Xalq ta’limi vazirligi tomonidan «Darsliklarni birgalikda takomillashtiraylik» tanlovi o‘tkazildi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.

Tanlovning maqsadi

«Darsliklarni birgalikda takomillashtiraylik» mavzusidagi tanlovning maqsadi keng jamoatchilik vakillari, ya’ni ota-onalar, o‘quvchilar, o‘qituvchilar va mutaxassislar ishtirokida mavjud darslik va o‘quv-metodik adabiyotlardagi kamchiliklarni topish, ularni sifatli darajada chiqishi borasida taklif va mulohazalarni yig‘ish va ularni bartaraf etish yuzasidan hamkorlik qilish.

Tanlovning o‘tkazish tartibi va shartlari

Mazkur tanlov 2019 yilning 15 martidan 15 apreliga qadar o‘tkaziladi. Barcha takliflar, darslikda aniqlangan kamchiliklar ro‘yxati va ular yuzasidan izohlar o‘sha darslik nomini yoki o‘quv-metodik adabiyotning nomini aniq ko‘rsatgan holda (sinfi, nashr etilgan sanasi, qaysi tilda chop etilgan, mualliflari, yuqoridan qatori va sahifasi, bobi, o‘z fikringizni asoslovchi fakt va dalillar bilan birgalikda) tanlov@xtv.uz elektron manzilida qabul qilinadi.

Taklifini jo‘natgan tanlov ishtirokchisi tomonidan bog‘lanish uchun telefon va telegramm raqamlarini va elektron pochta manzilini ko‘rsatishlari, shu bilan birgalikda familiyasi, ismi, otasining ismi, yoshi, hamda kasbiy faoliyati to‘g‘risida qisqacha ma’lumot bilan pasport nusxasi ilova qilinishi so‘raladi. Anonim murojaatlar ko‘rib chiqilmaydi.

G‘oliblar quyidagi mezonlar bo‘yicha aniqlanadi:

— takliflar, darslikda aniqlangan kamchiliklar ro‘yxati va ular yuzasidan izohlar aniq va tushunarli qilib taqdim etilgan;

— chuqur ma’noli, yaxshi tadqiq etilgan, mazmundor taklif va izohlar;

— misollar va ishonarli faktlarga asoslangan taklif va izohlar;

— g‘oyasi aniq ifodalangan, ishonchli va mutaxassislar tomonidan tan olingan manbalarga asoslangan taklif va izohlar;

— taqdim etish shakllarining yangiligi, o‘ziga xosligi va ifodaliligi.

Tanlovga taqdim etilgan taklif va izohlar yetakchi olimlar va mutaxassislar, jamoat tashkilotlari hamda tegishli idoralar vakillaridan iborat hay’at tomonidan baholanadi.

Tanlovda qatnashish istagini bildirgan ota-onalar, o‘quvchilar, o‘qituvchilar va mutaxassislar, jurnalistlar o‘z ishlarini «XTV Tanlovi — Xatosiz darsliklar» belgisi bilan tanlov@xtv.uz elektron manziliga yuborishlari lozim.

G‘oliblarni taqdirlash

G‘oliblar umumta’lim maktablarining 1−11-sinf darsliklari va o‘quv metodik qo‘llanmalaridan eng ko‘p o‘rinli xatolarni topgan hamda eng yuqori ball to‘plagan 3 nafar ishtirokchi (1-, 2- va 3-o‘rin) g‘olib deb topiladi va Xalq ta’limi vazirligi tomonidan pul mukofoti bilan taqdirlanadi.

Tanlov g‘oliblari o‘quv yili yakuni arafasida e’lon qilinadi va ularga pulmukofoti topshiriladi.

Tanlov g‘oliblarini taqdirlashda homiylar jalb qilinishi mumkin.

Yakuniy qoidalar

Tanlovning o‘tish jarayoni va tanlov g‘oliblari ommaviy axborot vositalari orqali keng yoritiladi.

Belgilangan tartibda yuborilmagan ishlar ko‘rib chiqilmaslikka asos bo‘ladi.