Yanvarda bo‘lib o‘tgan ta’lim sifati masalalariga bag‘ishlangan matbuot anjumanida so‘zga chiqqan Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi boshlig‘i Ulug‘bek Toshkentboyev davlat buyurtmasi tizimi bilan darsliklar sifatini oshirib bo‘lmasligini ta’kidlagan edi.

Darsliklar sifati to‘g‘risida avval ham ko‘p gapirilgan: ulardagi faktlarning ilmiy nuqtai nazaridan eskirgani, ma’lumotlarning bir-biriga zid kelishi, ayni holatni tasniflashga qarama-qarshi yondashuvlar, nazariya va amaliyot o‘rtasidagi aloqaning mavjud emasligi, ayrim darsliklar bo‘yicha o‘qituvchi uchun metodik ko‘rsatmalarning yo‘qligi pedagoglarning darslikni tushunmay qolishiga olib kelayotgani qayd etilgan.

Bu muammo hattoki Senatda ham muhokama qilindi. «Darsliklarni birgalikda takomillashtiramiz» tanlovi e’lon qilindi va uning shartlaridan biri darsliklardagi xatolar ro‘yxatini tuzish edi. Ushbu tanlov g‘oliblari Xalq ta’limi vazirligi (XTV) tomonidan taqdirlandi ham.

Xuddi shunday vaziyatni xorijdagi yirik darsliklar noshirlari bilan sodir bo‘lishini tasavvur qilib ko‘raylik. Siz qachondir, deylik, Rossiya Maorif vazirligi Federal ro‘yxatiga kiritilgan darsliklardagi xatolarni topish bo‘yicha tanlov e’lon qilgani haqida eshitganmisiz? Yoki maktablar uchun ham darsliklar va qo‘llanmalar chop etuvchi Kembrij universiteti nashriyoti o‘z nashrlarida eng ko‘p xatolarni topgan kishilarni taqdirlaganini? Katta ehtimol bilan yo‘q. Balki, chindan ham, bizda darsliklarni yaratish mexanizmining o‘zida sifatga to‘sqinlik qiladigan nimalardir bordir?

Darsliklar qanday yaratiladi?

Bizga XTV huzuridagi Respublika ta’lim markazidan (RTM) javob berishdi (xat nusxasi tahririyat ixtiyorida mavjud). Unga ko‘ra, darslik va o‘quv-metodik qo‘llanmalarni nashr qilish jarayoni bir qancha hujjatlar asosida tartibga solinadi. Jumladan:

  • Vazirlar Mahkamasining 2004 yil 22 noyabrdagi 548-sonli qarori bilan tasdiqlangan darsliklar va mualliflar tarkibini tanlab olish to‘g‘risidagi nizomlar,
  • Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 5 apreldagi 281-sonli qarori bilan tasdiqlangan muqobil darsliklar to‘g‘risidagi nizom,
  • xalq ta’limi vazirining 2018 yil 26 noyabrdagi 291-sonli «Davlat o‘rta umumta’lim maktablari uchun darsliklar va o‘quv-metodik adabiyotlarni nashr qilish tartiblarini takomillashtirish to‘g‘risida"gi buyrug‘i (hujjat matnini ochiq manbalardan topishning iloji bo‘lmadi).

548- sonli VMQga ilovada keltirilishicha, «o‘quv adabiyotlarini ishlab chiqish uchun mualliflar tarkibi tanlov asosida tanlab olish yo‘li bilan aniqlanadi, xorijiy tillar bo‘yicha darsliklar va o‘quv-metodik qo‘llanmalar bundan mustasno». Tanlov to‘g‘risidagi e’lon OAVda chop etilishi hamda tanlovda eng kamida uchta nomzod ishtirok etishi lozim.

Avvaliga tanlab olish yo‘li bilan mualliflar jamoalari tanlab olinadi, so‘ngra mazkur tanlov g‘oliblari o‘rtasida darslikni yozishga tanlov o‘tkaziladi. RTMdan bizga tushuntirish berilishicha, birinchi bosqichda mualliflar jamoalariga darslik konsepsiyasini taqdim etish va bo‘lg‘usi darslikdagi bir bo‘limning namunaviy matnini ishlab chiqish uchun 30 kun, ikkinchi bosqichda esa tanlov g‘oliblariga darslik qo‘lyozmasini yaratishga 120 kun vaqt beriladi.

XTV saytidan darsliklarni ishlab chiqish bo‘yicha tanlov haqidagi ma’lumotlarni topishning iloji bo‘lmadi. Anonimlik saqlanishini xohlagan XTV vakili muallif bilan shaxsiy suhbatda oxirgi marta bu kabi tanlov qachon o‘tkazilgani, qaysi darslikni yaratish uchun va qancha muallif (mualliflar jamoalari) o‘zaro raqobatlashgani haqidagi savollarga javob berar ekan, bu tanlov 2015 yilda o‘tkazilganini esladi, biroq boshqa tafsilotlarni aniqlashtira olmadi.

Biz XTV portaliga joylashtirilgan darsliklarning elektron nusxalariga nazar tashlab, ularning qaysilari 2015 yilda yangilangan bo‘lishi mumkinligini tushunishga harakat qildik. Ta’lim o‘zbek tilida olib boriladigan maktablarning birinchi sinf uchun darsliklari asosan qayta nashr qilingan — to‘rtinchidan o‘n yettinchi nashrgacha. Ayrim mualliflarning familiyalari to‘rtburchak rom ichiga olingan bo‘lib, bu ularning vafot etganini anglatadi. Darsliklarning vafot etganlar nomidan qayta yozilayotgani va qayta chop etilayotgani haqida Senatning sobiq raisi ham gapirib o‘tgan edi.

Boshqa tillardagi (rus, qoraqalpoq va boshqalar) darsliklar, ona tili, o‘qish va ikkinchi til darsliklarini hisobga olmaganda, odatda o‘zbek tilidan tarjima qilinadi. Boshqa tillardagi asl (tarjima qilinmagan) darsliklar orasida eng «yangilari» tojik, qirg‘iz va qozoq maktablari uchun «Alifbe» bo‘lib chiqdi va ularning barchasi besh martadan qayta nashr qilingan.

Boshqa sinflar darsliklari ham asosan avvalgi darsliklarning qayta nashr qilingan nusxalaridir. 2017 yilda 11 yillik maktab ta’limiga qaytilganidan keyin 10−11-sinflar uchun darsliklar, XTV vakili bo‘lgan suhbatdoshimizning so‘zlariga ko‘ra, Vazirlar Mahkamasining 803-soni farmoyishi (hujjat matnini ochiq manbalardan topishning imkoni bo‘lmadi) asosida tanlov e’lon qilinmagan holda ishlab chiqilgan. 2017 yilda «Adolat» gazetasiga intervyu bergan o‘sha vaqtdagi XTV bosh boshqarmasi boshlig‘i Dilshod Kenjayev ham ushbu farmoyishni tilga olib, 10−11-sinflar darsliklarini yozish uchun mualliflar jamoalari tasdiqlangani haqida to‘xtalgan, biroq u Vazirlar Mahkamasining 548-sonli qarori ko‘zda tutilgan jarayonlarga amal qilinganmi-yo‘q, bunga aniqlik kiritmagan.

Demak, Vazirlar Mahkamasining 548-sonli qarorida tasdiqlangan jarayonlarga har doim ham amal qilinmaydi yoki tanlab-tanlab amal qilinadi, shundaymi? RTMda ishlagan va vaziyatdan bevosita xabardor bo‘lgan boshqa bir suhbatdoshimiz so‘nggi vaqtlarda darslik yoki o‘quv qo‘llanmalarini yozish uchun mualliflarni tavsiya qilish bilan RTM metodistlari va bo‘lim boshliqlari shug‘ullanayotganini ma’lum qildi. U holda amaldagi normativ-huquqiy hujjatlarda belgilangan jarayonlarga qanday qilib rioya etiladi, degan savolimizga javob berarkan, suhbatdoshimiz XTV Vazirlar Mahkamasiga amaldagi tartiblarni bekor qilish to‘g‘risida taklif bilan chiqqanini aytdi, biroq o‘rniga qanday yangi tartib taklif qilinayotganini aniq ayta olmadi.

Maktab darsliklari va o‘quv qo‘llanmalari uchun mualliflarni tanlash mas’uliyati RTM va/yoki XTV xodimlari zimmasida qolayotgan bo‘lsa, ushbu vazifaga ob’ektiv va puxta yondashilishini kafolatlaydigan mexanizmlar ham ishlab chiqilganmi? Bunday holatda bo‘lg‘usi darsliklarning sifati tor doiradagi shaxslarning sub’ektiv fikrlariga bog‘liq bo‘lib qolmaydimi?

Chet tillari bo‘yicha darsliklar masalasida ham qiziqarli holat mavjud. Xuddi o‘sha 548-sonli Vazirlar Mahkamasi qarorida bu kabi dasrliklar uchun mualliflar guruhi Xorijiy tillarni o‘rganishni rivojlantirish bo‘yicha muvofiqlashtiruvchi kengash (prezidentning 2019 yil 9 dekabrdagi 4546-sonli qarori bilan 2020 yil 1 yanvardan tugatildi) tomonidan tasdiqlanishi lozimligi ko‘rsatilgan. O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti muvofiqlashtiruvchi kengashning ishchi organi hisoblanardi. Mazkur OTM huzurida esa Innovatsion metodikalarni rivojlantirish respublika ilmiy-amaliy markazi faoliyat ko‘rsatadi va ushbu markaz xodimlari, o‘z navbatida, «Kids' English» i «Teens' English» kabi yangi ingliz tili darsliklari muallifi hisoblanadi.

Vazirlar Mahkamasining 548-soni qarorida keltirib o‘tilgan tanlov asosida tanlab olish mexanizmida, nazdimizcha, bir qator kamchiliklar mavjud, ularning eng asosiylaridan biri — ekspertlar tomonidan qo‘lyozmalarni shaffof baholash imkoniyatining mavjud emasligi.

Mazkur maqola muallifi bir o‘quv qo‘llanmasi qo‘lyozmasi muhokamasiga guvoh bo‘lgan edi. O‘shanda ekspertlar kamchiliklarni ko‘rsatib o‘tar ekan, o‘z fikrlarini hech narsa bilan asoslashmagan, na nazariyalarga va na tajriba yoki aprobatsiya natijalarini keltirishgan, balki shunchaki «bu yomon, chunki men shunday deb hisoblayman» qabilida yo‘l tutishgan edi. Bir paytlar tanlov jarayoni orqali o‘tgan darslik mualliflaridan birining aytishicha, uning darsligini chop etishning yozilmagan shartlaridan biri uni yozishda qatnashmagan muayyan odamlarni mualliflar ro‘yxatiga kiritish bo‘lgan ekan.

Biroq bu mexanizm hech bo‘lmaganda tashqaridagi odamlarga tanlovda ishtirok etish imkonini bergan. Mualliflar kimlardir tomonidan shunchaki tanlanganida esa, iqtidorli metodist, amaldorga notanish bo‘lsa va kerakli odamlar bilan shaxsan tanish bo‘lmasa, katta ehtimol bilan, mualliflar ro‘yxatiga kirmaydi.

Shunday qilib, mualliflar tayinlandi va ular ishga kirishdi. Ular hech qanday raqobatchilari yo‘qligini bilishadi — mazkur sinf uchun mazkur darslikni faqatgina ular yozishadi. Ular darslik yakunda nashr qilinishini ham bilishadi. Agarda buyurtmachi darslikni sifatsiz deb topsa va uni qabul qilmaslikka qaror qilsa, u istasa-istamasa boshqa darslikka buyurtma berishga ulgura olmaydi. O‘quv yili kutib turmaydi, qaysi amaldor maktablar darsliklar bilan o‘z vaqtida ta’minlanmagani uchun «kaltak yeyish»ni xohlardi? Mana shunday yopiq zanjir paydo bo‘ladi.

Kim tanlaydi?

Londonda men o‘qigan universitet kampusi ortida ulkan kitob do‘koni bor edi, uning ikkinchi qavati to‘liq o‘quv adabiyotlariga ajratilgan edi. Bu yerda muayyan bir fan bo‘yicha bir qancha darsliklarni topish mumkin. Yevropaning boshqa mamlakatlari, masalan, Skandinaviya davlatlari, Italiya, Estoniyada bo‘lgani kabi Angliyada ham «grif» — ta’lim jarayonida muayyan bir darslikdan foydalanish uchun ta’lim vazirligidan ruxsat olish yoki tasdiqlatish talab qilinmaydi. Qaysi darslikdan foydalanib saboq berish tanlovi oxirgi foydalanuvchi — maktablarning ushbu darslik bilan ishlaydigan pedagogik jamoalari ixtiyorida. O‘qituvchining o‘zi u yoki bu darslikning ta’lim standartlarida ko‘rsatilgan maqsadlarga erishishida yordam bera olishi, o‘z sinfining ehtiyojlari va shaxsiy qarashlaridan kelib chiqqan holda qaysi darslik bilan ishlash bo‘yicha qaror chiqaradi.

Mana shu — mijoz uchun kurashdir. Aynan shu narsa nashriyotlarni sifat uchun ishlashga majbur qiladi.

Umuman olganda, tadqiqotchilar darsliklarning nashr etilishiga turlicha yondashadigan mamlakatlarni bir nechta turlarga ajratadilar. Ulardan biri — ta’lim vazirligi jarayonga mutlaqo aralashmaydigan davlatlar: nashriyotchilar darsliklarni ishlab chiqishadi va o‘qituvchilar qaysi darslik o‘zlariga ma’qul kelishini tanlashadi. Darslikdan o‘quv jarayonida foydalanish uchun vazirlikning roziligi talab qilinmaydi. Biz yuqorida bunday davlatlarga misollar keltirdik.

Boshqa bir tur — bu vazirliklar darslik yaratish jarayoniga aralashmaydigan, ammo ekspertizadan o‘tkazadigan va ulardan foydalanish mumkinligi to‘g‘risida xulosa chiqaradigan mamlakatlardir. Xuddi shu har bir fan bo‘yicha turli xil mualliflar va nashriyotlarning darsliklari turli xil bo‘lishi mumkin va tanlov yana foydalanuvchi — ta’lim muassasi o‘qituvchisi (pedagogik jamoasi) ixtiyorida qoladi. Rossiya, Ukraina, Qozog‘iston, ba’zi Yevropa va ko‘plab Osiyo mamlakatlari ushbu tamoyil asosida ishlaydi.

Uchinchi tur — bu bitta fan bo‘yicha faqat bitta darslikka ruxsat beriladigan va odatda vazirliklar ishlab chiqish (nashr etish) jarayonida faol ishtirok etadigan yoki boshqaradigan davlatlardir. Ya’ni, oxirgi foydalanuvchilar uchun tanlov amaldorlar tomonidan amalga oshiriladi. Amaldorlarning foydalanuvchi uchun tanlovni amalga oshirishi, umuman olganda, bu — eng yaxshi tanlov emas. Osiyo mamlakatlarida darsliklarni ishlab chiqish va nashr etish siyosatini o‘rgangan Endi Smart va Shanti Jagannat ta’kidlaganidek, juda kam sonli davlatlargina yuqori sifatli darsliklarni o‘quv adabiyotlariga ixtisoslashgan kuchli tijoriy nashriyotlarsiz ishlab chiqarishga muvaffaq bo‘lgan. Hozirgi vaziyatimizdan kelib chiqib aytishimiz mumkinki, biz bu «ozchilik» mamlakatlar qatoriga kirmasligimiz aniq.

Darslik va ta’lim sifati

Biz maktablarni darsliklar bilan ta’minlashning amaldagi tizimi tarafdorlarining asosiy dalillaridan biri bu «ijtimoiy himoya» ekanligini allaqachon yozgan edik. Aytishlaricha, ijara narxlarining arzonligi ta’limning asosiy tarkibiy qismlaridan biri bo‘lgan darsliklardan barchaning teng foydalanishini ta’minlar emish.

Biroq biz bu bilan barchaning sifatsiz ta’limdan teng foydalanishini ta’minlab qo‘ymayapmizmi? Pulli ta’lim xizmatlari — turli xildagi kurslar va repetitorlik xizmatlariga bo‘lgan talabning yuqori ekani buni tasdiqlamayaptimi? Xalqaro tashkilotlar o‘tkazgan tadqiqotlarning ayanchli natijalariga bir nazar tashlang: boshlang‘ich maktablardagi bolalarning yarmidan kamrog‘i o‘qigan matnlarini tushunadi, o‘quvchilarning yarmigina olgan bilimlarini amaliyotga tatbiq eta oladi.

Hozirgi darsliklar asosan kelgusida maktab o‘quvchisiga kerak bo‘lmaydigan axborotlarni eslab qolish va takrorlashga qaratilgan va XXI asr ko‘nikmalari: axborotlarni izlash, tahlil qilish va baholash, jamoada ishlash, muloqot qilish, yuklatilgan vazifaga ijodiy yondashish kabilarni rivojlantira olmaydi.

O‘zbekiston Ta’lim sektori tahlilida qayd etilishicha, mustaqil fikrlash hamda o‘z intellektual va ijodiy salohiyatini ro‘yobga chiqarishga qodir yoshlarni tarbiyalash maqsadida ta’limda kompetensiyaviy yondashuvga o‘tish uchun darsliklarni yangilash talab qilinadi. Xuddi shu vazifa — darsliklar va o‘quv adabiyotlari sifatini oshirish — jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qilingan 2020 yilgi Davlat dasturi loyihasida ham (237-band) qayd etilgan.

Sifatli darsliklar ta’lim sifatini oshirishda nima uchun bu qadar muhim? Darsliklar o‘qituvchi nimani o‘qitishini va o‘quvchi nimalarni o‘rganishini belgilab beradi. O‘qituvchida sinfga olib kelish uchun darslikdan boshqa o‘quv materiallarini izlash yoki yaratishga vaqt, kuch, xohish yoki tajriba bo‘lmasligi mumkin. Kam daromadli oilalarda darslik bola o‘qishi mumkin bo‘lgan yagona kitob bo‘lishi ham ehtimoldan holi emas. Darsliklar baholash tizimida ham bevosita ta’sir kuchiga ega va test olish bilan shug‘ullanuvchi tashkilotlar ulardan baholash tizimini beliglovchi asosiy vositalardan biri sifatida foydalanishi mumkin.

Va madomiki, maqola avvalida qayd etilganidek, amaldagi mexanizmlar sifatli darsliklarni yaratishga qodir emas ekan, mexanizmning o‘zini o‘zgartirish lozim.

Muqobil darsliklar: bo‘ladimi yoki yo‘q?

2019 yilning aprelida Vazirlar Mahkamasi qarori bilan «Umumta’lim maktablari uchun muqobil darsliklarni yaratish va ulardan foydalanish to‘g‘risida"gi nizom tasdiqlangan edi. Muzlar erib, amaldagi darsliklar monopoliyasiga barham berilganga o‘xshagan edi. Biroq hujjat yanada sinchkovlik bilan o‘rganilsa, «muqobil» darsliklar kelajagi bir qator sabablarga ko‘ra unchalik ham porloq emasligi ko‘zga tashlanadi.

Birinchisi. «Asosiy darslik» va «muqobil darslik» tushunchalarining joriy etilishi. Hujjat matnida «asosiy darslik» tushunchasiga izoh berilmagan bo‘lsa ham, gap XTV tomonidan amaldagi darsliklarning ijara tizimi doirasida ishlab chiqilgan darsliklar haqida ekanini bilish qiyin emas. Ya’ni, bundan XTV tomonidan ishlab chiqilgan darsliklar boshqalaridan ustun qo‘yilgani tushuniladi. O‘qituvchi darslikni tanlaydigan boshqa mamlakatlarda bunday farqlilik mavjud emas — barcha darsliklar teng.

Ikkinchisi. Muqobil darsliklarning original maketlari dastlabki ekspertizadan (9-band), XTV tanlagan ta’lim muassasalarida bir yil davomida tajriba-sinovdan (12-band), XTV rasmiy saytida jamoatchilik muhokamasidan (13-band) o‘tkaziladi va eng kamida 95 ball to‘plashi kerak (15-band). Ayni vaqtda asosiy darsliklar bunday murakkab jarayonlardan o‘tkazilmaydi. Darsliklar sohasida yillar davomida monopoliyalar hukm surgan bizning sharoitda o‘quv va o‘quv-metodik adabiyotlarga ixtisoslashgan kuchli noshirlar hozircha shakllanmagan. Shunday ekan, «muqobil» darsliklarni ishlab chiqishga kattagina sarmoya kiritishga tayyor nashriyotlarni topish amri mahol. Chunki bu darsliklar barcha byurokratik to‘siqlarni oshib o‘tish imkoni yo‘qligi sababli javonlarda chang bosib qolib ketishi mumkin.

Uchinchisi. Muqobil darsliklardan foydalanishga qaror qilgan maktablar ularni «ota-onalar, maktab pedagogik jamoalari va homiylik xayriyalari hamda qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan» sotib olishlari kerak. Ayni vaqtda, asosiy darsliklar Respublika kitob jamg‘armasi hisobidan ijara asosida tarqatiladi.

Bizga qozog‘istonlik noshirlarning aytishicha, ularda pedagogik jamoalar qaysi darsliklar bilan ishlashni tanlaydilar, so‘ngra o‘z arizalarini mahalliy ta’lim departamentlariga topshiradilar, departamentlar esa ularning arizalari asosida nashriyotlardan kerakli darsliklarni sotib oladi va ularni maktablar orasida tarqatadilar. Bu tizim ko‘plab mamlakatlarda shunday ishlaydi. Ammo bizda, har doimgidek, «o‘zimizning yo‘limiz» bor.

«Asosiy» va «muqobil» darsliklar uchun bunday noteng shartlarga izoh bergan RTM vakillari buni asosiy darsliklarning allaqachon tayyor ekani hamda o‘z vaqtida saralashning uzun bosqichlaridan o‘tgani bilan asoslashdi. Ularning qo‘shimcha qilishlaricha, ta’lim muassasalarida tajriba-sinovdan muvaffaqiyatli o‘tgan muqobil darsliklar kelgusida asosiy darslikni oradan siqib chiqarishi mumkinligi va o‘shanda uni tayanch darslik sifatida tasdiqlash masalasi o‘rtaga chiqadi.

Bizning fikrimizcha, XTV o‘zining ishchi organi — RTM orqali bir vaqtning o‘zida ham «asosiy» darsliklar uchun mualliflarni tanlash va ularni ishlab chiqarishni tashkil etish, ham mustaqil nashriyotlar va mualliflar tomonidan yaratilgan «muqobil» darsliklarni ekspertizadan o‘tkazish va baholash bilan shug‘ullanishi manfaatlar to‘qnashuvi uchun zamin yaratadi. Aytaylik, siz uskunalar ishlab chiqaruvchilaridan biri bo‘lsangiz va boshqa ishlab chiqaruvchilarning uskunalari sifat standartlariga mos keladimi yoki yo‘qligini hal qilish vakolatiga ham ega bo‘lsangiz, o‘z raqobatchilaringizning bozorga kirishiga yo‘l qo‘ymaslik vasvasasiga qarshi turishingiz juda qiyin.

Bir ozgina tushuntirish. Amaldagi ijara tizimi doirasida yaratilgan va yaratilayotgan darsliklarni nashriyotlarning mulki hisoblanadi, deb aytish mumkin. Rasman olganda — shunday. Biroq nashriyotlar mualliflarni tanlash bilan shug‘ullanmaydi va ularning mazmuniga aralashmaydi. Ularning roli faqatgina mazmunini o‘zgartirmagan holda matnlar musahhihligi, kitoblarni sahifalash va chop etishdan iborat xolos.

Yana bir kichik nyuans. RTMning ma’lum qilishicha, muqobil darsliklarni tayyorlash bo‘yicha talablar va ularni RTMga taqdim etish muddatlarini o‘z ichiga olgan qo‘llanma «Ma’rifat» gazetasining 2019 yil 17 iyuldagi 55-sonida e’lon qilingan. Gazeta adadining cheklanganligini (ushbu nashr faqatgina obuna orqali tarqatiladi) hisobga olsak, nima uchun ushbu xabar elektron OAVlarda, masalan, vazirlik sayti va Telegram-kanalida qaytadan e’lon qilinmadi (yanada aniqrog‘i, ushbu talab qarorning o‘zida ham ko‘rsatib o‘tilgan edi)? Axir qancha ko‘p mualliflar va nashriyotlar xabardor bo‘lsa, shunchalik yaxshi emasmi?

Yana bir holat, darsliklarni nashr qilish davriyligiga ko‘ra, 2-sinf darsliklari uchun muqobil darsliklarni nashr qilish bo‘yicha e’lon berilgan. Mutlaqo tushunarsiz, nima uchun muqobil darsliklarni yaratish va chop etish amaldagi darsliklarni nashr qilish (qayta nashr qilish) muddatlariga bog‘liq bo‘lishi kerak? Agarda noshirlar muqobil darsliklarni o‘z hisoblaridan tayyorlash va chop etishga tayyor bo‘lsalar, u holda nima uchun mahsulotlarini qachon bozorga chiqarishni ularning o‘rniga vazirlik hal qilishi kerak?

Na qarorda, na nizomda darsliklarni baholash mezonlari va qanday qilib muqobil darsliklar tasdiqlanishi uchun talab qilinayotgan 95 balni to‘plashi kerakligi ko‘rsatilmagan. O‘quv adabiyotlarini baholash mezonlari Vazirlar Mahkamasining 548-sonli qaroriga ilovalardan birida ko‘rsatilgan, biroq ularning ayrimlari mutlaqo tushunarsiz va ular turli xil talqin qilinishi mumkin.

Masalan, «davlat ta’lim standartlari, o‘quv rejalari va dasturlariga muvofiqlik darajasi». Ha, darslik davlat ta’lim standartlariga muvofiq bo‘lishi — o‘quvchilarda standartlarda belgilangan kompetensiyalarni shakllantirishga yordam berishi kerak. O‘quv rejalari esa u yoki bu sinfda fanni o‘rganishga necha soat ajratilishini belgilaydi.

Ammo bizda an’anaviy ravishda foydalanib kelinayotgan shakldagi o‘quv dasturi, bu — standartlarda belgilangan maqsadlarga qanday erishish haqidagi darslik mualliflarining shaxsiy qarashlari demakdir (Ya’ni, ta’lim standartlarida belgilangan maqsadlarni har bir darslik muallifi o‘zicha tushunadi va talqin qiladi — tarj.). Unda o‘quvchilarning bilim va ko‘nikmalariga bo‘lgan talablar tafsilotlaridan tashqari, qoidaga ko‘ra, o‘qish uchun mavzular tartiblari hamda har bir mavzu uchun ajratilgan soatlar soni ham qayd etiladi. Biroq, masalan, o‘qituvchi bolaga shartli algoritmli kompyuter dasturini yozishni o‘rgatish maqsadini qo‘ysa, u holda nima uchun ushbu maqsadga erishish yo‘llari (mavzuni o‘tish tartiblari, har bir mavzuga ajratilgan soatlar) barcha uchun bir xil bo‘lishi kerak? Nima uchun turli darslik mualliflari turli xil yo‘llarni taklif qila olmasliklari kerak?

Yoki «O‘qish» (boshlang‘ich sinflarda) va «Adabiyot» (o‘rta sinflarda) kabi fanlar bo‘yicha o‘quv dasturlarida odatda bolalar o‘qishi (tahlil qilishi) kerak bo‘lgan matnlar nomlari keltiriladi.

Nima uchun turli xil darsliklar, tabiiyki, yosh o‘ziga xosliklari va matnlarning badiiy qiymatini hisobga olgan holda turli matnlar misolida muayyan bir o‘qish kompetensiyalarini rivojlantira olmasliklari kerak?

Aftidan, yuqorida keltirilgan muqobil darsliklarni yaratish mexanizmlari mualliflar va noshirlar o‘rtasida ochiq va haqqoniy raqobatni keltirib chiqarmaydi. Va bunday sharoitda darsliklar va o‘quv-metodik adabiyotlarni ishlab chiqish va nashr qilish bo‘yicha butun boshli tizimni yurita oladigan Cambridge University Press, Rossiyaning «Prosveeniye» yoki «Drofa», Qozog‘istonning «Almatы Kitap» kabi haqiqatdan ham kuchli bozor ishtirokchilarining paydo bo‘lishini kutish qiyin.

Yangi mexanizm bo‘yicha takliflar

Bizning fikrimizcha, farzandlarimiz sifatli darsliklar bo‘yicha ta’lim olishlarini istasak, darsliklarni yaratish va nashr etish mexanizmlarini to‘liq qayta ko‘rib chiqish kerak. Quyidagi takliflar o‘z vaqtida xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatovga yozma ravishda taqdim etilgan, ammo uning fikrini bilishning imkoni bo‘lmadi. Shuningdek, ushbu takliflar XTV huzuridagi Innovatsiyalar, texnologiyalar va strategiyalar markazi tomonidan ishlab chiqilgan «Xalq ta’limi sohasidagi g‘oyalar portali«ga yuborildi, ammo bizga noma’lum bo‘lgan sabablarga ko‘ra ular portalda e’lon qilinmadi.

Shunday qilib, takliflar quyidagilar:

— vazirlik mualliflarni tanlash bilan shug‘ullanmasligi, darsliklarning yozilishi va nashr etilishini (ko‘paytirilishini) nazorat qilmasligi kerak — butun bu jarayon boshidan oxirigacha noshirlar ishi bo‘lishi kerak. Nashriyot mualliflarni tanlaydi (yoki aksincha — mualliflar noshirlarni topadilar), noshirlar mualliflar bilan shartnomalar tuzadilar, sifatni boshqarish tizimlarini joriy qiladilar va foydalanadilar, illyustratsiyalar, sahifalash va boshqa masalalar haqida bosh qotiradilar. O‘z obro‘si haqida qayg‘uradigan noshir mahsulotlari sifatli va talabgir bo‘lishi uchun barcha imkoniyatlarini ishga soladi;

— darsliklarni baholash mezonlari aniq, bir xilda talqin qilinadi, barcha uchun tushunarli bo‘lishi kerak, shu bilan birga, ular har qanday fanni o‘qitish metodikasida maqsadlarga erishishning turli yo‘llari bo‘lishi mumkinligini hisobga olish kerak. Ushbu mezonlar batafsil shaklda vazirlik veb-saytida foydalanishga ochiq holda bo‘lishi kerak (mezonlar va baholash varaqalari namunalari YUNESKO tavsiyalarida keltirilgan);

— vazirlik qoshidagi ekspert komissiyalari faqatgina tasdiqlangan mezonlar asosida noshirlar tomonidan yaratilgan darsliklarni tekshirish bilan shug‘ullanishlari kerak. Va agar darslik mezonlarga muvofiq kelsa, u vazirlik grifini (darslikdan o‘quv jarayonida foydalanish uchun ruxsatnoma) oladi. Shu bilan birga, grif oladigan darsliklar soniga sun’iy ravishda cheklovlar qo‘yilmasligi kerak — qancha darslik mezonlarga mos kelsa, shunchasi grif oladi;

— ekspert komissiyasining grif bermaslik qarori batafsil asoslantirilgan bo‘lishi hamda noshirda (mualliflar jamoasida) qarorda ko‘rsatilgan sabablarni bartaraf etishlari va darslikni qaytadan ekspertizaga taqdim etishlari uchun vaqt bo‘lishi kerak. Ekspertlarning maqsadi rad etish emas, balki o‘quv jarayonida darslikdan foydalanishga to‘siq bo‘ladigan muammolarni bartaraf etishga yordamlashishdan iborat bo‘lishi kerak;

— darslikni takroriy ekspertizadan o‘tkazishda birinchi murojaatga berilgan javobda ko‘rsatilmagan sabablarga ko‘ra rad etishga yo‘l qo‘yilmaydi. Noshirlarning ekspertizaga taqdim etgan darsliklari har safar har xil sabablar bilan rad etilavermasligiga ishonchi komil bo‘lishi kerak;

— grif olgan barcha darsliklar bir xil maqomga ega bo‘lishi kerak va ularning ro‘yxati XTV saytida mavjud bo‘lishi kerak (mualliflik huquqi egalarining ruxsati bilan tanishish uchun elektron versiyalarni joylashtirish ham mumkin). Ta’lim jarayonida foydalanish uchun u yoki bu darslikni tanlash to‘g‘risidagi qarorni esa ta’lim muassasalarining pedagogik jamoalari mustaqil ravishda qabul qilishlari kerak;

— noshirlar darsliklarni erkin savdoga chiqarish huquqiga ega bo‘lishlari, kam ta’minlangan oilalar farzandlari uchun esa maktabning kutubxona fondidagi darsliklardan foydalanish yoki Respublika maqsadli kitob jamg‘armasi mablag‘lari yordamida darsliklar to‘plamini ijaraga olish imkoniyati yaratilishi lozim.

Noshirlar va mualliflar o‘rtasidagi erkin, halol, ochiq raqobatgina, bizning nazarimizda, haqiqatan ham yuqori sifatli darsliklarning paydo bo‘lishiga olib kelishi mumkin. Agar biz shu paytgacha imkonsiz ko‘ringan sohalarda ham davlat xaridlari tizimidan voz kechayotgan va ishlab chiqaruvchilarning manfaatdorligini oshirishga harakat qilayotgan bo‘lsak, u holda bizga darsliklar sohasida normal bozor munosabatlarini joriy etishga nima to‘sqinlik qiladi? Aks holda, «yangi avlod darsliklari» haqidagi barcha bayonotlar shunchaki va’daligicha qolib ketaveradi, bundan esa o‘qituvchilar va bolalar aziyat chekadi.

Muallif fikri tahririyat fikridan farq qilishi mumkin.

Komil Jalilov — A.Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida o‘qituvchi. Kolumbiya universitetida (Nyu-York, AQSH) «Pedagogik psixologiya va tillarni o‘qitish metodikasi» yo‘nalishi bo‘yicha va Toshkentdagi Xalqaro Vestminster universitetida «Ta’lim berish va o‘qitish nazariyasi va amaliyoti» yo‘nalishi bo‘yicha malaka oshirgan. JIDU qoshidagi akademik litseyda, Toshkentdagi Xalqaro Vestminster universiteti qoshidagi akademik litseyda, M. Lomonosov nomidagi Moskva davlat universitetining Toshkent filialida ishlagan. London universitet kolleji Ta’lim institutining Chevening dasturi bo‘yicha «O‘quv dasturlarini ishlab chiqish, pedagogika va pedagogik baholash» mutaxassisligi bo‘yicha magistri.