O‘zbekiston Afg‘oniston bilan chegaradosh bo‘lgan Surxondaryo viloyatining Termiz tumanidagi chodirli lagerga 100 dan ortiq afg‘onistonlik qochqinlarni joylashtirdi. Bu haqda «Gazeta.uz» ga lagerdagi tibbiy markazda ishlaydigan shifokorlardan biri xabar berdi.

Sputnik Uzbekistan ma’lumotlariga ko‘ra, qochqinlar soni 150 ga yaqin, ulardan 17 nafari ayollar va bolalar.

Joylashtirishdan oldin ularning barchasi koronavirus infeksiyasiga tekshirilgan — virusni yuqtirganlar aniqlanmagan. Bu odamlarning yashash muddati va keyingi taqdiri haqida hozircha xabar berilmagan.

Bundan tashqari, agentlik xabariga ko‘ra, O‘zbekistonga samolyot orqali kelgan 650 ga yaqin afg‘on harbiylari mahalliy harbiy poligon yaqinidagi kovid-markazida vaqtincha joylashtirilgan.

«Gazeta.uz» O‘zbekiston davlat chegarasini kesib o‘tgan 84 nafar Afg‘oniston harbiy xizmatchisiga tibbiy yordam va vaqtinchalik boshpana taqdim etgani haqida yozgan edi. Bundan tashqari, Bosh prokuratura 585 nafar (umumiy 669 kishi) qurollangan afg‘on askari bo‘lgan 22 ta harbiy samolyot va 24 ta vertolyot mamlakat havo hududini kesib o‘tgani haqida xabar bergan edi (keyinchalik ushbu xabarni oxirigacha tasdiqlanmagan deb atagan).

Iyul oyi oxirida O‘zbekiston DXX Chegara qo‘shinlari «Gazeta.uz»ning so‘roviga javoban Afg‘oniston bilan chegara yaqinida qochqinlar uchun chodirlar shaharchasi qurilayotganligini inkor qilgan edi.