17 avgust kuni Toshkent shahrida nufuzli xalqaro olimpiadalarning g‘oliblari hamda ularning o‘qituvchilarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi, deya xabar bermoqda Xalq ta’limi vazirligi matbuot xizmati.

Tadbirda Xalq ta’limi vazirligi mutasaddilari, Yoshlar ishlari agentligi vakillari, fan olimpiadalari g‘oliblari, ularning ustozlari va ota-onalari ishtirok etdi.

Prezidentining 2019 yil 3 maydagi «Iqtidorli yoshlarni aniqlash va yuqori malakali kadrlar tayyorlashning uzluksiz tizimini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qaroriga asosan O‘zbekistonda fan olimpiadalari g‘oliblarini rag‘batlantirishning yangi tizimi joriy etilgan.

Hujjatga ko‘ra, dunyoda tan olingan matematika (IMO), fizika (IphO), kimyo (IChO), biologiya (IBO), informatika (IOI) xalqaro nufuzli fan olimpiadalarida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan o‘quvchilar va ularning o‘qituvchilari bir martalik pul mukofotlari bilan taqdirlanadi:

  • 1-o‘rin (oltin medal) uchun — o‘quvchiga bazaviy hisoblash miqdorining 500 baravar (122,5 mln so‘m), o‘qituvchisiga — 450 baravar (110,25 mln so‘m);
  • 2-o‘rin (kumush medal) uchun — o‘quvchiga bazaviy hisoblash miqdorining 300 baravar (73,5 mln so‘m), o‘qituvchisiga — 250 baravar (61,25 mln so‘m);
  • 3-o‘rin (bronza medal) uchun — o‘quvchiga bazaviy hisoblash miqdorining 200 baravar (49 mln so‘m), o‘qituvchisiga —150 baravarida (36,75 mln so‘m).

Foto: XTV matbuot xizmati

Iyul-avgust oylarida o‘tkazilgan mazkur xalqaro olimpiadalarida o‘zbekistonlik o‘quvchilar tomonidan jami 10 ta (2020 yilda 6 ta) medal, shu jumladan 3 ta oltin (2020 yilda 1 ta), 2 ta kumush (2020 yilda 4 ta) va 5 ta bronza (2020 yilda 1 ta) medallari qo‘lga kiritildi.

25 iyul — 2 avgust kunlari Yaponiyada o‘tkazilgan 53-Xalqaro kimyo olimpiadasida dunyoning 65 davlatidan 260 nafar o‘quvchi ishtirok etdi. O‘zbekiston terma jamoasidan quyidagi o‘quvchilar 1 ta oltin va 3 ta bronza medallarini qo‘lga kiritdi:

  • Sobirjon Amanov — Toshkent pediatriya tibbiyot instituti qoshidagi akademik litsey o‘quvchisi oltin medal;
  • Firdavs Sobirov — Buxoro shahri 35-maktab o‘quvchisi bronza medal;
  • Durdona Muxtorxo‘jayeva — Ibn Sino maktabi o‘quvchisi bronza medal;
  • Ikromiddin Boymahammadov — Ibn Sino maktabi o‘quvchisi bronza medal.

14−24 iyul kunlari Rossiya tomonidan 62-Xalqaro matematika olimpiadasi o‘tkazildi. Unda dunyoning 110 davlatidan 623 nafar o‘quvchi qatnashib, O‘zbekiston terma jamoasidan:

  • Diyorbek Tolipov — Buxoro viloyati G‘ijduvon tumani 5-ixtisoslashgan matematika maktabi o‘quvchisi kumush medal;
  • Olimjon Olimov — Buxoro viloyati Xalqaro matematika maktabi o‘quvchisi bronza medalga sazovor bo‘ldi.

XTV qayd etishiga ko‘ra, O‘zbekiston o‘quvchilari mazkur olimpiadada so‘nggi bor 2017 yilda kumush medalni qo‘lga kiritgan.

18−23 iyul kunlari Portugaliyada bo‘lib o‘tgan 32-Xalqaro biologiya olimpiadasida dunyoning 76 davlatidan 304 nafar o‘quvchi ishtirok etdi. O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari 2 ta oltin va 1 ta kumush medallarini qo‘lga kiritdi:

  • Xumoyun Norbekov — Jizzax davlat pedagogika universiteti qoshidagi akademik litsey o‘quvchisi oltin medal;
  • Aziza Abduvaliyeva — Toshkent pediatriya tibbiyot instituti qoshidagi akademik litsey o‘quvchisi oltin medal;
  • Yorqinbek Turdiboyev — Navoiy viloyati Navoiy shahri 11-ixtisoslashgan kimyo-biologiya maktabi o‘quvchisi kumush medal.

17−24 iyul kunlari Litvada o‘tkazilgan 51-Xalqaro fizika olimpiadasida dunyoning 73 davlatidan 365 nafar o‘quvchi ishtirok etdi. O‘zbekiston terma jamoasidan Toshkent shahridagi 71-maktab o‘quvchisi Rail Xashayev bronza medal bilan taqdirlandi.

Ma’lumotga ko‘ra, bu O‘zbekiston tarixida fizika xalqaro olimpiadasidagi ikkinchi medal, maktab o‘quvchisining ilk medali.

«Yuqoridagi nomlari keltirilgan nufuzli xalqaro olimpiadalarda g‘olib bo‘lgan o‘quvchilari oliy ta’lim muassasalariga imtihonsiz imtiyozli ravishda qabul qilinadi», — deyiladi Xalq ta’limi vazirligi xabarida.

Bundan tashqari mintaqaviy xalqaro olimpiadalarda 31 ta medallarni (2 ta oltin, 14 ta kumush, 15 ta bronza) qo‘lga kiritdi.

55-Xalqaro Mendeleyev kimyo olimpiadasida ishtirok etgan 7 nafar o‘zbekistonlik o‘quvchilarning barchasi g‘olib deb topildi. 28 ta davlat o‘quvchilari orasida 1 ta oltin, 4 ta kumush va 2 ta bronza medallarini olishga muvaffaq bo‘ldi.

17 — Xalqaro Jautikov olimpiadasida: 13 ta medal — 1 ta oltin, 2 ta kumush hamda 10 ta bronza medal va 6 — Xalqaro Kavkaz matematika olimpiadasida: 5 ta medal — 4 ta kumush va 1 ta bronza medal qo‘lga kiritilgan.

Shuningdek, 27 — Xalqaro matematika musobaqasida o‘zbekistonlik o‘quvchilar yakka tartibdagi olimpiadlarda: 6 ta medal — 4 ta kumush va 2 ta bronza, jamoaviy bahslarda kichik yoshlilar jamoasi 3-o‘rin (4 ta bronza medal), katta yoshlilar jamoasi 2-o‘rinni (4 ta kumush medal) qo‘lga kiritdi.

Tadbir doirasida ushbu olimpiadalarda ham muvaffaqiyatli ishtirok etib, g‘oliblikni qo‘lga kiritgan o‘quvchilarga pul mukofotlari hamda esdalik sovg‘alari topshirildi.