrofdagi erkaklar qo‘rquvimizdan kulib, qiz va ayollarni masxara qilardilar.

«Boring, chodiralaringizni (burqa) kiying», — dedi bittasi.

«Bu sizlarning ko‘chada o‘tkazgan oxirgi kunlaringiz», — derdi boshqasi.

«Sizlarning to‘rttangizni bir kunda nikohimga olaman», — derdi uchinchisi.

Hukumat idoralari yopilgach, opam uyga yetib olish uchun bir necha kilometr yo‘l bosib shahar oralab chopib kelibdi. «To‘rt yil davomida xalqqa va jamiyatga xizmat qilishimga ko‘maklashgan shaxsiy kompyuterimni ming iztirob bilan o‘chirdim» — dedi u. «Yum-yum yig‘lab ish stolimni tark etdim, hamkasblarim bilan xayrlashdim. Bu oxirgi ish kunim ekanligini sezib turardim».

Men Afg‘onistondagi eng yaxshi universitetlarning ikkitasidan bir vaqtning o‘zida ikkita bakalavr darajasini olish arafasida edim. Noyabrda Afg‘onistondagi Amerika universiteti va Kobul Universitetida o‘qishni tamomlashim kerak edi, lekin bugun tongda ko‘z o‘ngimda hamma narsaning kuli ko‘kka sovurildi.

Bugungi darajamga erishish uchun kechayu-kunduz mehnat qilgandim. Bugun uyga yetib borganimda esa opalarim bilan birinchi qilgan ishimiz ID kartalarimiz (talabalik guvohnomasi nazarda tutilmoqda — tahr.), diplom va sertifikatlarimizni yashirish bo‘ldi. Bu nihoyatda og‘ir edi. Nega aslida faxrlanishimiz kerak bo‘lgan narsalarni berkitishimiz kerak? Endi biz Afg‘onistonda borligimizcha tan olinishga haqli emasmiz.

Men, ayol sifatida, o‘zimni erkaklar boshlagan bu siyosiy urushning qurbonidek his qilyapman. Ortiq qah-qah urib kulolmasligim, sevimli qo‘shiqlarimni tinglolmasligim, do‘stlarim bilan o‘zimiz yoqtirgan kafeda uchrasholmasligimiz, sevimli sariq ko‘ylagimni kiya olmasligim va pushti lab bo‘yog‘imni surolmasligimni his qildim. Ortiq ishga ham borolmayman bir necha yillar mehnat qilib erishmoqchi bo‘lganim — universitet darajasini tamomlashga ham imkonim yo‘q.

Tirnoqlarimni bo‘yashni yoqtirardim. Bugun uyga qaytar ekanman, manikyur qildirish uchun o‘zim kirib turadigan go‘zallik saloniga ko‘zim tushdi. Uning ro‘parasidagi old tarafi chiroyli qizlarning suratlari bilan bezatilgan do‘konni tunda oqlab qo‘yishibdi.

Atrofimda faqat ayollarning qo‘rqinch to‘la yuzlari va ayollardan nafratlanadigan, ularning ta’lim olishi, ishlashi va erkin bo‘lishini yoqtirmaydigan erkaklarning chirkin nigohlari edi. Eng og‘riqlisi, ularning ayrimlari xursand ko‘rinar va ayollarni mazax qilardi. Bugun ular yonimizda turish o‘rniga «Tolibon»ning yonida turib, ularga yanada ko‘proq kuch bag‘ishlashmoqda.

Afg‘on ayollari ularga berilgan kichkina erkinlik uchun ham ko‘p qurbonliklar berishgan. Yetimlikda o‘sib, ta’lim olishim uchun gilam to‘qidim. Ko‘p moliyaviy qiyinchiliklarga uchradim. Lekin kelajagim uchun rejalarim talaygina edi. Hammasi bunday tugashini xayolimga ham keltirmagandim.

Bugun 24 yillik hayotim davomida erishgan hamma narsamni yoqib yuborishimga to‘g‘ri keladiganga o‘xshaydi. Endi Amerika universiteti ID kartasi yoki mukofotlariga egalik qilish xatarli, hatto saqlab qo‘yganimizda ham ulardan foydalana olmaymiz. Afg‘onistonda ish yo‘q biz uchun.

Viloyatlar birin-ketin toliblar qo‘liga o‘tayotgan bir paytda men qizlarga xos go‘zal orzularim haqida o‘ylardim. Onamning «Tolibon» davri va ularning ayollarga nisbatan munosabati to‘g‘risidagi hikoyalarini yodga olib, opalarim bilan kechalari uxlolmay chiqardik.

Yana asosiy huquqlarimizning baridan mahrum bo‘lishimiz va 20 yil orqaga qaytishimizni sira kutmagandim. 20 yil asosiy huquqlarimiz va erkinligimiz uchun kurashgach, endi paranji [kiymaganligimiz] sabab ta’qibga uchrashimiz va shaxsimizni yashirishimiz lozim.

O‘tgan bir necha oyda «Tolibon» viloyatlarda nazoratni o‘z qo‘liga olar ekan, yuzlab odamlar uylarini tashlab, ayollari va qizlarini asrab qolish uchun Kobulga kelishdi. Ular xiyobonlarda yoki ko‘cha-ko‘yda yashab yurishibdi. Men naqd pul, oziq-ovqat va boshqa ehtiyojlar uchun xayriya yig‘ish va tarqatish orqali ularga yordam berayotgan bir guruh Amerika universiteti talabalari safida edim.

Ba’zi oilalarning hikoyasini eshitganimda ko‘z yoshlarimni to‘xtatolmay qoldim. Ulardan biri urushda o‘g‘illaridan ayrilishgan ekan. Kobulga kelish uchun taksiga to‘lashga pullari yo‘q. Shuning uchun yo‘l haqi evaziga kelinlarini berib yuborishibdi. Qanday qilib ayolning qiymati bir martalik yo‘l haqiga teng bo‘lishi mumkin axir?!

Mana bugun «Tolibon» Kobulga yetib kelganligini eshitganimda o‘zimni qul bo‘lish arafasida turganimni his qildim. Ular mening hayotimni istaganlaricha o‘yin qilishlari mumkin.

Ingliz tili o‘qitiladigan markazda o‘qituvchi bo‘lib ishlardim. Endi o‘quvchilar oldida turib, ularga sevimli alifbolarini kuylashni o‘rgata olmasligimni o‘ylashga toqatim yetmayapti. Har safar go‘zal, mittigina o‘quvchi qizlarim maktabni tashlab, uyda o‘tirishlari kerakligi esimga tushsa, ko‘z yoshlarimni tiyolmayapman.