Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan France 24 telekanaliga bergan intervyusida mamlakat Kollektiv xavfsizlik shartnomasi (KXSHT)dagi ishtirokini “muzlatib qo‘yganini” ma’lum qildi.

Pashinyan mamlakatga oid kelishuv shartlari bajarilmaganini ta’kidladi. Shuningdek, Rossiyaning Gyumridagi harbiy bazasini yopish masalasi “kun tartibida emas”ligini qayd etdi.

Armaniston yetakchisi bir necha oy oldin Rossiya hukumati “Armaniston aholisini hukumatni ag‘darishga ochiqchasiga chaqirganini” qo‘shimcha qildi. Siyosatchining aytishicha, Rossiyaning shaxsan unga qarshi qaratilgan propagandasi to‘xtamayapti.

Pashinyan intervyuda safarbarlikka jalb qilinmaslik uchun rossiyalik Dmitriy Setrakovning Armanistonda hibsga olinishini “odam o‘g‘irlash” deb atagan. Dmitriy Setrakov dekabr oyida Gyumrida rus harbiylari tomonidan hibsga olingan va shundan so‘ng Rossiyaga olib ketilgandi. Keyinchalik Setrakovga nisbatan jinoiy ish ochilgani xabar qilingan.

“Biz hududimizdagi noqonuniy harakatlarga toqat qila olmaymiz”, — dedi Nikol Pashinyan. U, shuningdek, “Agar Yerevanning talablari javobsiz qolsa, buning, albatta, oqibatlari bo‘lishini” ta’kidladi.

Ma’lumot o‘rnida, avval ittifoqchi sifatida ko‘rilgan Rossiya va Armaniston munosabatlari 2023-yilda sezilarli darajada sovuqlashdi. Armaniston KXSHTning bir nechta tadbirlarida, jumladan, ikki mashg‘uloti va noyabr oyida Minskda bo‘lib o‘tgan tashkilot sammitida ishtirok etmadi.

Moskva tomoni Armanistonni Vladimir Putinni hibsga olishga order bergan Xalqaro jinoiy sudning Rim statutini ratifikatsiya qilgani va AQSh bilan harbiy mashg‘ulotlar o‘tkazgani uchun tanqid qildi. Yerevan tomoni esa Rossiya Armanistonga Tog‘li Qorabog‘ mojarosida yetarlicha yordam bermaganini ta’kidladi.

Armaniston Xalqaro jinoiy sudning Rim statutini ratifikatsiya qilganidan keyin Rossiya Davlat dumasi Armaniston haydovchilik guvohnomalarini mamlakat hududida tan olinishi noma’lum muddatga qoldirgandi.