So‘nggi paytlarda nogironligi bo‘lgan shaxslarga ko‘proq e’tibor qaratilmoqda, bu 28 iyulda O‘zbekistonda Nogironlarning huquqlari to‘g‘risidagi konvensiya kuchga kirganligi bilan ham tasdiqlanmoqda. Bundan buyon Konvensiya davlatimizga nogironlarga barcha inson huquqlari va asosiy erkinliklarini boshqalar bilan teng asosda amalga oshirish uchun barcha zarur sharoitlarni yaratib berish majburiyatini yuklaydi.

Shunday huquqlardan biri «Ta’lim to‘g‘risida"gi qonunning 44-moddasida mustahkamlangan pedagogik faoliyat bilan shug‘ullanish huquqidir. Shuningdek, ushbu qonunning 45-moddasida pedagog xodimlar tarkibining maqomi belgilanadi va ularni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, ularning kasbiy faoliyatini amalga oshirish uchun tashkiliy-huquqiy shart-sharoitlar yaratilishini kafolatlaydi.

I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun oliy o‘quv yurtlariga qabul uchun qo‘shimcha 2% kvota joriy etilgandan so‘ng, 2018−2019 o‘quv yilidan boshlab, pedagogika bo‘yicha diplomga ega bo‘lgan mutaxassislar soni sezilarli o‘sishi kutilmoqda. Biroq, shu bilan birga, turli darajadagi ta’lim muassasalaridagi munosabat va muhit bilan bog‘liq to‘siqlar tufayli ularni pedagogika sohasida munosib ish bilan ta’minlash bo‘yicha keskin muammo yuzaga kelmoqda.

Ko‘zi ojiz abituriyentlarni imtiyozli asoslar bilan oliy o‘quv yurtlariga qabul qilish 2% kvota joriy qilinishidan ancha oldin amalga oshirilayotgan edi va hozirgacha hukumatning alohida qarori bilan tartibga solinadi. Natijada, miqdoriy nuqtai nazardan, ko‘zi ojizlar orasida oliy ma’lumotli odamlar soni boshqa nogironligi bo‘lgan shaxslarga qaraganda ancha ko‘p. Afsuski, oliy o‘quv yurtlarini tugatgandan so‘ng, ko‘zi ojiz bitiruvchilar o‘z mutaxassisligi bo‘yicha ish topishda to‘siqlarga duch kelishadi.

Pedagogik faoliyat ko‘rish qobiliyati cheklangan kishilar uchun ustuvor mutaxassisliklardan biridir. Biroq, milliy ta’lim tizimining turli darajalarida ularning pedagogik faoliyat huquqini amalga oshirish uchun barcha zarur sharoitlar yaratilganmi?

Keling, ko‘zi ojiz pedagoglar uchun mavjud tashkiliy-huquqiy shart-sharoitlarni o‘rganib, bu masalani tahlil qilamiz.

Shartli ravishda biz ko‘zi ojiz pedagoglarni uch turga bo‘lishimiz mumkin: ko‘rish qobiliyati cheklangan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktab-internatlarda ishlaydiganlar; umumiy ta’lim maktablarida ishlaydiganlar; oliy va o‘rta maxsus o‘quv muassasalarida ishlaydiganlar. Bu mutaxassislar guruhlarini alohida ko‘rib chiqamiz.

Maxsus maktablar hammani sig‘diraolmaydi!

Ko‘zi ojiz bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktab-internatlarda bolalar va o‘qituvchilar uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish majburiy tartibda amalga oshiriladigan ishlar sirasiga kiradi. Ko‘zi ojiz o‘qituvchilar faoliyatini samarali olib borishi uchun maktab-internat kotib tayinlaydi. Umuman olganda, bu maktablardagi muhit ko‘zi ojiz pedagoglar uchun eng ijobiy muhitdir, chunki ular bu yerda ko‘rish qobiliyati cheklangan kishilarning mehnat qobiliyati haqidagi salbiy stereotiplarga va xurofotlarga to‘la jamiyatdan himoyalangan o‘z muhitlarida ishlashadi.

Ta’kidlash joizki, ko‘plab pedagogik oliy o‘quv yurtlarini tamomlagan ko‘zi ojiz talabalar aynan bir vaqtlar o‘zlari tahsil olgan maxsus maktablarida ish topishga intilishadi, chunki u yerda ular uchun barcha zarur sharoitlar yaratilgan. Bundan tashqari, maxsus maktab-internat o‘qituvchilari oddiy umumta’lim maktablari o‘qituvchilariga nisbatan ancha ahamiyatli ijtimoiy himoya bilan ta’minlangan.

Lekin maxsus maktablar hammani ham sig‘diraolmaydi! Butun respublika bo‘ylab ko‘zi ojiz va zaif ko‘ruvchi bolalar uchun faqat 14 ta maktab-internat faoliyat ko‘rsatmoqda, ularda 2830 dan ortiq bola o‘qiydi va 823 o‘qituvchi va 606 tarbiyachi ishlaydi. Ko‘zi ojizlar jamiyati ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonda 66 mingdan ortiq ko‘rish qobiliyati cheklangan shaxslar ro‘yxatga olinganini inobatga oladigan bo‘lsak, oliy ta’lim muassasalarining barcha ko‘zi ojiz bitiruvchilarini ixtisoslashtirilgan maktablarda ishga joylashtirishning imkoni yo‘q.

Hozirgi vaqtda nogironligi bo‘lgan bolalarning 26,8 foizi ixtisoslashtirilgan maktablar va maktab-internatlarga qamrab olingan. O‘tgan yili qabul qilingan inklyuziv ta’limni rivojlantirish konsepsiyasida 2025 yilgacha maktab-internatdagi bolalar sonini bosqichma-bosqich 16%ga qisqartirish va umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida o‘qiyotgan nogironligi bo‘lgan bolalarning ulushini hozirgi 16,5% dan 40% gacha oshirish ko‘zda tutilgan.

Agar ko‘zi ojiz bola oddiy maktabga o‘qishga kirsa, u uchun barcha oqilona qulayliklar oldindan tayyorlanishi kerak — qulay formatlardagi (Brayl alifbosida, katta shriftda yoki audio formatida) o‘quv materiallari. Maktabda ko‘rish qobiliyati cheklangan o‘quvchiga individual yordam ko‘rsatadigan malakali o‘qituvchilarning mavjudligi ham muhim ahamiyatga ega.

Ko‘zi ojiz o‘qituvchilar O‘zbekistonda inklyuziv ta’limni rivojlantirish uchun muhim inson resursiga aylanishi mumkin, chunki ular nafaqat ixtisoslashtirilgan pedagogik mahoratga ega (Brayl alifbosida yoki boshqa formatlarda bajarilgan uy vazifalari va nazorat ishlarini tekshirish), balki ko‘zi ojiz va zaif ko‘ruvchi o‘quvchilar bilan bo‘lishadigan hayotiy tajribaga ega. Bundan tashqari, agar ko‘zi ojiz o‘qituvchilar uchun zarur shart-sharoitlar yaratilsa, u holda ular nogironligi bo‘lmagan bolalarga ham ta’lim berishlari mumkin.

Umumta’lim maktablarining eshiklari ochiqmi?

Agar maxsus maktab-internatlar barcha ko‘zi ojiz universitet bitiruvchilarini yollay olmasa, ularning oddiy maktablardan ish qidirishdan boshqa ilojlari yo‘q. Ammo umumiy ta’lim maktablarining aksariyati ilgari bunday tajribaga ega bo‘lmaganligi bois nogironligi bo‘lgan o‘qituvchilarni ishga joylashtirish uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga olishdan qo‘rqishadi. Ba’zilar hatto ko‘zi ojiz kishilar ta’lim muassasalarida umuman ishlamasligi kerakligini ochiq aytishadi.

Xalq ta’limi vazirining 2019 yil 28 dekabrdagi 406-sonli buyrug‘ining 19-bandiga muvofiq, hozirgi vaqtda Xalq ta’limi vazirligi ko‘zi ojiz o‘qituvchilar uchun «tarjimon-kotiba»larni ajratadi: «Ko‘zi ojiz o‘qituvchilar dars beradigan maktablarda har ikkita ojiz o‘qituvchiga 1,0 birlik tarjimon-kotiba ajratiladi. Agar maktabda bitta ko‘zi ojiz o‘qituvchi ishlasa, u uchun 1,0 birlik tarjimon-kotiba belgilanadi».

Shunga qaramay, Xalq ta’limi vazirligining mazkur buyrug‘i bilan ozchilik tanish va uning ba’zi kamchiliklari bor. Birinchidan, hujjatda ko‘rish qobiliyati bo‘yicha qaysi guruh nogironlarigiga ega o‘qituvchilarga bu xizmat ko‘rsatilishini aniq belgilanmagan. Masalan, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi adabiyotshunoslik aspiranturasini tamomlagan, «o‘zbek filologiyasi» yo‘nalishi bo‘yicha diplomga ega mutaxassis Madina Bolliyevaga bir yarim yildan buyon tarjimon-kotiba ajrata olishmayapti.

«Men Toshkent shahrining Mirzo Ulug‘bek tumanidagi 187-sonli umumiy o‘rtata’lim maktabida ishlayman va rus tilida gapiradiganlar uchun o‘zbek tilidan dars beraman. Tarjimon-kotiba berish haqidagi yozma arizamga maktab direktori rozi bo‘ldi va bizning talabimiz tuman XTB moliya bo‘limiga yuborildi. Ular menga tarjimon-kotiba shtatini ajratishdi, lekin keyin ular men ko‘zi ojiz emasligim, balki ko‘rish qobiliyatim zaif bo‘lgani sababli Vazirlik qarori mezonlariga mos kelmasligimni aytishdi», — tushuntiradi ko‘rish bo‘yicha II guruh nogironligi bo‘lgan pedagog Madina Bolliyeva.

Ikkinchidan, tarjimon-kotibalarni tanlash tartibi va mezonlari ko‘rsatilmagan. Ba’zi maktablarda tarjimon-kotibaning oliy ma’lumotli bo‘lishi talab qilingan holatlar bo‘lgan. Lekin qaysi oliy ma’lumotli odam arzimagan maosh bilan tarjimon-kotiba bo‘lib ishlashga rozi bo‘ladi? O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti magistraturasini tugatayotgan ingliz tili o‘qituvchisi, I guruh nogironligi bo‘lgan Dildora Muslimova shunday vaziyatga tushdi.

«Men umumiy ta’lim maktabida ish topmoqchi bo‘lganimda, menga tarjimon-kotibam ingliz tilini biladigan oliy ma’lumotli bo‘lishi lozimligi sharti qo‘yildi. Lekin qanday oliy ma’lumotli odam tarjimon-kotibaning arzimas maoshi bilan ishlashga rozi bo‘ladi? Menimcha, bunday sharoitda hech kim bunday ishga rozi bo‘lmaydi. Shu bahona bilan maktab meni ishga qabul qilishdan bosh tortdi», — deydi Dildora Muslimova o‘z tajribasi haqida.

Ko‘pgina ojiz pedagoglar o‘z ehtiyojlariga qarab tarjimon-kotibalarini mustaqil tanlash imkoniyatiga ega emaslar. Bundan tashqari, «tarjimon-kotiba» so‘zining shakllanishi ham noqulaylik tug‘diradi. Bu ushbu lavozimga faqat ayollar talabgor bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatadi. Shuningdek, tarjimon-kotiba aynan qanday tarjima hizmatlarini ko‘rsatishi noma’lum, chunki ko‘zi ojiz shaxslar yozish va o‘qish uchun Brayl alifbosidan foydalanishadi va boshqa tilda gaplashishmaydi.

Bundan tashqari, «tarjimon-kotiba» shtat lavozimining nomi o‘qish va yozish uchun ko‘rsatiladigan cheklangan xizmatlar turini anglatadi va ko‘zi ojiz pedagoglarga individual hamrohlik qilish esa uning vazifalariga kirmaydi. Biroq, ta’lim muassasalarining binolarda ko‘pincha qulay muhit va oqilona qo‘layliklar yo‘qligi sababli, tarjimon-kotiba bu vazifalarni bajarishi kerak, aks holda o‘qituvchining mehnat qilishi uchun zarur imkoniyatlar yaratilmaydi.

Tarjimon-kotibaga qo‘yiladigan talablar — XTV tushuntirishlari

Xalq ta’limi vazirligi ko‘zi ojiz o‘qituvchilar uchun tarjimon-kotiblarni ajratish tartibi to‘g‘risidagi tushuntirish berish so‘rovimizga javoban, tarjimon-kotiblar ko‘zi ojiz o‘qituvchilarga tibbiy-mehnat ekspert komissiyalari (TMEK) tomonidan berilgan ishlarni bajarish mazmuni, hajmi, sifati va shartlariga qo‘yiladigan talablarga muvofiq mehnat faoliyatini amalga oshirish layoqati bo‘yicha tavsiyasiga (ma’lumotnoma) asosan tuman (shahar) moliya bo‘limlari tomonidan ajratilishini ma’lum qildi.

Boshqacha qilib aytganda, XTVning normativ-xuquqiy hujjatlarda kanday guruh nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun tarjimon-kotibalar ajratilishi aniq belgilanmagan bo‘lib, TMEK tomonidan berilgan tibbiy xulosa tarjimon-kotiba xizmatlari bilan ta’minlashga asos bo‘lar ekan.

Shuningdek, Xizmatchilarning asosiy lavozimlari va ishchilar kasblari klassifikatoriga (XALIKK-2020) «Ko‘zi ojiz mutaxassis kotibi» xizmatchi lavozimi 5505 tartib raqami ostida kiritilganligi haqida XTVdan qo‘shimcha ma’lumot oldik. Unda «Ko‘zi ojiz mutaxassis kotibi» xizmatchi lavozimiga texnik xodim talabi ko‘rsatilgan ekan.

Klassifikatorga ko‘ra, bunday xodimlar «4» kodiga muvofiq tegishli ma’lumotga ega bo‘lishlari kerak: «boshlang‘ich kasbiy ma’lumot va kasbiy tajriba yoki o‘rta-maxsus ta’lim yoki ta’lim muassasalari yoki kasb-hunar ta’limi dasturlari bo‘yicha uzoq muddatli kasbiy tayyorgarlik kurslari yoki validatsiyadan o‘tgan kamida 1 yil davom etadigan kasb-hunar ta’limi dasturlari».

Shu nuqtai nazardan, ba’zi maktablarning ko‘zi ojiz o‘qituvchining tarjimon-kotibasi o‘zi oliy kasbiy ma’lumotga ega bo‘lishi kerakligi haqidagi talablari asossizdir. XALIKK-2020 klassifikatoriga ko‘ra, tarjimon-kotibalar lavozimida, shuningdek, o‘rta maxsus ma’lumotli yoki kasbiy tayyorgarlik kurslarini tamomlagan shaxslar ishlashlari mumkin.

Yaqinda qabul qilingan Xalq ta’limi vazirining 1 iyuldagi 206-sonli buyrug‘ining 17-bandiga binoan tarjimon-kotibaning vazifalari ham tasdiqlangan. Biroq, o‘qituvchilarning maktab ichkarisida va tashqarisida harakatlanishiga individual yordam ko‘rsatish vazifalari kiritilmagan. Bunday vazifalar nogironligi bo‘lgan shaxslarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash tizimi rivojlangan mamlakatlarda odatda shaxsiy yordamchilar bajaradigan vazifalar turiga kiradi.

OTMlar, kollejlar va litseylar eshigi yopiqligicha qolmoqda

Afsuski, xalq ta’limi tizimida amalda bo‘lgan hattoki bunday normativ-huquqiy hujjat Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tizimida yo‘q: tarjimon-kotibalar OTM, kollej va litseylarda faoliyat yuritayotgan yoki yuritishni istagan ko‘zi ojiz pedagoglar uchun ajratilmaydi. Oliy va o‘rta maxsus ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilarini shaxsiy yordamchilar bilan ta’minlash tartibini muvofiqlashtiruvchi qonuniy asos yo‘q.

OTMlar, kollejlar va litseylarning ko‘zi ojiz pedagoglarini qo‘lda sanash mumkin, chunki ularga pedagogik faoliyatni amalga oshirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratilmagan. Ish bilan ta’minlangan kam sonli pedagoglar esa shaxsiy yordamchilari xarajatlarini o‘z maoshidan to‘lashga majbur bo‘lmoqdalar.

Nogironlarning huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyaga asosan oqilona qulayliklarni taqdim etishda rad etish nogironlik belgisi bo‘yicha kamsitish deb hisoblanadi. Shunday qilib, ko‘rish qobiliyati cheklangan o‘qituvchilarning Oliy ta’lim vazirligi tizimida pedagogik faoliyat bilan shug‘ullanish huquqi cheklanmoqda.

Ko‘zi ojiz pedagoglarni oqilona qulayliklar bilan ta’minlashning muvaffaqiyatli amaliyoti misollaridan biri — Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti rahbariyatining yaqinda qabul qilgan ko‘zi ojiz pedagoglarga o‘zlarining tanlovlari asosida shaxsiy yordamchini taqdim etish qaroridir. Biroq, bu amaliyot OTM ma’muriyatining xayrixohligiga bog‘liq bo‘lgan birgina holatdir.

Ko‘zi ojiz o‘qituvchilarning ochiq kamsitilishiga yo‘l qo‘ymaslik va ularning pedagogik faoliyat bilan shug‘ullanish huquqini ta’minlash uchun tizimli choralar ko‘rish zarur. Ko‘zi ojiz pedagoglarni mehnat faoliyatiga jalb qilish ko‘zi ojiz shaxslarni samarali ijtimoiy himoya qilish, shuningdek, inklyuziv ta’limni rivojlantirish va umuman inklyuziv jamiyat yaratish vazifasi bo‘lib xizmat qiladi.

Ta’lim tizimiga ko‘zi ojiz pedagoglarni qanday jalb qilish mumkin?

Ko‘zi ojizlarning katta qismi oliy ma’lumot olishiga qaramay, ularning ko‘pchiligi o‘z salohiyati haqidagi salbiy stereotiplar va oqilona qulayliklarning yo‘qligi tufayli o‘zlarini professional darajada namoyon qila olmayaptilar. Turli darajadagi ta’lim muassasalariga ishga kira olmasligi ko‘zi ojiz pedagoglarning nogironligi bo‘lmagan o‘qituvchilar bilan teng asosda pedagogik faoliyat bilan shug‘ullanish huquqini cheklaydi.

Mazkur muammoni nafaqat ko‘zi ojiz pedagoglar, balki ko‘rish qobiliyati cheklangan barcha kishilar uchun shaxsiy yordamchi (ingliz tilida «personal assistant») xizmatini joriy etish orqali hal qilish mumkin. Shuning uchun, «tarjimon-kotibalar» degan tor tushunchani shaxsiy yordamchilarga o‘zgartirish zarur, chunki bu konsepsiya ularning funksional vazifalarini kengaytirishga va bunday xizmatlarni ko‘zi ojiz va zaif ko‘ruvchi fuqarolarning barcha toifalariga taqdim etishga xizmat qiladi.

Ko‘zi ojiz o‘qituvchilarga ta’lim muassasasi turidan qat’i nazar — maktabgacha ta’lim muassasasi, maktab, o‘rta maxsus yoki oliy ta’lim muassasasi bo‘ladimi, shuningdek davlat yoki xususiy ta’lim muassasasi bo‘ladimi, shaxsiy yordamchilar ajratilishi lozim.

Buning uchun, birinchi navbatda, qonuniy huquq va erkinliklarini amalga oshirish uchun nafaqat ojiz pedagoglarga, balki ko‘rish qobiliyati cheklangan barcha kishilarga ularning ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda shaxsiy yordamchi xizmatlari ko‘rsatishning yagona me’yoriy-huquqiy bazasini takomillashtirish va ishlab chiqish zarur. Masalan, shaxsiy yordamchilarning xizmatlariga hozirda shunga o‘xshash ijtimoiy xizmatlar bilan ta’minlanmagan ko‘zi ojiz OTM talabalari ham muhtoj.

«Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari to‘g‘risida"gi qonunga Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyaga muvofiq «oqilona qulayliklar» ta’rifini, shuningdek «Keksalar, nogironlar va aholining boshqa ijimoiy ehtiyojmand toifalari uchun ijtimoiy xizmatlar to‘g‘risida"gi qonunga «shaxsiy yordamchilar» ta’rifini kiritish zarur. Shuningdek, mazkur xizmat qonun va idoraviy me’yoriy hujjatlarda nogironlarning qaysi toifalari va guruhlariga va qay darajada ko‘rsatilishini aniq belgilash maqsadga muvofiqdir.

Shuningdek, shaxsiy yordamchilar xizmatlarini ko‘rish qobiliyati cheklanganlarga ko‘rsatiladigan davlat xizmatlari ro‘yxatiga kiritish zarur. Shu bilan birga, shaxsiy yordamchilarni mavjud ma’lumotlar bazasidan tanlash imkoniyati bilan davlat byudjeti hisobidan shaxsiy yordamchilar xizmatining kafolatlangan minimal soatlarini qonuniylashtirish kerak.

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Tibbiy va ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish agentligi huzurida shaxsiy yordamchi xizmatining tashkil etilishi nafaqat ta’lim sohasi uchun, balki nogironligi bo‘lgan shaxslar hayotning barcha sohalarida shaxsiy yordamchilarni to‘g‘ri tayyorlash va qayta tayyorlash orqali ko‘rsatiladigan xizmatlar sifatini to‘g‘ri nazorat qilishni ta’minlaydi.

Mualliflarning fikri tahririyat nuqtayi nazarini ifodalamasiligi mumkin.

Abdullo Abduxalilov — Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti Ijtimoiy ish kafedrasi dotsenti, sotsiologiya fanlari nomzodi, O‘zbekiston nogironlar assotsiatsiyasi raisining strategik rejalashtirish bo‘yicha o‘rinbosari.

Dilmurod Yusupov — Sasseks universiteti (Buyuk Britaniya) Taraqqiyot tadqiqotlari instituti doktoranti.