Toshkent shahri hududida o‘tkazilayotgan «Xavfsiz poytaxt» konsepsiyasi doirasida olib borilgan profilaktik tadbirlar davomida, avgust oyida Suriyada faoliyat olib borayotgan xalqaro terrorchilik tashkilotlarining a’zolari sifatida gumon qilinayotgan shaxslar aniqlangan. Bu haqda Toshkent shahar IIBB xabar bermoqda.

7 nafar shaxs xalqaro terrorchilik tashkilotlarining bir guruh a’zolari bilan internet tarmog‘i orqali aloqada bo‘lib kelganlikda gumonlanib, qidiruvga berilgan.

Ular:

  • 1978 yilda tug‘ilgan, Olmazor tumanida istiqomat qilgan Musajonova Feruza Sabitovna;
  • 1981 yilda tug‘ilgan, Shayxontohur tumanida istiqomat qilgan Qosimov Sarvar Odiljonovich;
  • 2001 yilda tug‘ilgan, Uchtepa tumanida istiqomat qilgan Abduqaxorov Abduraxim Abdumalik o‘g‘li;
  • 1993 yilda tug‘ilgan, Yashnobod tumanida istiqomat qilgan Jumabayev Dilshod Murod o‘g‘li;
  • 1999 yilda tug‘ilgan, Mirzo Ulug‘bek tumanida istiqomat qilgan Muxammadbakiyev Abdulaxad Baxtiyor o‘g‘li;
  • 1990 yilda tug‘ilgan, Yunusobod tumanida istiqomat qilgan Ulmasov Mirolim Mirsamuxovich;
  • 2001 yilda tug‘ilgan Sergeli tumanida istiqomat qilgan Sobirjonov Nodir Jaxongir o‘g‘li.

Toshkent shahar IIBB TB ish yurituvida bo‘lgan jinoyat ishi doirasida Olmazor, Shayxontohur, Uchtepa, Yashnabod, Mirzo Ulug‘bek, Yunusobod va Sergeli tumanlari hududidagi 108 ta manzillarda prokuror sanksiyasi asosida tintuv tergov harakati o‘tkazilib, 94 nafar shaxs ichki ishlar bo‘limlariga olib kelindi.

Tadbir davomida, ayrim ushlangan shaxslarning yashash manzillarida o‘tkazilgan tergov-tezkor harakatlar natijasida, ekstremistik oqim va xalqaro terrorchilik tashkiloti targ‘ibotchilarining aqidaparastlik g‘oyalari bilan yo‘g‘rilgan va taqiqlangan materiallar topilib, qonuniy tartibda rasmiylashtirilib olindi.

O‘tkazilgan tadbirlar natijasida 1 nafar shaxsga nisbatan JKning tegishli moddalariga asosan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi hamda 10 nafar shaxsga nisbatan MJtKning tegishli moddalariga asosan ma’muriy jazo choralari tayinlandi. Hozirda tergov-tezkor tadbirlari davom ettirilmoqda.