O‘zbekiston Moliya vazirligi «Ochiq byudjet» portalida Tashabbusli byudjet jarayonining 3-bosqich ovoz berish natijalari to‘g‘risida ma’lumot berdi. Gap fuqarolarning 286,56 mlrd so‘m ajratiladigan tashabbuslariga ovoz berish jarayoni haqida ketmoqda.

Tashabbusli yoki partisipator byudjetlashtirish — bu aholining tashabbuslarini hisobga olgan holda byudjet mablag‘larining muayyan bir qismini sarflash bo‘yicha ularning bevosita ishtirokida qarorlar qabul qilish hamda qabul qilingan qarorlarning amalga oshirilishini kuzatish amaliyotidir.

Moliya vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, 16 avgust holatida hududlar kesimida kelib tushgan takliflar soni — 41125 ta. Ushbu bosqich doirasida qabul qilingan va ovoz berish bosqichiga o‘tkazilgan takliflar soni — 21832 ta (53%). Tegishli hududlardagi ishchi komissiya tomonidan rad etilgan takliflar soni esa 19293 ta ya’ni (47%) ga yetdi.

Shuningdek, hududlar kesimida fuqarolar tomonidan berilgan ovozlar soni — 22954 taga yetdi. Shundan, ovoz berish jarayoniga fuqarolar jalb etilgan tuman va shaharlar soni — 189 tani tashkil etmoqda.

3- bosqich ovoz berish jarayonida fuqarolar tomonidan bironta ovoz berilmagan tuman va shaharlar soni — 16 tani tashkil etdi.

«Gazeta.uz» avvalroq «Tashabbusli byudjet» haqida batafsil ma’lumot bergan edi. Mazkur loyiha orqali fuqarolar infratuzilmani yaxshilash, xiyobonlar, bolalar va sport maydonchalari, ichki yo‘llarni qurish, maktablarni ta’mirlash va jihozlash hamda boshqa masalalar bo‘yicha loyihalarni taklif etib, mahalliy byudjetning taqsimlanishida ishtirok etishlari mumkin.

Byudjet shakllanishi jarayonida jamoatchilik ishtirokini kengaytirish maqsadida tuman va shaharlarda tegishli byudjetlarning tasdiqlangan umumiy xarajatlarining 5 foizini jamoatchilik fikri asosida shakllantirilgan tadbirlarni moliyalashtirishga yo‘naltirish bo‘yicha yangi tartib bosqichma-bosqich joriy etiladi. Hozir ushbu tartib O‘zbekistonning har bir viloyatida bitta tuman yoki shaharda joriy qilingan (jami 14), 2022 yil 1 yanvardan boshlab esa bu tartib mamlakatning barcha tuman va shaharlarida joriy qilinadi.

Ovoz berishga qo‘yilgan loyihalarga misollar

Toshkentning Olmazor tumanidagi 18-oilaviy poliklinika filialini 200 million so‘mga rekonstruksiya qilish. Tashabbus 109 ovoz to‘pladi.

Toshkent viloyatining Toshkent tumanidagi 29-maktabda 120 mln so‘m evaziga hojatxona qurish. Ovozlar — 5 ta.

Farg‘ona shahridagi 41-sonli bolalar bog‘chasini 800 mln so‘m evaziga kapital ta’mirlash. Ovozlar — 269 ta.

Navoiy viloyati Karmana tumanidagi «O‘zbekiston» mahallasining Chutqara massivida 500 mln so‘mlik suv quvurlarini almashtirish. Ovozlar — 8 ta.

Barcha tashabbuslar bilan tanishish va ovoz berish uchun havola.