Oliy Majlis Senati raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev «Markaziy va Janubiy Osiyoning o‘zaro bog‘liqligi: poydevori, istiqbolllari, geostrategik ahamiyat» mavzusidagi konferensiyada jurnalistlar savoliga javob berib, Afg‘onistondagi vaziyat bo‘yicha fikr bildirdi.

Sodiq Safoyevning qo‘shimcha qilishicha, birinchi navbatda yirik mintaqaviy loyihalarni amalga oshirish, Afg‘onistonni mintaqaviy va jahon bozorlari bilan bog‘lash, Afg‘onistonning iqtisodiyoti ortishi va barcha xalqlarning farovonligining ortishi ushbu mamlakatdagi urush potensialini kamaytiradi.

«Afg‘onistondagi vaziyat bugun hammamizni bezovta qilmoqda. Bu borada O‘zbekiston rahbari tomonidan qayd etilgan pozitsiya shu bo‘ldiki, Afg‘onistondagi tinchlik bevosita O‘zbekistonning milliy manfaatlariga to‘g‘ri keladi va bundan manfaatdormiz», — deydi u.

Ta’kidlanishicha, Toshkentda bo‘lib o‘tgan iyul konferensiyasining g‘oyalari — mintaqada, yirik makro mintaqada iqtisodiy loyihalarni amalga oshirish, transport yo‘laklarini barpo etish — xalqlarning farovonligiga, bevosita o‘z ulushini qo‘shadi.

«Afg‘onistondagi tinchlik omillaridan biri shundan iborat bo‘lishi mumkinki, biz o‘ylagan, umid qilgan va ko‘p yillar davomida tayyorlangan Afg‘oniston bilan bog‘liq bo‘lgan yirik iqtisodiy loyihalar noma’lum kelajakka kechiktirilishi kerak emas. Agar Afg‘onistonda tinchlik o‘rnatish niyati bo‘lsa, xalqaro hamjamiyat, o‘ylaymanki, ilgari — 20 yil oldin bo‘lgan xatolarni qaytarmasdan, Afg‘onistonni e’tibordan chetda qoldirmay, bu mamlakatni qandaydir ekstremistik kuchlarning qo‘liga bermasdan, o‘z vaqtida shunday bo‘lgan, xalqaro hamjamiyat bo‘lishi kerak», — deydi Sodiq Safoyev.

15 iyul kuni O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Afg‘onistonning endilikdagi sobiq rahbari Ashraf G‘ani bilan uchrashuvda afg‘on mojarosini harbiy yo‘l bilan hal qilishning imkoni yo‘qligi ta’kidlagan edi. Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Afg‘onistonda barqaror tinchlikka erishilishiga faol ko‘maklashishga tayyorligini tasdiqlagandi.

«Bugun Afg‘oniston o‘zining yangi tarixida „tub burilish pallasi“ ni o‘tkazyapti. Biz donishmand afg‘on xalqi umummilliy murosaga erishish yo‘lida o‘zaro kelishuvlarga tayyor ekanini namoyish etishiga aminmiz. Ishonchimiz komilki, bizning mintaqalararo hamkorligimiz, mamlakatda iqtisodiyotni tiklash, tinchlik va barqarorlikni o‘rnatish uchun muhim omil bo‘ladi», — degan edi u Toshkent shahridagi xalqaro konferensiyada.

Eslatib o‘tamiz, 15 avgust kuni «Tolibon» harakati Afg‘oniston hududlari va chegaralarida o‘z nazoratini o‘rnatganligini e’lon qildi. Ashraf G‘ani qon to‘kilishining oldini olish maqsadida Afg‘onistonni tark etdi. Prezident saroyini qo‘lga kiritgan «Tolibon» harakati a’zolari esa Afg‘oniston Islom amirligi tuzilganini e’lon qilishini ta’kidlagan edi.