Fransiyada ko‘chada majburiy niqob taqish rejimi bekor qilindi

Fransiyada 17 iyundan boshlab ko‘chada majburiy niqob taqish rejimi bekor qilindi. Bu haqda mamlakat bosh vaziri Jan Kasteks xabar berdi. Odamlar ko‘p bo‘lgan joylar (do‘konlar, stadion tribunalari), yopiq maydonlar bundan mustasno. Uning ta’kidlashicha, Fransiyada koronavirus bilan bog‘liq vaziyat yaxshilangan. Bundan tashqari, Fransiyada koronavirusga qarshi kurashish doirasida joriy etilgan komendantlik soati 21 iyundan, rejalashtirilgan sanadan 10 kun oldin bekor qilinadi. Kasteksning so‘zlariga ko‘ra, ijobiy ko‘rsatkichlarga asosan mamlakatda muvaffaqiyatli emlash kampaniyasi va aholining bunga mas’uliyat bilan yondashgani sababli erishilgan. — Gazeta.uz

Shuningdek:

  • Shvetsiyada chet elga sayohat qilishda taqdim etilishi mumkin bo‘lgan emlanganligi to‘g‘risida raqamli sertifikat 1 iyuldan boshlab joriy etiladi. Hujjatni elektron shaklda yoki bosma nusxada maxsus davlat veb-sahifasida buyurtma qilish mumkin. Emlanmaganlar xuddi shu tarzda so‘nggi 48−72 soat ichida tasdiqlangan salbiy koronavirus tekshiruvi natijasi yoki antitanachalar borligi to‘g‘risida sertifikat olish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
  • Belgiya Yevropa COVID sertifikatlarini sinov rejimida ishga tushirdi. Ushbu pasportlar Yevropa Ittifoqi aholisiga karantin va PZR test-sinovlarsiz hamjamiyat ichida sayohat qilish imkoniyatini beradi.

Aprel oyida Yevropa komissiyasi 21 iyun kunidan boshlab «raqamli yashil sertifikat» kuchga kirishini e’lon qilgan edi. Yevropa Ittifoqining yettita mamlakati (Bolgariya, Chexiya, Daniya, Germaniya, Gretsiya, Xorvatiya, Polsha) 1 iyundan boshlab emlash sertifikati tizimini ishga tushirayotgani haqida avvalroq yozilgan edi. Tizim Yevropa Ittifoqida 1 iyuldan boshlab qo‘llaniladi.


«Turkiya va Ozarbayjon Qorabog‘ni birgalikda tiklashadi» — Erdog‘an

Turkiya prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an Ozarbayjon bilan birgalikda Qorabog‘ni to‘liq tiklashga tayyorligini e’lon qildi. Bu haqda u 16 iyun kuni Ozarbayjon parlamentidagi nutqida ma’lum qildi. «Biz kecha Qorabog‘da bo‘ldik, u yerda 30 yillik mojarodan so‘ng vayronagarchiliklarni ko‘rdik. Ammo Turkiya va Ozarbayjon hamma narsani birgalikda tiklaydi, yangi Qorabog‘ quradi», — dedi u. Shuningdek, ikki mamlakat rahbarlari 15 iyun kuni Ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi Shusha deklaratsiyasini imzoladilar. Turkiya va Ozarbayjon ikki mamlakat Xavfsizlik Kengashlarining muntazam qo‘shma majlislarini o‘tkazishga, qurolli kuchlari harakatlarini muvofiqlashtirishga va xavfsizlik yoki suverenitetga tahdid bo‘lgan taqdirda bir-birlariga yordam berishga kelishib oldilar. — TASS.

Tog‘li Qorabog‘ atrofidagi ba’zi hududlar Ozarbayjon, Armaniston va Rossiya rahbarlarining 2020 yil 9 noyabrdagi uch tomonlama bayonoti shartlariga binoan Boku nazorati ostiga o‘tgan.


Makao Tayvandagi vakolatxonasini vaqtincha yopadi

Xitoyning Makao (Aomen) hukumati Taybeydagi vakolatxonasi faoliyatini to‘xtatishga qaror qildi. «Tayvandagi Makao savdo-iqtisodiy va madaniy hamkorlik bo‘yicha byurosi 19 iyundan boshlab o‘z faoliyatini vaqtincha to‘xtatadi», deyiladi xabarda. Vakolatxona nima sababdan va qanchaga yopilayotgani haqida ma’lumot berilmagan. — Makao hukumati veb-sahifasi.

Bir oy oldin Gonkong Taybeydagi vakolatxonasini yopgan edi. Rasmiylar Tayvan ma’muriyatini ikki tomonlama munosabatlarga zarar yetkazishda va maxsus ma’muriy hududning ishlariga «aralashishda» ayblagan. Ularningcha, Tayvan Gonkongdagi hukumatga qarshi harakatlarning radikal ishtirokchilariga yordam ko‘rsatgan.


Moskva va Moskva viloyatida majburiy emlash joriy etildi

Rossiyaning Rospotrebnadzori ishlaydigan moskvaliklarning 60 foizini emlashni buyurdi. Majburiy emlash savdo, xizmat ko‘rsatish, umumiy ovqatlanish, uy-joy kommunal xo‘jaligi, transport, ta’lim, sog‘liqni saqlash, aholini ijtimoiy muhofaza qilish sohalarida, shuningdek go‘zallik salonlari, fitness-klublar, teatrlar, kinoteatrlar xodimlariga taalluqli. Xodimlarning 60 foizini emlamagan yuridik shaxslar 1 mln rublgacha jarimaga tortiladi. «Moskva shahrida epidemiologik vaziyat yomon deb baholanmoqda. Aholining jamoat joylariga faol tashrif buyurishi natijasida bemorlarning soni ko‘paymoqda», — deyiladi hujjatda. —  Gazeta.uz

Moskvada epidemiologik vaziyatning yomonlashgani sababli 15−19 iyun dam olish kunlari deb e’lon qilindi, 20 iyunga qadar hayvonot bog‘lari va savdo markazlaridagi fudkortlar yopildi, restoran va kafelar kechki payt ishlamaydi. Talabalar imtihonlarni onlayn topshirishadi. Shunga o‘xshash cheklovlar, faqat dam olish kunlarisiz, Sankt-Peterburgda ham joriy qilindi.


NATO Afg‘oniston kuchlarini o‘qitish uchun bir qator davlatlar bilan muzokaralar olib bormoqda

NATO bir qator davlatlar bilan Afg‘oniston xavfsizlik kuchlarini ular hududlarida o‘qitish imkoniyati to‘g‘risida muzokaralar olib bormoqda. Bu haqda NATO bosh kotibi Yens Stoltenberg ma’lum qildi. «Biz [Afg‘oniston xavfsizlik kuchlarini] mamlakat tashqarisida o‘qitish ustida ishlayapmiz. Biz ba’zi bir aniq mamlakatlarni ko‘rib chiqmoqdamiz. Lekin men hamma narsa nihoyat hal bo‘lguncha potensial mamlakatlarni nomlashdan qo‘rqaman», — dedi bosh kotib. Bundan tashqari, u «Qobul xalqaro aeroporti» faoliyatini saqlab turish uchun «NATO ittifoqchilari ba’zi xizmatlarni davom ettirish uchun mablag‘ ajratishga tayyor» ekanligini yana bir bor tasdiqladi. — TASS.

Avvalroq Pokiston AQShga terrorizmga qarshi operatsiyalarni amalga oshirish uchun o‘z harbiy bazalarini berishdan bosh tortgani haqida xabar bergan edik.


Politsiya bilan to‘qnashuvda 80 dan ortiq falastinliklar jarohatlandi

Quddus, G‘arbiy sohil va G‘azo sektorida Isroil politsiyasi bilan to‘qnashuvda kamida 87 falastinlik jarohatdandi. Ta’kidlanishicha, Quddus va uning atrofida 50 kishi, G‘arbiy Sohilda (Ramalla va Nablus aholi punktlarida) 33 kishi va G‘azo sektori janubidagi Xon-Yunis shahrida yana to‘rt kishi jarohat olgan. Xabarda, shuningdek, Isroil xavfsizlik kuchlari Falastin Qizil yarim oy tashkiloti brigadalarining ishiga to‘sqinlik qilgani aytilmoqda. — Falastin Qizil yarim oy tashkiloti.

Isroil va HAMAS o‘t ochishni to‘xtatishga may oyi oxirida kelishib olgan edi. Isroil va Falastin o‘rtasidagi to‘qnashuvda 300 dan ortiq kishi jabrlangan.


Moldovada Rossiya tarkibiga kirish bo‘yicha referendum o‘tkazish taklif qilindi

«Moldova Vatanparvarlari» siyosiy partiyasi mamlakatning Rossiya Federatsiyasi tarkibiga qo‘shilishi masalasida referendum o‘tkazish tashabbusi bilan chiqdi. «Referendum orqali Moldovadagi saylovchi tarixda birinchi marta mamlakatni yanada rivojlantirish yo‘lini belgilashi mumkin. Moldovaning Rossiyaga qo‘shilishi bizga bir qator afzalliklarni taqdim etadi: Moldovaning hududiy yaxlitligi, shu jumladan Dnestrning chap va o‘ng qirg‘oqlarini birlashtirish, pravoslav qadriyatlarini himoya qilish, moldova tilini, o‘ziga xos va ko‘p millatli tarixni saqlab qolish, energiya manbalari uchun Rossiya tariflarini qo‘llash imkoniyati va chegara, soliqlar, kvotalar va cheklovlarsiz ulkan bozorga kirish imkoniyati» — ta’kidladi partiya rahbari Mixail Garbuz. «Shuningdek, Rossiya Federatsiyasida mavjud bo‘lgan barcha imtiyozlarni» onalik kapitalidan tortib, to ijtimoiy nafaqalarga qadar olish mumkin bo‘ladi", deya qo‘shimcha qildi u. — Interfaks.

Moldova parlamentiga muddatidan oldin saylovlar 11 iyulga belgilangan.


Shuningdek:

  • Ukraina Vazirlar Mahkamasi mamlakatda karantin muddatini 31 avgustgacha uzaytirdi va yangi karantin cheklovlarini joriy etdi. Butun mamlakat bo‘ylab epidemiya xavfining «yashil» darajasi o‘rnatiladi, bunda jamoat transportida va ommaviy tadbirlar paytida niqob rejimi saqlanib qoladi.
  • Rossiya-Xitoy oy stansiyasini 2035 yilgacha qurish rejalashtirilgan. Agentlik tomonidan taqdim etilgan yo‘l xaritasiga ko‘ra qurilish ishlari 2026 yilda boshlanib, 2035 yilda tugaydi. Rossiya-Xitoy ilmiy oy stansiyasi sakkizta oy va ikkita orbital moduldan iborat bo‘ladi.